2. Akademik qobiliyatlar-matematika, fizika, biologiya, ona-tili, adabiyot, tarix va boshqa shu kabi fanlar sohasiga xos qobiliyatlardir.
Qobiliyatli o‘qituvchi o‘z fanini faqat hajmidagina emas, balki atroflicha, keng, chuqur bilib, bu sohada erishilgan yutuqlar va kashfiyotlarni doimiy ravishda kuzata borib, o‘quv materialini mutlaqo erkin egallab, unga katta qiziqish bilan qaraydi hamda ozgina bo‘lsada tadqiqot ishlarini olib boradi.
Ko‘pchilik tajribali pedagoglarning aytishlaricha, o‘qituvchi o‘z fani bo‘yicha bunday yuksak bilim saviyasiga erishish, boshqalarni qoyil qilib hayratda qoldirish, o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘ota olish uchun u yuksak madaniyatli, har tomonlama mazmunli, keng eruditsiyali (bilimdon) odam bo‘lmog‘i lozim.
3.Perseptiv qobiliyatlar-bu o‘quvchinig, tarbiyalanuvchining ichki dunyosiga kira bilish, psixologik kuzatuvchanlik, o‘quvchi shaxsining vaqtinchalik psixik holatlari bilan bog‘liq nozik tomonlarini tushuna bilishdan iborat qobiliyatdir.
4. Nutq qobiliyati-kishining o‘z his tuyg‘ularini nutq yordamida, shu bilan birga mimika va pantomimika yordamida aniq va ravshan qilib ifodalab berish qobiliyatidir. Bu o‘qituvchidan o‘quvchilarga uzatiladigan axborot, asosan, ikkinchi signal tizimi-nutq orqali beriladi. Bunda mazmun jihatidan uning ichki va tashqi xususiyatlari nazarda tutiladi.
Darsda qobiliyatli o‘qituvchining nutqi hamma vaqt o‘quvchilarga qaratilgan bo‘ladi. O‘qituvchi yangi materialni tushuntiradimi, o‘quvchilar javobini sharhlab beradimi, xullas nima qilishidan qat’iy nazar, nutqi hamma vaqt o‘zining ishonchliligi jozibadorligi, kabi ichki quvvat bilan alohida ajralib turishi lozim.
Shoshqaloq nutq bilim o‘zlashtirishga halaqit berib bolalarni tez toliqtiradi. O‘ta sekin nutq lanjlik va zerikishga olib keladi.
Nutqi, imo-ishoralar turli keskin harakatlar o‘quvchilarni jonlantiradi.
5. Tashkilotchilik qobiliyati-bu birinchidan, o‘quvchilar jamoasini uyushtira bilish, bunda jamoani jipslashtira olish va ikkinchidan, o‘zining shaxsiy ishini to‘g‘ri tashkil qila olish qobiliyatidir. O‘quvchilar o‘z o‘qituvchilari haqida turlicha fikrda bo‘ladilar.
O‘qituvchining o‘z ishini tashkil qila bilishi deganda, uning o‘z ishini to‘g‘ri rejalashtirib, uni nazorat qila olishi nazarda tutiladi. Tajribali o‘qituvchilarda vaqtga nisbatan o‘ziga xos sezuvchanlik-ishini vaqt bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlab, mo‘ljallangan vaqtdan to‘g‘ri foydalana olish ko‘nikmasi paydo bo‘ladi.