Ko’z refraktsiyasining anomaliyalari. Ko’zning asosan ikkita refraktsiya anomaliyalari tafovut etiladi: yaqindan ko’rish-miopiya va uzoqdan ko’rish-gipermetropiya. Bu anomaliyalar odatda nur sindiruvchi muhitlarning kamchiligiga bog’liq bo’lmay, ko’z soqqasining anomal uzunligidan kelib chiqadi.
Ko’zda normal refraktsiya (A), yaqindan ko’rish (B), uzoqdan ko’rish (G), yaqindan ko’rish (B) va uzoqdan ko’rishning (D) korrektsiyasi.
Yaqindan ko’rish. Ko’zning bo’ylama o’qi haddan tashqari uzun bo’lsa, asosiy fokus to’r pardada emas, uning oldida shishasimon tanada bo’ladi. Bunday ko’z yaqindan ko’ruvchi – miopik ko’z deb ataladi. Yaqindan ko’ruvchi kishida ravshan ko’rishning uzoq nuqtasi cheksizlikdan oxirgi va anchagina yaqin masofaga keladi. Yaqindan ko’ruvchi kishi uzoqni ravshan ko’rishi uchun botiq ko’zoynak taqish kerak. Botiq ko’zoynak gavharning nur sindiruvchi kuchini kamaytiradi va tasvirni to’r pardaga tushiradi.
Uzoqdan ko’rish. Uzoqdan ko’ruvchi ko’zning bo’ylama o’qi kalta, shu sababli uzoqdagi narsalardan kelayotgan parallel nurlar to’r parda orqasida to’planadi. To’r pardada esa yorug’ sochish doirasi vujudga keladi, ya’ni narsa tasviri noaniq, yoyilib tushadi. Refraktsiyaning bu kamchiligini bartaraf qilish uchun akkomodatsiyaga zo’r berish ya’ni, gavhar qabariqligini oshirish zarur. SHu sababli uzoqdan ko’ruvchi kishi faqat yaqinga qaraganda emas, balki uzoqqa qaraganda ham akkomodatsion muskullarga zo’r beradi. Uzoqdan ko’rishni bartaraf qilish uchun odamlar ikki tomoni qabariq ko’zoynak taqishadi. Gipermetropiyaning qarilik davridagi uzoqdan ko’rishga aralashtirmaslik kerak.
Astigmatizm. Turli yo’nalishlarda (masalan, gorizontal va vertikal meridianlar bo’yicha) nurlarning turlicha sinishi astigmatizm deb yuritiladi. Astigmatizmni ham refraktsiya anomaliyalariga qo’shmoq maqsadga muvofiq bo’ladi. Barcha yoshdagi kishilarni bir qadar astigmatik hisoblanadi, shuning uchun astigmatizmni optik sistema bo’lgan ko’z tuzilishining takomillashmaganligiga yo’ymoq kerak.
Astigmatizmning asosiy sababi, ko’zning shox pardasi tom ma’nodagi sferik yuzaga ega emasligida bo’lib, shox pardaning turli yo’nalishlardagi egrilik radiusi turlicha.
Astigmatizmning kuchli darajalari tsilindrlik yuzaga o’xshab ketadi, natijada to’r pardadagi tasvir buziladi.
Qarilik davrida uzoqdan ko’rish. Odamning yoshi ulg’aygan sayin akkomodatsiya kuchi kamayib boradi, chunki odam keksaygan sayin gavxar elastikligi kamayadi va TSinn boylamlari bo’shashganda gavhar qavariqligi yo o’zgarmaydi yoki salgina oshadi. Bu xolat qarilikdagi uzoqdan ko’rish yoki presbiopiya deb ataladi. Shuning uchun keksaygan kishilar kitob o’qiyotganda uni ko’zlaridan uzoqroq ushlaydilar.
Qorachiq va qorachiq refleksi. Ko’z ichiga tushadigan hamma yorug’lik nurlarini rangdor parda markazidagi teshik o’tkazadi, shu teshik qorachiq deb ataladi. Qorachiq faqat markaziy nurlarni o’tkazadi va sferik abberatsiyani bartaraf qilib, to’r pardaga narsalarning ravshan tasviri tushishiga yordam beradi. Agar ko’zni qisib, yorug’lik nurlarini tushishiga to’sqinlik qilinsa, keyin ko’z ochilganda qorachiq kengayganini ko’ramiz («qorachiq refleksi»). Rangdor pardaning muskullari qorachiq kattaligini o’zgartirishi orqali ko’zga tushayotgan yorug’lik oqimini idora etadi. Oddiy sharoitda yosh odamda ko’z korachigining diametri 1,8 mm dan 7,5 mm gacha bo’ladi. Juda yorug’ joyda qorachiq diametri minimal bo’ladi 1,8 mm. Kunduzgi o’rtacha yorug’ joyda qorachiq diametri 2,4 mm ni tashkil qilsa, qorong’ulikda esa qorachiq maksimal 7,5 mm gacha. kengayadi Rangdor pardada qorachiq kattaligini o’zgartiradigan muskullar bor, bulardan bir turi-halqasimon muskullar (m. sphincter iridis) ko’zni harakatlantiruvchi nervning parasimpatik tolalarini idora qiladi, ikkinchisi esa radial muskullar (m. dilatator iridis) simpatik nerv tolalarini idora qiladi. Halqasimon muskullar qisqarganda qorachiq torayadi, radial muskullar qisqarganda esa, qorachiq kengayadi. SHunga ko’ra, atsetilxolin va ezerin qorachiqni toraytiradi, adrenalin esa qorachiqni kengaytiradi. Bundan tashqari, qorachiq inson qo’rqqanida, g’azablanganida, kuchli og’riq sezganda va gipoksiyada ham kengayadi. Qorachiqning kengayishi – bir qator patologik holatlarda muhim diagnostik simptom hisoblanadi. Masalan, og’riqdan kelib chiquvchi karaxtlik, gipoksiya va hokazo. Sog’lom odamning ikkala ko’z qorachig’i bir xilda kengaygan yoki toraygan bo’ladi. Bir ko’zga yorug’lik tushirilsa, ikkinchi ko’z qorachig’i ham torayadi; bunday reaktsiya hamjihatlik reaktsiyasi deb ataladi. Ba’zi patologik xolatlarda ikkala ko’z qorachiqlari katta-kichik bo’ladi (anizokoriya). Bir tomondagi simpatik nervning zararlanishi natijasida qorachiq torayadi (mioz) va ayni vaqtda ko’z yorig’i ham toraysa (Gorner simptomi) N. oculomotorius-ning falaj bo’lishi natijasida bir ko’z qorachig’i kengayishi mumkin (midriaz).