Uzunchoq miyaning funktsiyalari.Uzunchoq miyada oddiyroq, shuningdek murakkabroq reflekslarning markazlari bor, bu reflekslarning yuzaga chiqishida har xil muskul guruxlari, tomirlar va ko’pgina ichki organlar qatnashadi. Bu refleks orqa miyada, shuningdek til-xalkum, eshituv, vestibulyar nerv, uchlik nerv va adashgan nervning retseptor sistemalaridan keluvchi impulslarga javoban kelib chiqadi. Yoylari keyingi miya orqali o’tadigan refleks orqa miya reflekslariga nisbatan mukammalroq va murakkabroq koordinatsiyalangan reflekslardir. Bunga, masalan: gavda vaziyatining tonik reflekslari kiradi. Keyingi miyaning ko’pgina murakkab reflektor faoliyatini bajarishida turli neyronlar muayyan tartibda qo’zg’alib qatnashadi. Yutish va aksa urish reflekslari bunday reflekslarga misol bo’la oladi.
Uzunchoq miya nafas olish, yurak faoliyatini tomirlar holati, terlash, hazm a’zolari funktsiyalarini idora etishda muhim ahamiyatga egadir. Shu barcha funktsiyalarning markazlari uzunchoq miyada.
Ba’zi markazlar-nafas markazi, yurak faoliyatini idora etuvchi markaz, tomir harakatlantiruvchi markazning xususiyati shuki, ularni periferiyadan keluvchi nerv impulslari ham, markazlarga bevosita ta’sir etuvchi kimyoviy ta’sirlovchilar ham refleks yo’li bilan qo’zg’atadi.
Bu yerda biz asosan skelet muskullarining faoliyati bilan bog’langan uzunchoq miya markazlari va reflekslarini ko’zdan kechiramiz. Vegetativ nerv sistemasidan innervatsiyalanadigan ichki a’zolar va tomirlarning boshqarilishida uzunchoq miyaning qanday ahamiyat kasb etishini quyida ko’rib o’tamiz.
Nafas markazi uzunchoq miyaning turli qismlaridagi neyronlarning bir necha guruxidan vujudga kelib, yagona funktsional tizim hisoblanadi. Nafas markazi Varoliy ko’prigining yuqori chegarasi bilan uzunchoq miyaning pastki qismi o’rtasida retikulyar formatsiyaga tegishli sohada joylashgan. Nafas markazini ayrim yadroga o’xshash mustaqil anatomik tuzilma deb hisoblash kerakmi yoki nafas harakatlarini idora etishga ixtisoslashgan retikulyar formatsiya bo’lagi deb qarash kerakmi, bu to’g’ridan xanuz yakdil fikr yo’q. Umuman olganda nafas markazining eng muhim qismlari pnevmotaksis, ekspirator va inspirator markazlardir, bu markazlarning funktsiyalari yuqorida ko’zdan kechirilgan edi. Impulslar nafas markazidan orqa miyaning diafragmani va qovurg’a aro muskullarni innervatsiyalovchi motoneyronlariga keladi. Xuddi shuning uchun ham orqa miyani 4-bo’yin segmentining yuqorisidan qirqib qo’yish natijasida nafas olish to’xtaydi (orqa miyaning 4-bo’yin segmentidan yuqoridagi neyronlarning o’siqlari diafragma nervini hosil qiladi).
Nafas markazining ritmik faoliyati uzunchoq miya bilan orqa miyadagi boshqa markazlar holatiga ta’sir etadi. Yurak faoliyatini idora etuvchi markaz bilan nafas markazi o’rtasidagi bog’lanish ayniqsa yaqqol ko’rinadi. Nafas olish - yurak refleksi, yoki nafas aritmiyasi shu bog’lanish natijasidir. Bu refleks shundan iboratki, nafas chiqarishning oxirida navbatdagi nafas olishdan oldin yurak faoliyati to’g’ri davriylik bilan sekinlashadi. Orqa miya markazlari bilan nafas markazi o’rtasidagi bog’lanish L.A.Orbeli bilan K.I.Kuntsman tajribasida ko’rsatib berildi. Itning bir oyoq panjasi deafferentatsiyalangach, ya’ni shu oyoqdan orqa miyaga impuls o’tkazuvchi orqa ildizlar qirqib qo’yilgach, keyingi oyoq itning nafas olish ritmiga muvofiq harakatlanganini L.A.Orbeli bilan K.I.Kuntsman kuzatishgan.
Deafferentatsiya orqa miyaning tegishli qismlaridagi tormozlanish jarayonlarini izdan chiqargan, shunga ko’ra orqa miyaning motor markazlari nafas markazidan retikulo-spinal yo’llar orqali o’ziga keluvchi impulslarga qo’zg’alish bilan reaktsiya ko’rsatgan.
O’pka, nafas yo’llari va nafas muskullarining retseptorlaridan nafas markaziga keluvchi afferent impulslar retikulyar formatsiya faolligini muayyan darajada saqlashda ahamiyatli: binobarin, nafas olishni idora etishdagina emas, retikulyar formatsiya faollashtiruvchi ta’sir etgani uchun butun markaziy nerv sistemasining faoliyatida ham ahamiyatlidir.
Uzunchoq miya yadrolari ovqat chaynash emas, (so’rish), yutish, qusish, aksa urish, yo’talish, ko’zni uchirish va boshqa reflektor aktlarni bajarishda qatnashadi. Bu reflekslar bosh miyaning katta qismi bo’lmay turib tug’ilgan bolalar (anentsefalar)da ham kuzatiladi.