tushunchasiga katta ahamiyat berilishidir. Aslida demokratiya — meyorga asoslangan siyosiy
madaniyatdir. Bu meyor huquq va burch, erkinlik va tenglik o‘rtasida bo‘lgan muvozanatni ham
anglatadi.
Sharqda odamlarning hokimiyat va siyosiy munosabatlarga bo‘lgan munosabati azaldan
o‘ziga xos xususiyat kasb etgan. Bu Sharqdagi siyosiy munosabatlarning nozik jihatlari bilan
izohlanadi. Saylov tizimi, davlatchilik, siyosiy harakatlar, jamoatchilik fikri, ommaviy axborot
vositalari — bularning barchasi Sharqda o‘z xususiyatlariga ega. Avvalo, bu xususiyatlar
hokimiyatga bo‘lgan an’anaviy ishonch va ba’zan esa paternalizm (hokimiyatning mehnatkashlar
manfaatiga qisman yon berishi) qonuniyati bilan ifodalanadi. Tarixan Sharq mamlakatlarida
siyosiy qarorlar qabul qilish va ularni amalga oshirish mas’ul kishilar orqali, lekin bunda xalqning
manfaatlari albatta hisobga olingan holda amalga oshirilgan. Ular xalqning «ishtirokida», ya’ni
turli miting, inqiloblar orqali erishilgan, ammo uning manfaatlarini hisobga olmagan holda qabul
qilingan qarorlardan ko‘ra ko‘proq samara bergan. Shu tufayli Sharq mamlakatlarida aksariyat
hukmdorlar mudom «Xalq nima der ekan?», «Mendan qanday nom qolar ekan?» degan mas’uliyat
bilan siyosat olib borgan.
Sharqda siyosiy jarayon ishtirokchilari, ayniqsa, siyosiy yetakchilarning o‘ziga xos maqomi
bor. Siyosiy rahbar nafaqat o‘ziga tegishli alohida imtiyozlarga, balki alohida mas’uliyatga ham
ega. U nafaqat o‘z huquqlari, balki majburiyatlari bo‘yicha ham asosiy og‘irlikni o‘z zimmasiga
olgan. Shu ma’noda Sharq xalqlari hayotida adolat bosh mezonga aylanganki, odil va dono shoh,
hukmdor g‘oyasi «Avesto»dan hozirgi kungacha orzu bo‘lib kelgan. Shuning uchun Amir Temur
faoliyatida «Kuch — adolatda» degan qoida ustuvor bo‘lgan. Shu tariqa Sharq mutafakkirlari
davlatni, avvalo, jamiyat taraqqiyotidagi ikki muhim omil — ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va
ijtimoiy adolat mezonlarini amalga oshirish quroli deb tushungan. Shuni ham alohida ta’kidlash
zarurki, Sharqda qonunchilik va meyoriy tizimlar ham ana shu maqsadlarga xizmat qilgan. Bunday
an’ana Sohibqiron Amir Temur davridayoq butun dunyo meyoriy tizimiga va
konstitutsiyachiligiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Amir Temur «Tuzuklar»i buning yaqqol dalili.
Yana bir masalaga alohida e’tibor berish zarur. Sharq xalqlari hayotida jamoatchilik fikri
azaldan yuqori maqom va martabaga ega bo‘lib kelgan. Ko‘pgina an’anaviy ijtimoiy institutlar,
xususan, mahalla va boshqa o‘zini o‘zi idora qilish tashkilotlari asosan jamoatchilik fikriga
tayangan. Shundan kelib chiqqan holda, ijtimoiy salmoqli fikrlarni jamoatchilik muhokamasiga
olib chiqish ham an’anaviy yig‘ilish joylarida — mahalla guzarlari, choyxonalar, karvonsaroylar,
to‘y-ma’rakalar, tantanalar, hasharlar, hatto mehmondorchilikda ham amalga oshgan. Shu bilan
birga jamoatchilik fikri har doim davlat qarorlari qabul qilishning muhim tarkibiy qismi bo‘lib
kelgan. Hukmdorlar o‘z faoliyatining jamoat fikri tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga erishishga
uringan, qaror qabul qilishdan oldin uni jamoatchilik rizosidan o‘tkazishga e’tibor berilgan.
Xullas, shularning barchasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, Sharq xalqlariga, xususan, bizning
mamlakatimiz aholisida azaldan o‘ziga xos demokratik an’analar mavjud bo‘lgan. O‘z mentaliteti,
mohiyatiga ko‘ra, umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan o‘ta xayrixohligi tufayli xalqimiz
zamonaviy demokratik qadriyatlarni ham tez o‘zlashtirib olishi shubhasiz. Bu, albatta,
xalqimizning tarixiy-ijtimoiy an’analaridagi demokratik g‘oyalar, tajribalar, xususan, jamoa
demokratiyasi namunalari bilan ham bog‘liq.
Umuman, demokratiya qadimdan dunyoning turli mintaqalarida turlicha yo‘nalishda
rivojlanib borgan. Uning muhim bir shakli esa aynan sharqona demokratiyadir.
Shu ma’noda turlicha modellarda namoyon bo‘ladi. Buni o‘z davrining ilg‘or mutafakkirlari
ham teran anglaganlar, ular demokratiya uchun zarur bo‘lgan shart-sharoit, ya’ni mustaqil milliy
taraqqiyot zaruratini alohida ta’kidlaganlar. Xususan, Zaki Validiy To‘g‘on bu haqda shunday deb
yozgan edi: «Demokratiyaning birdan-bir, yagona retsepti yo‘q. Uning maqsadi millatlarga va
jamiyatlarga o‘z ixtiyorlariga muvofik, hayot kechirish imkoniyatini berishdadir. Demokratiya
turli millatda turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin uning asosiy bir sharti bor: millat va jamiyat
orasidagi mas’uliyatga sheriklashib, shunga muvofik, ravishda ish qonunlariga bo‘ysunish kerak
bo‘ladi. Davlat ishida mas’uliyat hissining umumiyligi xalqning madaniy kamolotiga bog‘liq
tarbiya va odat masalasi hamdир».
Bugungi sharqona demokratiyada qadr, oqibat, andisha, kattalarga hurmat, ona zaminni
ardoqlash borasida o‘ziga xoslik yaqqol namoyon bo‘ladi. Bular esa milliy g‘oya amal qilishida
nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dostları ilə paylaş: |