JISMONIY TARBIYA VA SPORTNI BOSHQARISHDA ISHTIROK ETUVCHI IDORALAR (1)
Ishlab chiqarish va ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya jamoalari O‘zbekistonda mehnat jamoalari haqida Nizomlar ishlab chiqilib, qonunlar qabul qilingan va amalda qo‘llanilmoqda.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi Markaziy kengashining «O‘zbekiston» sport jamiyati namunaviy Nizomida jismoniy tarbiya jamoalarining tashkil qilinish tartiblari, uning boshqaruvchilik va boshqa rahbar tashkilotlar bilan munosabati, jamoalar kengashi va uning vazifalari, xuquqlari bayon etiladi.
Jismoniy tarbiya jamoalarida tashkiliy, o‘quv mashg’ulotlari, ommaviy jismoniy tarbiya va sport, uni targ’ib qilish ishlari, «Salomatlik», «Sog’lom avlod uchun» dasturlari, «Alpomish» va «Barchinoy» maxsus testlari asosida boshlang’ich jamoalarda olib boriladi.
Jismoniy tarbiya va sport harakatining boshlang’ich tashkiloti jismoniy tarbiya jamoalari hisoblanadi.
«Korxonalarda namunaviy shtatli sport klublar haqida» Nizom qabul qilingan. Mimglab ko‘ngilli sport jamiyati a’zosi bo‘lgan jamoaga sport klub maqomi berilib, unga rais rahbarlik qiladi. 5, 10, 15 minggacha a’zosi bo‘lgan jamoalarga esa qo‘shimcha 1 tadan instruktor va rais o‘rinbosari lavozimi ham beriladi.
Jamoalar sport va sayohat bilan shug’ullanish, o‘z sport mahoratini oshirish, ommaviy sog’lomlashtirish va sport tadbirlarini o‘tkazishda faol ishtirok etishni istagan kishilarni o‘ziga birlashtiradi.
Jismoniy tarbiya jamoasini tuzish uchun katta tashkiliy ishlar olib boriladi, buning uchun 3-5 kishidan iborat tashkiliy qo‘mita tuziladi. Tashkiliy qo‘mita muvaqqat rahbar organ bo‘lib, jismoniy tarbiya jamoasini tashkil etish ishlari bilan shug’ullanadi.
Tashkiliy ishlar amalga oshirilgandan so‘ng jamoa kengashi saylanadi. Majlis qatnashchilarining yarmidan ko‘pi ovoz bergandagina nomzod jamoa kengashi tarkibiga saylangan hisoblanadi.
Jismoniy tarbiya jamoasining amaliy faoliyati quyidagi yo‘nalishda olib boriladi:
- tarbiyaviy ishlar;
- tashkiliy ishlar;
- o‘quv-sport ishlari;
- ommaviy jismoniy tarbiya-sog’lomlashtirish ishlari;
- jamoatchi xodimlar bilan ishlash;
- ommaviy targ’ibot ishlari;
- hisobga olish va hisobot ishlari;
- moliyaviy-xo‘jalik ishlari.