Nazorat savollari. 1. Sensor tizimning tekshirish usullari?
2. Sensor tizim tuzilishining umumiy tarzlari?
3. Sensor tizimning asosiy vazifalari?
4. Signallarni bir-biridan ajratish?
5. Signallarni o’tkazish va o’zgartirish?
6. Axborotlarni kodlash?
7. Signallarni detektorlash?
8. Obrazni tanish?
9. Retseptorlarning sinflanishi?
10.Retseptorlarning umumiy qo’zg’alish mexanizmlari?
MАSHGʼULOT № 14. ESHITUV VA VESTIBULYAR ANALIZATORLAR FIZIOLOGIYASI. OʼQITISHNING USULI VА TEXNIKАSI
- logik masalalar
- situatsion (vaziyat) masalalar
- nazorat savollari
- «Virtual fiziologiya» MM dasturi
- «Аmaliyot fiziologiya»MM dasturi
- «Galereya boʼyicha aylanish» ish oʼyinlari
- grafik organayzerlar
MАSHGʼULOT MАZMUNI
NАZАRIY QISM
Eshituv sensor tizimi.
Eshituv tizimi - insonlardagi eng muhim distant sensor tizimlardan biri bo’lib, insonlarda nutqning paydo bo’lishi va shaxslarning o’zaro munosabatida muhim ahamiyat kasb etadi. Akustik signallar havoni har xil chastota va kuchda tebratib, ikkala quloqning chig’anog’ida joylashgan eshituv retseptorlarini qo’zg’atadi.
Tashqi va o’rta quloqning tuzilishi va vazifalari. Tashqi eshituv yo’li tovush tebranishlarini quloq pardasiga (nog’ora parda) yetkazadi. Nog’ora parda tashqi quloqni o’rta quloqdan ajratib turadi, uning shakli ichkariga yo’nalgan voronkani eslatadi (0,1 mm) . Nog’ora parda tashqi eshituv yo’li orqali kelgan tovush to’lqinlariga tebranadi.
O’rta quloq. Havo bilan to’lgan o’rta quloqda uch xil suyakchalar mavjud. Ular bolg’acha, sandon va uzangi deb nomlanadilar, bu suyakchalar nog’ora pardaning tebranishlarini ichki quloqqa o’tkazadi. Suyakchalardan biri- bolg’acha dastasi nog’ora pardaga suqilib kirgan, bolg’achaning ikkinchi tomoni sandonga birlashgan. Nog’ora pardaning tebranishlari bolg’acha dastasi bilan sandon o’sig’idan tuzilgan richagning uzunchoq dastasiga o’tadi, shu sababli tovush tebranishlari amlitudasi kamayib, kuchi oshgan holda uzangiga keladi. Uzangining boshi darcha membranasiga tarqalib turadigan yuzasi 3,2 mm2 ga teng. Nog’ora pardaning yuzasi esa 70 mm2. Nog’ora parda bilan uzangi yuzasining nisbati 1:22, shu tufayli tovush to’lqinlari oval darcha membranasini taxminan 22 barobar ortiqroq kuch bilan bosadi.
Havoli muhitda yoyiladigan tovush tebranishlari eshituv suyakchalari orqali o’tib, endolimfa suyuqligining tebranishlariga aylanadi.
O’rta quloqning ichki quloqdan ajratib turgan devorchada oval darchadan tashqari, yumaloq darcha ham bor. Chig’anoq endolimfasining oval darcha yonida vujudga keladigan va chig’anoq yo’llari orqali o’tgan tebranishlari so’nmasdan yumaloq darchaga yetib keladi.
O’rta quloqda m. tensor tumpani bilan m. stapedius deb ataluvchi ikkita muskul bor. Birinchisi qisqarganda nog’ora pardani taranglaydi, shu tufayli nog’ora pardada tebranishlarning amplitudasi chegaralanadi, ikkinchisi esa uzangini maxkam ushlab turadi va shu bilan uning harakatlarini cheklaydi. Bu muskullar qattiq tovush berilgandan so’ng 10 ms dan keyin reflektor ravishda qisqaradi. O’rta quloq bo’shlig’ini burun-xalqumga tutashtiruvchi Evstaxiy nayi borligidan o’rta quloq bo’shlig’idagi bosim atmosfera bosimiga teng bo’ladi.
Ichki quloq tuzilishi va vazifalari. Ichki quloqda chig’anoq joylashgan bo’lib, u yerda eshituv retseptorlari joylashgan. CHig’anoq suyakdan tuzilgan spiral kanal bo’lib, sekin-asta kengayib boradi, odamda 2,5 o’ramni tashkil qiladi. Suyak kanalining diametri chig’anoq asosida 0,04 mm, chig’anoq uchida esa 0,5 mm ni tashkil qiladi. Suyak kanal boshidan oxirigacha, ya’ni chig’anoqning deyarli uchigacha ikkita parda bilan ajralgan: yupqaroq parda vestibulyar membrana yoki reysner membranasi,zichroq va mayinroq parda esa asosiy membrana deb ataladi. Chig’anoqning uchida ikkala membrana o’zaro birlashadi, ularda helicotma degan teshigi bor. Vestibulyar membrana bilan asosiy membrana chig’anoq bilan suyak kanalini uchta tor yo’l: yuqori, o’rta va pastki kanallarga ajratib turadi.
Chig’anoqning yuqori kanali yoki vestibulyar narvoncha (scala vestibuli) oval darchadan boshlanib, chig’anoq uchigacha davom etadi, bu yerda teshik orqali chig’anoqning pastki kanali-nog’ora narvoncha (scala tumpani) ga kelib tutashadi, nog’ora narvoncha esa yumaloq darcha sohasida boshlanadi. Yuqori va pastki kanallari perilimfa bilan to’lgan, o’z tarkibiga ko’ra tserebral suyuqlikka o’xshab ketadi.
Yuqori va pastki kanallar orasida o’rta kanal yotadi. Bu kanalning bo’shlig’i ikkala kanal bilan tutashmaydi va endolimfa bilan to’lgan bo’ladi. Bu suyuqlikning tarkibi perilimfaga nisbatan 100 barobar ko’p kaliy ionlarini ushlasa, 10 barobar oz natriy ionlarini ushlaydi. Chig’anoqning o’rta kanali ichida, asosiy membranada tovush sezuvchi apparat-kortiy organi joylashgan. Chig’anoqda tukli retseptor hujayralar mavjud bo’lib, ana shu hujayralar tovush tebranishlarini nerv qo’zg’alishlriga aylantiradi (trans formatsiya).