OʼQUV FАOLIYATINING NАTIJАLАRI Talaba bajara olishi kerak:
Аmaliy ishni bajarishni.
1. Turli kasbga ega boʼlgan odamlar uchun ovqat ratsionini tuzish.
OʼQITISHNING USULI VА TEXNIKАSI - logik masalalar
MАSHGʼULOT MАZMUNI. NАZАRIY QISM. Oziqlanish. Oziq modda odam va hayvon organizmida tirik toʼqimani tiklab turuvchi plastik material va yagona energiya manbai boʼlib hizmat qiladi. Shuning uchun ham toʼgʼri ovqatlanish odam sogʼligini taʼminlovchi juda muhim omil hisoblanadi. Oziqlanish – bu oziq moddaning organizmga tushishi, hazm boʼlishi, soʼrilishi va oziq moddalarning (nutrientlar) organizmda oʼzlashtirilishidir. Hayotiy jarayonlarni taʼminlash uchun oziqlanish organizmning plastik va energetik extiyojini taʼminlashi zarur. Biosintez, biologik tarkibning yangilanishi uchun zarur boʼlgan moddalarni organizm ovqat tarkibida oladi. Organizmga tushgan oziq moddalar energiyasi hujayra membranasi tarkibini, organellalarni hosil qilish va mexanik, kimyoviy, osmotik va elektrik ish bajarish uchun sarflanadi. Oziq moddalarning biologik va energetik qimmati, tarkibida oqsillar, yogʼlar, karbonsuvlar, vitaminlar, mineral tuzlar, organik kislotalar, suv, aromat va xush taʼm moddalar borligi bilan aniqlanadi. Organizmda hazm boʼlishi va oʼzlashtirilishi oziq moddalarning muhim xossalaridir.
Plastik moddalarga boʼlgan ehtiyoj, energetik muvozanat holatida organizmda yemirilayotgan oqsil, lipid va karbonsuvlarning oʼrnini qoplash uchun zarur boʼlgan minimal miqdordagi moddani isteʼmol qilish orqali qondiriladi. Bu extiyoj odamning yoshiga, sogʼligiga, mehnat turiga va modda almashinuv jadalligiga qarab har xil boʼladi.
Oziqlanishning nazariy asoslari. Har bir odam organizmidagi modda almashinuvining oʼziga xosligiga qarab maʼlum bir ovqatli moddalarni isteʼmol qilishi zarur boʼladi.
Muvozanatlashgan oziqlanish (А.А.Pokrovskiy) nazariyasiga binoan ovqat tarkibidagi moddalar miqdori va nisbati organizmning fiziologik extiyojiga mos kelishi zarur. Isteʼmol qilingan ovqat, oʼzlashtirilish darajasi hisobga olingan holda, asosiy almashinuv, oziq moddaning spetsifik- dinamik taʼsiri va ish bajarishga ishlatilgan umumiy energetik sarfni qoplashi zarur. Kunlik isteʼmol qilingan ovqatning kaloriyasi energetik sarfdan muntazam ravishda ortiq boʼlsa organizmda yogʼ deposi ortadi. Taomlar tarkibida oqsil, yogʼ va karbonsuvlar muvozanatda boʼlishlari kerak. Organizmdagi energetik va plastik ehtiyojni qondirish uchun ularning energetik qimmati quyidagi nisbatda – 15:30:55 % boʼlishlari zarur. Shuningdek, taom tarkibidagi almashtirib boʼladigan va almashtirib boʼlmaydigan aminokislotalar, toʼyingan va toʼyinmagan yogʼ kislotalari, karbonsuvlar tarkibidagi monomerlar miqdori va ballast moddalar (tsellyuloza, pektin va b.) muvozanatda boʼlishlari shart.
Аdekvat oziqlanish (А.M.Ugolev) nazariyasiga asosan, ovqatli moddalar va hazm fermentlari tarkibi mos kelishlari kerak. Bu nazariyada xazm uch bosqichdan iborat ekanligi va oziqlanish mana shu bosqichlarga mos boʼlishi kerakligi taʼkidlab oʼtilgan. Masalan, laktaza yetishmovchiligida sut mos kelmaydigan ovqat hisoblanadi. Bu nazariyaga asosan, birlamchi nutrientlar hazm va soʼrilish jarayonida shakllansa, ikkilamchi oziq moddalar ichakdagi mikroorganizmlar faoliyati natijasida hosil boʼladi. Mikroorganizmlar taʼsirida hosil boʼlgan moddalar faqatgina energetik va plastik qimmatga ega boʼlmasdan, boshqa fiziologik jarayonlarga (immun, himoya, xulq atvor) ham taʼsir qilishi aniqlangan.
Ovqat ratsionini tuzish printsiplari. Normal hayot faoliyati, yaxshi kayfiyat, yuqori ish qobiliyati, har xil yuqumli kasalliklarga qarshilik qilish, oʼsish va rivojlanishlarni taʼminlash uchun oziqlanish organizmning plastik va energetik, mineral tuzlar, vitaminlar va suvga boʼlgan extiyojini toʼla qondirishi kerak. Ovqat ratsionini tuzish (yaʼni, odam organizmi uchun bir sutkada zarur boʼlgan oziq moddalar tarkibi va miqdori) quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
1. Ratsiondagi ovqatlar energiyasi organizmning energetik sarfini qoplashi zarur.
2. Oziq moddalarning kalorik qimmatini aniqlash uchun 100 g ovqat tarkibidagi oqsil, yogʼ va karbonsuvlarning foiz miqdori va kaloriyaliligini koʼrsatuvchi jadvaldan foydalaniladi.
3. Oziq moddalar izodinamiyasi qonunidan foydalaniladi, yaʼni oqsil, yogʼ va karbonsuvlar energetik qimmati hisobga olingan holda bir-birining oʼrnini bosishi mumkin. Masalan, 1 g yogʼ (9,3 kkal) 2,3 g oqsil yoki karbonsuv oʼrnini bosishi mumkin. Lekin bu bir-birining oʼrnini bosish faqat qisqa muddat davomida boʼlishi mumkin , chunki oziq moddalar energetik vazifadan tashqari plastik vazifani ham bajaradilar.
4. Ovqat ratsionida har bir gurux ishchilari extiyojini qondiradigan optimal miqdorda oqsil, yogʼ va karbonsuvlar boʼlishi kerak, masalan 1 guruh ishchilari uchun sutkalik ratsionda 80-120 g oqsil, 80-100 g yogʼ va 400-600 g karbonsuvlar boʼlmogʼi zarur.
5. Ratsion tarkibidagi oqsil, yogʼ va karbonsuvlar nisbati 1:1,2:4 boʼlishi kerak.
6. Ratsiondagi ovqat organizmning vitaminga, mineral tuz va suvga boʼlgan extiyojini toʼla qondirishi hamda almashtirib boʼlmaydigan aminokislotalarni oʼzida saqlashi zarur.
7. Oqsil va yogʼlarning sutkalik miqdorini 1/3 qismi hayvon mahsuloti sifatida boʼlishi kerak.
8. Ratsiondagi ovqat kaloriyasi ovqatlanish miqdoriga toʼgʼri taqsimlanishi kerak. Birinchi nonushta sutkalik energiyaning 25-30 % ini, ikkinchi nonushta 10-15 % ini, tushlik 40-45 % ini, kechki ovqatlanish esa 15-20 % ini tashkil qilishi kerak.
Oziq moddalarning energetik qimmati. Birorta modda oksidlanganda ajralib chiqadigan energiya uning bosib oʼtgan bosqichlariga bogʼliq emas (yaʼni yonadimi yoki katabolik jarayoni natijasida oksidlanadimi va h.k.). Oziq moddalardagi energiya miqdori suv hammomida, yopiq kamera kalorimetrik bombada aniqlanadi. Kameraga maʼlum miqdordagi modda solinadi, toza O2 bilan toʼldiriladi va modda yondiriladi. Kamerani oʼrab turgan suvni isishiga qarab ajralgan energiya aniqlanadi.
Karbonsuvlar oksidlanganda 17,17kDj /g (4,1 kkal/g) 1g yogʼ oksidlanganda 38,96kDj (9,3 kkal) issiqlik ajraladi. Energiyani uzoq muddat davomida yogʼ sifatida zaxira qilish organizm uchun eng qulaydir. Oqsillar organizmda toʼla oksidlanmaydilar. Oqsildan aminogruppalar ajralib mochevina sifatida organizmdan chiqarilib yuboriladi. Shuning uchun ham oqsilning kalorimetrik bombada yondirilgani organizmda oksidlanganligidan koʼproq energiya ajratadi; kalorimetrik bombada oqsil yondirilganda-22,6/kDj/g (5,4kkal/g), organizmda oksidlanganda esa-17,7kDj/g (4,1kkal/g) ga teng. Bularning orasidagi farq mochevina yonganda ajralgan energiyaga toʼgʼri keladi.