Innovatsion iqtisodiyot” fanidan O‘quv uslubiy majmua-www.hozir.org
21-MAVZU. SANOAT NAMUNALARI VA SELEKSIYA YUTUQLARI INNOVATSION RIVOJLANISH OB’EKTI SIFATIDA O‘zbekiston Respublikasini “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi Qonun va uning ahamiyati O‘zbekiston Respublikasining “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi qonuni 30.08.1996-yilda qabul qilingan. Ushbu Qonunning maqsadi seleksiya yutuqlarini yaratish, huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
Zot – genetik jihatdan o‘zaro bog‘liq biologik va morfologik xususiyatlari hamda belgilariga qarab aniqlanadigan hayvonlar (shu jumladan parrandalar, hasharotlar, ipak qurti) yoki ularning duragaylari guruhi bo‘lib, bu xususiyatlar hamda belgilarning ayrimlari aynan shu guruhga xos bo‘ladi va uni hayvonlarning boshqa guruhlaridan farqlab turadi. Zot guruhi, zot ichidagi (zonal) tip, zavod tipi, zavod liniyasi, zot oilasi, partenoklonlar, liniyalar, duragaylar zotning muhofaza qilinadigan obektlaridir;
Ish beruvchi – seleksiya yutug‘ini yaratish to‘g‘risida topshiriq bergan va bu topshiriq bajarilishini moliyalashtirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
Litsenziar – seleksiya yutug‘idan foydalanish huquqini litsenziatga litsenziya shartnomasi asosida beruvchi patent egasi;
Litsenziat – seleksiya yutug‘idan foydalanish huquqini litsenziardan litsenziya shartnomasi asosida olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
Nav – o‘simliklar guruhi bo‘lib, u nasldan naslga barqaror o‘tuvchi, muayyan genotip yoki genotiplar kombinatsiyasini boshqalaridan ajratib turuvchi belgilarga qarab aniqlanadi va ayni bir botanik taksondagi boshqa o‘simliklar guruhidan bir yoki bir necha belgilari bilan farqlanadi. Klon, liniya, birinchi avlod duragayi, populyasiya navning muhofaza qilinadigan obektlaridir;
Patent egasi – seleksiya yutug‘iga berilgan patentning egasi;
Seleksiya yutug‘i – o‘simliklarning yangi navi, hayvonlarning yangi zoti;
Talabnomada ko‘rsatilgan seleksiya yutug‘ining sinovlari farqlanish, turdoshlik va barqarorlik mezonlariga moslikni sinashdan iboratdir. Talabnomada ko‘rsatilgan seleksiya yutug‘ining sinovlari ixtisoslashtirilgan tashkilotlar belgilagan usul va muddatlarda, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan davlat nav sinash stansiyalarida, davlat nav sinash uchastkalarida, boshqa tashkilotlarda o‘tkaziladi.
CHet ellik yuridik va jismoniy shaxslar ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlardan O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari bilan teng ravishda yoki kelishuv prinsipi asosida foydalanadilar.