Metodik ishlarni tashkil qilish metodlari, shakllari, mazmuni va vositalari. O’quvchilarga ta’lim va tarbiya berishda mehnat ta’limi o’qituvchisi yetakchi rol o’ynaydi. Ta’lim-tarbiya jarayonining ahvoli, o’quvchilarning tayyorgarlik darajasi o’qituvchi kasbiy malakasiga, pedagoglik mahoratiga, madaniyat darajasiga bog’liq.
Yakka tartibdagi metodik ish butun o’quv yiliga tuzilgan reja bo’yicha olib boriladi. Unda o’qituvchi muhandis-pedagog o’z pedagog mahoratlarini va o’z bilimlarini chuqurlashtirish maqsadida yakka tartibdagi metodik topshiriqlar nazarda tutiladi. Ularga quyidagilar kiradi: pedagogik mavzular bo’yicha ma’ruzalar tayyorlash; o’quv dasturning eng qiyin mavzulari bo’yicha metodik ko’rsatmalar tuzish; anchagina mehnat qilinishi talab qilinadigan muammoli izlanish ishlarini belgilaydi. Bu topshiriqlar har bir pedagog uchun majburiy minimum hisoblanadi.
Har bir pedagog ish rejasi to’rtta bo’limdan tashkil topishi kerak:
G’oyaviy-siyosiy saviyani oshirish.
Metodik-pedagogik mahoratini takomillashtirish.
O’qitilayotgan mehnat turi sohasidagi ilmiy-texnikaviy bilimlarni kengaytirish va chuqurlashtirish.
Pedagog mehnatini ilmiy asosda tashkil etish sohasidagi bilim va malakalarini takomillashtirish.
Bu reja metodik kengash majlisida ko’rib chiqilib, tasdiqlanadi. Bu rejaning bajarilishi haqida o’qituvchilar hisobotlari yeshitilib turiladi.
G’oyaviy-siyosiy saviyani oshirish - materiallar ishlab chiqilayotganda hozirgi zamon hayoti va ishlab chiqarishni nazarda tutish kerak. Mehnat ta’limi o’qituvchisi yoshlarga mehnat tarbiyasi va politexnik ta’lim berishning mohiyati ancha to’la yoritilgan asarlarni, prezident qarorlarining umumiy o’rta ta’limga oid hujjatlarini o’rganishi, siyosiy seminarlar va nazariy konferensiyalar ishida qatnashish, matbuot, radio, televidenie orqali hozirgi siyosat bilan tanishish va amaliy ishda qo’llash.