О`збекистон республикаси олий ва о`рта махсус-hozir.org
Л.С.Выготский psixik funksiyalar rivojlanishini o‘rgana borib, ular ichiga ixtiyoriy diqqatni ham kiritadi. Uning fikricha, bola diqqatining tarixi - bu bola hulqining paydo bo‘lishi tarixidir. L.S.Vыgotskiy ishlarining xarakterli tomoni kishi psixikasini tushunishda tarixiy va genetik yondashishdir. Buni u diqqatni o‘rganishga ham tadbiq qilgan va diqqatning rivojlanishini ko‘rsata olgan. Muallif diqqat rivojlanishining ikkita yo‘nalishini ko‘rsatadi.
1. Diqqatning natural (tabiiy) rivojlanishi. Bunda muallif umumorganik rivojlanishini tushuntiradi, ya’ni markaziy nerv tizimining strukturaviy va fuksional jihatdan o‘sishini ko‘rsatadi. Bu rivojlanish butun hayot davomida bo‘ladi, ammo bunda «sekinlashgan» va «bir oz pasaytirilgan» ko‘rinishlari mavjud.
2. Diqqatning madaniy rivojlanishi. Bunda ixtiyoriy diqqatning namoyon bo‘lish xususiyati madaniy konsepsiya bilan bog‘liq deb tushuntiriladi. Katta yoshdagi odamlar diqqatining psixologik mexanizmi haqida gapirib, tashqi operatsiya organizm xulqini ichki operatsiyasiga aylanadi, deydi. Madaniy rivojlanish bola tashqi muhit bilan aloqa qila boshlagandan o‘sa boshlaydi.
L.S.Vыgotskiyning ilmiy yutug‘i shundan iboratki, u diqqat muammosini o‘rganishda ijtimoiy va genetik nuqtai nazardan yondashdi. Ixtiyoriy diqqatni tashqi stimullar vositasida nutq funksiyasini yo‘naltirish deb tushuntira oldi.
L.S.Vыgotskiy ishlarini A.N.Leontev o‘z tadqiqotlarida davom ettirib, ixtiyoriy diqqatning rivojlanishini o‘rgandi. U ixtiyoriy diqqat xatti-harakatni boshqarishning oliy shakli va tarixiy rivojlanish mahsuli deb tushundi. Bolalarda diqqat shaklarini tahlil qilib 3 ta bosqich mavjudligini ko‘rsatdi.
1. Natural bevosita,to‘g‘ridan-to‘g‘ri aktlardan iborat.
Bunda to‘planish ixtiyorsiz namoyon bo‘lib, asosan maktabgacha bo‘lgan bolalarda vujudga keladi. Ya’ni bu bolalar o‘z xulq - atvorlarini o‘zlari boshqara boshlaydilar.
2. Tashqi belgining ahamiyatini egallash, tushuna bilishlari turadi. Bu bosqich boshlang‘ich ta’limda asosiy rol o‘ynaydi.
3. Tashqi taassurotlarning ichki ta’sirlarga aylanish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, bu asosan katta yoshdagi kishilarda bo‘ladi.
Uzoq vaqt A.N.Leontev maktabgacha yoshdagi bolalar diqqatini tekshiradi. Chunonchi, idrok bilan diqqat aloqasini o‘rgandi. Diqqat hodisasi shunday hodisaki, u idrokning qanday kechishi bilan belgilanadi, deb tushuntirdi. A.N.Leontev keyingi ishlarini o‘quvchilar diqqatini rivojlantirish va ularda idrokni boshqarish, ko‘rish, eshitish, qo‘yilgan topshiriqni tushunish kabilarni egallash muhim rol o‘ynashini ko‘rsatdi.
N.F.Dobrinin diqqatni kishi psixik faoliyatini biror bir ob’ektga yo‘naltirish va to‘plash bilan boshqa ob’ektlardan chalg‘ishi orqali tushuntiradi. Agar yo‘nalish va to‘planish ixtiyorsiz bo‘lsa ixtiyorsiz diqqat vujudga keladi. Agar ong qo‘yilgan maqsadga muvofiq bo‘lsa, u holda ixtiyoriy diqqat namoyon bo‘ladi. Bular qatorida N.F.Dobrinin diqqatning uchta turini ajratadi. Uning fikricha, diqqatning uchinchi turi «ixtiyoriydan keyingi diqqat» deb ataladi. Bu ixtiyoriy diqqat kabi maqsadga qaratilgan bo‘lib, irodaviy zo‘r berishni talab qilmaydi. Bular to‘g‘risida N.F.Dobrinin shunday deydi. «Ixtiyoriy diqqatda qiziqishga intilishga o‘rin bor, lekin bu qiziqish faoliyatning natijasiga qiziqishdir. Faoliyatning o‘zi esa qiziqarsizdir. Kishi psixik faoliyatining ajoyib xususiyati shundan iboratki, natijaga qiziqish jarayonga qiziqishga aylanadi. Bu ixtiyoriy diqqat ixtiyoriydan so‘nggi diqqatga aylanganda bo‘ladi».
B.G.Ananev «O‘quvchilarda diqqatni tarbiyalash» nomli asarida diqqatni hamma vaqt tekshirish, tadqiq qilish kerak deydi. Buning uchun mana bunday vaziyatlarga e’tibor qilishni ko‘rsatib o‘tadi, darsni to‘g‘ri tashkil qilish, ta’limning puxtaligi, o‘qituvchining pedagogik mahorati, o‘quvchilarning darsdagi faoliyatini to‘g‘ri tashkil qila bilish kabilarni ta’kidlaydi. B.G.Ananev bu bilan diqqatning uzoq vaqt bir ob’ekt ustida to‘play bilish kerakligini uqtiradi.
Diqqat muammosini tadqiq qilish I.V.Straxov asarlarida o‘z aksini topgan. Uning qarashlariga ko‘ra, kishi diqqati kelib chiqishiga va ishlash uslubiga qarab ijtimoiy tabiatga ega. U kishilarning mehnat faoliyatiga sabab bo‘ladi va mehnat jarayonining asosiy psixologik komponentlaridan biri bo‘lib sanaladi. Diqqatning muhim belgisi faoliyat jarayonida va atrofdagilar bilan aloqada kishi psixikasining to‘planishidir.
Qator munosabatlarda to‘planish ikki xil xarakterda bo‘ladi, u predmet va hodisalarga tanlab yo‘naltiriladi, ya’ni diqqat ob’ektini ongli ajratish, bu vaqtda boshqa ko‘p ob’ektlardan chalg‘ish vositasi bilan aktlar tizimini tashkil qiladi, to‘planish mehnat predmetiga yo‘naltiriladi, lekin uning jarayoni ham diqqat ob’ekti hisoblanadi. To‘planish faoliyat ob’ektiga va u bilan harakatga yo‘naltiradi.
Diqqat psixikaning alohida tomoni va shakli hisoblanmaydi va qandaydir birorta funksiyani bajarishga o‘z-o‘zidan ko‘chmaydi. Maqsadga yo‘nalgan, intensiv-psixik faoliyatning strukturaligi funksional asosini o‘zgarishga, mahsuldorligining oshishiga va miyaning barqaror ishlashiga olib keladi.
Kishi diqqati mehnat faoliyatiga, faoliyat jarayoniga, mehnat qurollariga yo‘naltiriladi. Diqqat predmetlari bir xil emas, balki har xil faoliyat turlarida turlicha bajariladigan mehnat operatsiyalari va vositalari kishi mehnat predmetiga ta’sir qiladi. Bularga bog‘liq ravishda diqqatni faoliyat turlarida o‘rganish psixologik muammolari vujudga keladi. O‘tkazilgan tekshirishlar asosida I.V.Straxov diqqat ko‘p funksiyali jarayondir, degan xulosaga keladi. Bu funksiyalarni amaliy bajarish – mehnat, o‘qish, ilmiy va boshqa faoliyat turlaridan birortasining shart-sharoiti mahsuldorligini belgilaydi. Faoliyatning har bir turi diqqatga alohida ma’suliyat yuklaydi. Shuning uchun uning funksiyasi faoliyatning shu turiga to‘g‘ri kelishi muhimdir.
Diqqatning nazorat qilish-tuzatish funksiyasi ham kam ahamiyatli emas. Uning shakllari mehnat va o‘quv faoliyatining har xil davrlarida bir xil bo‘lmaydi.
Diqqat alohida kishilarning munosabatlarida jamoada o‘ziga xos funksiyani bajaradi. Kishilarning kuzatuvchanligida, boshqa odamlarning psixik holatini tushunishda, ziyraklikning faol shakllarida aks etadi. Ziyraklik mehnatda va kishi bilan munosabatida ahloqiy-psixologik ahamiyatga ega bo‘ladi. Shunga muvofiq ziyraklikning motivatsiyasi o‘rganilib, uning aks etishining shakllari va ularni tarbiyalash masalasi ko‘rib chiqiladi. Ziyraklikning bunday o‘rganilishi uning tahlilida va shaxs psixologiyasida yangi yo‘nalishdir. Ular o‘z ishlarida diqqatning o‘rganilishi ko‘rsatilgan aspektlarini sintez qilishga harakat qiladilar.
Yuqorida bayon etilan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, I.V.Straxov diqqatning bilish jarayonidagi ahamiyatiga uning faol psixologik aks ettirish imkoniyatiga alohida e’tibor beradi. Shuningdek, diqqat bilish faoliyatining borliq bilan aloqasida, uni keng va chuqur aks etishida muhim mexanizm bo‘lib hisoblanadi.
Diqqat shaxsning yo‘nalishida to‘plangan jarayon sifatida ishlaydi. Keng ma’noda bu so‘z asosida ehtiyoj, qiziqish, qarash, ideal kabi tarkibiy qismlar mavjud. Diqqat psixik jarayonlar tuzilishida ko‘rsatilgan omillardan hosil qilingan hodisa sifatidagina qatnashmay, balki u shaxsning boshqa xususiyatlariga munosabatda tayanch xususiyat sifatida qatnashadi. Diqqat va ziyraklikning pedagogik takt(odob)ning shakllanishidagi psixologik shart-sharoit ekanligi bunga misol bo‘ladi.
I.V.Straxov «Diqqat va nutq» muammosi bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib borgan. U nutq shakllari va funksiyalarini hamda tasviriy faoliyatni tahlil qiladi. U o‘quvchilarda sport gimnastikasi darslarini psixologik tahlil qiladi va o‘rganadi.
Muallifning ta’kidlashicha, diqqatni nutqiy boshqarish quyidagi omillarda, ya’ni predmetni nomlashda, yoki maqsadli harakatlarga to‘plashda, faoliyatni rejalashtirishda diqqatni ilgarilab ketish aktlarida, qidirish faoliyatlarida, diqqatni ko‘chish jarayonining verbalizatsiyasida, diqqatni nazorat qilish funksiyasini aktivlashtirishda, ziyraklikning aks etishida va uning ahloqiy psixologik ahamiyatida namoyon bo‘ladi.
Diqqat va butun faoliyat jarayonini boshqarish nutqning ichki va tashqi turlari orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, bu boshqarishda muallif fikricha, integral (yuqoridagi ikki nutq oralig‘idagi) nutq ishtirok etadi. Bularni tadqiq qilish shuni ko‘rsatadiki, grafik harakatlarni amalga oshirish aqliy - nutqiy jarayonlar ularni anglash va yo‘naltirish bilan birga boradi.
Shunday qilib, diqqatni boshqarish va uni tarbiyalash, o‘quvchilarda rivojlantirish masalasi I.V.Straxov tomonidan atroflicha o‘rganilgan.
Psixolog N.V.Kuzminaning fikricha, o‘qituvchilarning dars davomida berilayotgan bilimini qanchalik o‘zlashtirishi unda asosiy va еtakchi rolni diqqat o‘ynaydi. Shuning uchun ham ta’lim – tarbiya jarayonida hammadan avval tarbiyachi o‘quvchining diqqatini torta bilish uning asosiy maqsadi bo‘lishi kerak. Bu esa o‘tilgan materialni o‘quvchi puxta bilishni talab qiladi. Bundan kelib chiqadiki, diqqatning tarbiyalanishi va shakllanishi ham vujudga keladi.
F.N.Gonobolin, M.R.Rahmonova D.B.Elkonin, V.V.Repkin va boshqa qator tadqiqotchilar tomonidan ta’lim va tarbiya jarayonida o‘quvchilarda diqqatning namoyon bo‘lishi, kechishi, rivojlanishining o‘ziga xos xossalari, individualligi kabi jihatlari o‘rganilgan.