Tilning amaliy voqelanishi tadqiqi. O‘tgan asr so‘ngida bozor iqtisodiyotining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi, zamonaviy axborot texnologiyalarining ommalashuvi, ilmiy tadqiqotlarning iqtisodiy samaradorligini oshirish dolzarblashib, tilshunoslik ham amaliy vazifalariga – nutq samaradorligi tadqiqiga e’tiborni kuchaytirdi. Natijada fanda sotsiolingvistika, etnosotsiolingvistika, lingvoprag-matika, pragmalingvistika, pragmatika, psixolingvistika kabi nomlar bilan yuritiluvchi yangi tarmoqlari shakllandi. Bu yo‘nalishlarni o‘zida mujassamlashtirgan yangi davr tilshunosligi nutqqa insoniy faoliyat – fikr almashish va o‘zgalarga ta’sir ko‘rsatish, bunyod qilishning asosiy turlaridan biri sifatida yondashib, uning ixchamligi, samaradorligi va ta’sirchanligi, mantiqiyligi tadqiqini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Xususan, bugungi kunda jahon tilshunosligida nutqning faoliyat sifatidagi qiymati hamda uning implikaturalari bo‘lgan ko‘chma va tag ma’nolarni, ochiq ifodalanmagan, lekin ifodalanishi so‘zlovchining maqsadi bo‘lgan ma’lumot-axborotni aniqlash usullari ishlab chiqildi va u tezda ommalashib ulgurdi.
Struktur tilshunoslik, qiyosiy-tarixiy tilshunoslik tilga boshqa hodisalardan, xususan, inson omilidan xoli qilingan “quruq”, statik sistema sifatida munosabatda bo‘lib keldi.
Tilning voqelanishda inson omili bilan bog‘liq ravishdagi nutqiy muloqot jarayonini tadqiq qilish lingvopragmatik va psixolingvistik yo‘nalishning o‘rganish manbaini tashkil etadi. Ma’lumki, nutqiy muloqot o‘nlab – milliy, etnografik, ijtimoiy, falsafiy-madaniy, axloqiy-estetik, tarixiy, maishiy va ruhiy omillarning lisoniy birliklar voqelanishi bilan qorishuvidan iborat dinamik sistemadir. Demak, insonning mental faoliyati bilan bog‘liq ravishdagi hodisalarni tadqiq qiluvchi kulturologiya fanining muhim tarmoqlaridan biri sifatidagi pragmatik tilshunoslik inson sub’ekti va ob’ektivlik (lison)ni qorishiq yaxlitlik sifatida tadqiq qiladi. Zero, nutqda sub’ektivlik va ob’ektivlikni bir-biridan ajratgan holda tadqiq qilish mumkin emas, sistemaviylik yaxlitlik xossasi bilan xarakterlanadi. Demak, nutqiy faoliyat unga yondosh va insonga xos ruhiy, fiziologik, ijtimoiy, ma’naviy, madaniy sistemalar bilan bog‘liqlikda tadqiq etilgandagina nutqiy muloqotning mohiyati ochiladi va individual hodisa sifatidagi nutqqa ob’ektiv baho beriladi.
Ma’lum bo‘ladiki, lisonning nutqiy voqelanishini unga hamrohlik qiluvchi nutqiy paradigmalar (fiziologik, ruhiy, professional, axloqiy, estetik, madaniy, nutq vaziyati – nutq sharoiti, nutq uslubi) qurshovida tekshirish natijasida lisonni modifikatsiya qiluvchi vositalarning ta’siri va roliga baho, nutqning ijtimoiy qiymatiga va ta’sirchanlik – bunyodkorlik ahamiyatigailmiy tavsif beriladi.