Yerning paydo bo‘lishi. Yerning paydo bo‘lishi Quyosh sistemasining paydo bo‘lishi bilan bir
vaqtda sodir bo‘lgan. Shuning uchun ham Quyosh sistemasining paydo bo‘lishiga
tegishli g‘oya va ta’limotlar Yer uchun ham taalluqlidir. Aytilgan g‘oyalar
qo‘shimcha qilib ingliz olimi X.Jefrisning sayyoralar Quyosh gardishiga boshqa
yulduzning kelib urilishi natijasida paydo bo‘lgan degan fikrini, rus olimi
O.Yu.Shmidt va shved fizigi X.Alvinning sayyoralar Quyoshning galaktikadagi
gaz-changli bulutlarga ro‘para kelib, ular orqali o‘tganida gravitatsiya kuchi
ta’sirida moddalarni o‘ziga ergashtirib olishi oqibatida paydo bo‘lgan degan
fikrlarini aytib o‘tish joizdir.
Yer taraqqiyotini bosqichlari Yer taraqqiyotini to‘rtta bosqichga ajratib o‘rganish maqsadga muvofiq.
1. Astronomik bosqich davrida Yer changsimon bulutli zarrachalarning
quyuqlashib sharsimon ko‘rinishga ega bo‘ladi. Bu shaklni protoyer, ya’ni
dastlabki Yer deb atash mumkin. Protoyerning hajmi va zichligi tobora orta boradi.
Gravitatsion zichlikning ortishi, radiaktiv elementlar ajratgan issiqlik protoyer
moddalarining qizishiga olib keladi. Yerning shu davrdagi yoshi 4,6 mlrd yildir.
2. Geologik bosqich davrida moddalar saralona boshlaydi: yengil
elementlar Yer yuzasiga tomon, og‘irlari esa markazi tomon harakatlanadi.
Natijada Yerning ichki qobiqlari paydo bo‘ladi. Yer taraqqiyotining geologik
bosqichi moddalarning differensiatsiyalanishi, vulkanlarning harakati, zilzila va
orogenez jarayonlarining boshlanishi bilan ajralib turadi. Yerning ichki qobiqlari-
yadro, mantiya va yer po‘sti 4 mlrd yil muqaddam shakllanadi. Bu paytda litosfera,
atmosfera va gidrosfera tarkib topadi.
3. Yerning biologik bosqichi. Yerda hayot issiq o‘lkalarning dengiz sohilida
suv muhitida 3,8-3,5 mlrd yil muqaddam paydo bo‘ladi. Organizm dastlab suvda,
keyinchalik asta sekin kuruqlikni egallay boshlaydi. Yerning navbatdagi biosfera
qobig‘i shu tariqa tarkib topadi.
4.
Antronogen bosqich Yerda odamning paydo bo‘lgan davridan
boshlanadi. Tadqiqotchi olimlar dastlabki odamlar 3,5-2 mln yil muqaddam paydo
bo‘lganligini, lekin aqilli inson atigi 40 ming yil avval shakllanganligini
isbotladilar. Hozirgi kunda ilm-fan, texnika bilan qurollangan inson har qanday
geologik kuchga teng bo‘la oladigan qudratli kuchga ega. Insonning tabiatiga
ko‘rsatgan ta’sir darajasini hisobga olib V.I.Vernodskiy Yerimizda sifat va miqdor
jihatdan yangi mazmundagi qobiq-noosfera (aql-idrok qobig‘i) tarkib topganligini
alohida o‘qtiradi.