maqsadlari sohasidagi rang-baranglikning uyg‘unligini ifodalaydi. Fikrlar rang-barangligi milliy
g‘oyaga jon bag‘ishlaydi, uning takomillashishiga yordam beradi. Ana shu asosda bu mafkura
xilma-xil fikrlar bilan boyib boradi, turli g‘oyalarni o‘ziga doimiy singdirish imkoniga ega bo‘ladi.
Bu tamoyil O‘zbekiston hududida istiqomat qilayotgan har bir fuqaroning o‘z milliy
qadriyatlarini asrab-avaylashi, kelajak avlodlarga yetkazishi uchun to‘la imkoniyatlar yaratilishini
ifodalaydi. Har bir millatning tili, qadriyatlari, urf-odatlari, an’analarini hurmat qilishni ta’minlash
milliy g‘oyaning amal qilishida umuminsoniy andozalar namoyon bo‘lishi uchun asos yaratadi.
Shaxs erkinligini ta’minlashda siyosiy va huquqiy institutlarning demokratik asosdagi
tizimini shakllantirish muhimdir. Shu bilan birga bunda xususiy tadbirkorlik faoliyati, bozor
munosabatlari jarayonida shaxsning ijtimoiy faolligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Fikrimizcha, O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson erkinligi o‘zining to‘g‘ri, maqbul talqinini
topgan, ya’ni unda erkinlik boshqalarga zarar keltirmaydigan faoliyat sifatida baholangan. Zero,
jamiyat va davlat, ijtimoiy tuzum va siyosiy institutlar o‘rtasidagi munosabat individ, ijtimoiy
birliklar va guruhlar o‘rtasidagi munosabatlarga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lib, ularning barchasi
milliy g‘oya tamoyillari asosida uyg‘unlashtirishni talab etadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda hokimiyat va boshqaruv idoralari faoliyati samaradorligi
oshirilmoqsa, jamoat tashkilotlarining yangi qiyofasi shakllanmoqda, ta’bir joiz bo‘lsa, siyosiy
tizim modernizatsiyasi yuz bermoqda. Bu jarayonga milliy g‘oya tamoyillarini uzviy tarzda
singdirib borish va ularni demokratik institutlar faoliyatining tarkibiy qismiga aylantirign muhim
ahamiyat kasb etadi.
Jamiyat hayotini erkinlashtirish milliy g‘oyani xalqimiz qalbi va ongiga singdirishning
muhim shartidir. Milliy g‘oya siyosiy voqelikni uyg‘unlashtirib, turli shaxslar, ijtimoiy guruhlar
ehtiyojlarini mutanosiblashtiradi, ularni mavjud imkoniyatlar asosida bir-biri bilan yaqinlashtiradi
va shu ma’noda, demokratik qadriyatlarning nufuzini oshiradi. Kishilar ongini mahalliychilik,
urug‘-aymoqchilik, mahdudlik kabi ijtimoiy illatlar asoratidan poklash, yot g‘oyalarga nisbatan
mafkuraviy immunitetni shakllantirish, mafkuraviy kurashda to‘g‘ri yo‘l tanlash va jaholatga
qarshi ma’rifat bilan kurashish milliy g‘oyaning xalqimizning qalbi va ongiga teran singdirilishi
bilan bog‘liq. Milliy g‘oyani amalga oshirish «kuchli davlatdan — kuchli jamiyat sari»
konsepsiyasiga asoslanadi va undan kelib chiqib, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha
sohalarini erkinlashtirishda manfaatlar uyg‘unligini ta’minlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Milliy mafkura shaxs erkinligi g‘oyasiga tayanadi. O‘z haq-huquqini taniydigan, o‘z kuchi
va imkoniyatlariga tayanadigan, atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga mustaqil munosabat
bilan yondashadigan, ayni paytda, shaxsiy manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan
uyg‘un holda ko‘radigan insongina milliy g‘oya tamoyillarini to‘g‘ri baholay oladi. Erkinlashtirish
jarayonida inson haq-huquqini ta’minlash, gumanizm va umuminsoniy qadriyatlarga rioya etib
yashash jamiyatimiz hayotining asosiy mezoniga aylanib bormoqda. Jamiyatda loqaydlik,
beparvolik, boqimandalik, poraxo‘rlik kabi illatlarning payini qirqish, odamlar qalbida yuksak
ishonch va e’tiqodni qaror toptirish, axloqan pok, ma’naviy boy, ijtimoiy faol, jismonan baquvvat
avlodni voyaga yetkazish, ularda vatanparvarlik, mehnatsevarlik, odamiylik kabi olijanob
fazilatlarni tarbiyalash milliy g‘oya ta’sirchanligini oshiribgina qolmay, demokratik jamiyat barpo
etish borasidagi intilishlarimiz samaradorligini ham oshiradi.
Shu o‘rinda erkinlik kategoriyasining ijobiy va salbiy jihatlarga ega ekanini ham ta’kidlash
zarur. Uning ijobiy jihati shaxsning o‘z manfaatlariga muvofiq ravishda harakat qilish
imkoniyatini ifodalaydi. Bunda shaxs biror-bir moddiy va ma’naviy ne’matga intilib, shu yo‘lda
zarur harakatlar qilishi mumkinki, bu xatti-harakatlar boshqalarning intilish va manfaatlariga zid
kelmasligi kerak.
Chunki adolat chegarasi, erkinliklar meyori aynan shu asosda shakllanadi.
Dostları ilə paylaş: