«Bor yoki yoʼq» qonuni. Bu qonuniyatni birinchi boʼlib, G.Boudich baqa yuragini tekshirib kashf etgan. Keyinchalik bu qonuniyat boshqa qoʼzgʼaluvchan toʼqimalarda ham kuzatilgan. Bu qonunga koʼra, taʼsirot boʼsagʼadan past taʼsirotlar qoʼzgʼalishiga sabab boʼlmaydi bu «yoʼq», qonuni boʼsagʼa stimullariga qoʼzgʼalish darhol maksimal kattalikka yetadi, bu «bor» qonuni va taʼsirot yanada kuchaytirilganda ham «effekt» oshmaydi.
Bu qonunga asosan «yoʼq» boʼsagʼadan past stimulga qoʼzgʼalish butunlay kelib chiqmasligini bildiradi, deb faraz qildilar. «Bor» boʼsagʼaga esa qoʼzgʼaluvchan toʼqima potentsial imkoniyatlarini batamom tugatganliginining ifodasi, deb qaraldi. Keyinchalik mikroelektrodlar bilan olib borilgan tadqiqotlar, taʼsir etuvchi stimul kuchi boʼsagʼaga yaqin boʼlganda, shu taʼsirlangan qismida tarqalmaydigan mahalliy (lokal) javob yuzaga chiqishi aniqlandi.
Bundan tashqari, nerv va muskul tolasidagi harakat potentsiali yuksalib yeta oladigan maksimum «bor» ning miqdori ham oʼzgaruvchan emas, qoʼzgʼaluvchan toʼqimalarning funktsional holatiga qarab u maʼlum chegaradan ortib yoki kamayib turadi.Bunga sabab, tirik hujayrada membrana depolyarizatsiyasining taraqqiy etishini faol ravishda toʼxtatib turadigan jaroyonlar roʼy beradi. Birinchidan, inaktivatsiya jaroyoni membrananing Na+ ionlarining oʼtkazuvchanligini kamaytiradi; ikkinchidan, membrananing K+ ionlarining oʼtkazuvchanligining oshiruvchi jaroyon yuz beradi. Membrananing natriy ionlarini oʼtkazuvchanligining ortishiga qanday boʼlmasin toʼsqinlik qilinsa yoki aksincha, kaliy ionlarining oʼtkazuvchanligi osonlashtirilsa, harakat potentsialining amplitudasi kamayadi. Membrananing ionlarni oʼtkazuvchanligi qarama-qarshi tomonga oʼzgarsa, harakat potentsialining amplitudasi ortib ketadi.
Nerv tolasiga kokain, novakain, uretanning kichik miqdorda taʼsir etilganda harakat potentsialining amplitudasi kamayishi bilan bir qatorda, «bor yoki yoʼq» qonuni ham buziladi. Bu shunday ifodalanadiki, nerv tolasining taʼsirotga beradigan javoblari lokal javob bilan normal harakat potentsiali oʼrtasidagi oraliq shakliga kiradi. Intakt nerv tolasida tok kuchi ortganda faqat lokal javoblar ortadi, lekin potentsiallarining amplitudasi taʼsirlovchi stimulning kuchiga bogʼlik boʼlmaydi. Bunga qarama-qarshi oʼlaroq, kuchsiz narkozlangan nerv tolasida yoki zaif tok katodi taʼsir etib turgan tolada boʼsagʼa taʼsiri ostida kelib chikadigan harakat potentsiallari kichik amplitudali boʼladi, ammo stimullar kuchiga ortib borishi bilan bu potentsiallar sekin- asta kattalashib boradi.
Shuning uchun «bor yoki yoʼq» qonuniga qoʼzgʼaluvchan toʼqimaning taʼsirotga javob berishining umumiy qonuni deb qaralmasdan, tarqaluvchi harakat potentsialining hususiyatlarini taʼriflab beruvchi qoida, deb qarash maqsadga muvofiq boʼladi.