Empirik tadqiqot metodlari. O‘rganilayotgan har qanday ob’ekt haqida egallanadigan bilvosita bilim empirik bilish deb ataladi.Kuzatish empirik bilishning asosiy metodidir. Kuzatish–narsa va hodisalarni izchil passiv kuzatish bo‘lib, unda asosan, sezgi a’zolarining ma’lumotlariga tayanadi. Kuzatish jarayonida biz bilish ob’ektining nafaqat tashqi tomonlari haqida, balki, pirovard maqsad sifatida uning muhim xossa va munosabatlari haqida ham bilim olamiz. Kuzatish bevosita yoki turli asboblar va boshqa texnik uskunalar yordamida bilvosita amalga oshirilishi mumkin. Fan rivojlanishi bilan kuzatish tobora murakkablashib, uning vositalari ko‘payib bormoqda. Ilmiy kuzatishga qo‘yiladigan asosiy talablar: maqsad (kuzatish ob’ekti)ning aniqligi; qayta kuzatish orqali yoki boshqa metodlar (masalan, eksperiment) yordamida nazorat qilish mumkinligi. Kuzatish natijalarini talqin qilish, asboblarning ko‘rsatkichlarini o‘qish va shu kabilar muhim ahamiyatga ega. Kuzatuv ilmiy bilish uchun o‘ta zarur, chunki u bo‘lmasa, fan boshlang‘ich axborot ololmas, ilmiy dalillar va empirik ma’lumotlarga ega bo‘lmas, o‘z-o‘zidan ma’lumki, nazariy bilimni ham qurib bo‘lmas edi. Kuzatuv ilmiy bilish uchun o‘ta zarur, chunki u bo‘lmasa, fan boshlang‘ich axborot ololmas, ilmiy dalillar va empirik ma’lumotlarga ega bo‘lmas, o‘z-o‘zidan ma’lumki, nazariy bilimni ham qurib bo‘lmas edi.
SHuningdek, kuzatuvning tashkil etilishiga bog‘liq holda u ochiq va yashirin, dala va laboratoriya kuzatuvi, qayd etish turiga ko‘ra – qayd etuvchi, baholovchi va aralash bo‘ladi. Axborot olish turiga ko‘ra kuzatuvlar bevosita va instrumental turlarga bo‘linadi. O‘rganilayotgan ob’ektlarni qamrab olish hajmiga ko‘ra esa yalpi va tanlab kuzatish farqlanadi; takrorlanishiga ko‘ra – doimiy, davriy va bir martalik kuzatuvlar bo‘ladi. Kuzatuvning tez-tez uchrab turadigan xili – o‘z-o‘zini kuzatuv bo‘lib, u, masalan, psihologiyada keng tarqalgan. Biroq kuzatuv bilish uslubi sifatida qator jiddiy kamchiliklarga ham ega. Tadqiqotchining shaxsiy xususiyatlari, uning manfaatlari, nihoyat, uning psihologik holati kuzatuv natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tadqiqotchi muayyan natijaga ega bo‘lish, o‘zida mavjud farazlarni tasdiqlashga qaratilganida kuzatuvning ob’ektiv natijalarini buzilishiga yanada ko‘proq moyil bo‘ladi.
Kuzatuvning ob’ektiv natijalarini olish uchun intersub’ektivlik talablariga rioya qilish lozim, ya’ni kuzatuv ma’lumotlari, imkon qadar, boshqa kuzatuvchilar tomonidan ham olinishi va qayd etilishi shart (va/yoki mumkin). Bevosita kuzatishni asbob-uskunalar bilan almashtirish kuzatuv imkoniyatlarini cheksiz tarzda kengaytirib yuboradi, ammo u ham sub’ektivlikni istisno etmaydi; bu kabi bilvosita kuzatuvni baholash va tushuntirish sub’ekt tomonidan amalga oshiriladi va shuning uchun tadqiqotchining ta’siri baribir ro‘y beradi.
Eksperiment–o‘rganilayotgan jarayonga faol va izchil aralashish, eksperimentning maqsadlariga muvofiq maxsus yaratilgan hamda nazorat ostiga olingan sharoitlarda tadqiq qilinayotgan ob’ektni tegishli tarzda o‘zgartirish yoki uni aks ettirish. Eksperiment jarayonida o‘rganilayotgan ob’ekt uning mohiyatini buzib ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlardan ajratiladi va «sof shakl»da ifoda etiladi.
Eksperimentning asosiy xususiyatlari:
a) tadqiqot ob’ektiga (kuzatishdagiga qaraganda) yanada faolroq munosabat, shu jumladan, uni o‘zgartirish va qayta tuzish;
b) ob’ektning xulq-atvorini nazorat qilish va natijalarni tekshirish imkoniyatining mavjudligi;
v) tadqiqotchining xohishiga ko‘ra, o‘rganilayotgan ob’ektni bir necha marta aks ettirish mumkinligi;
g) hodisalarning tabiiy sharoitlarda kuzatilmaydigan xossalarini topish imkoniyatining mavjudligi.
Eksperimentlarning turlari juda xilma-xildir. Vazifalariga qarab tadqiqot (qidirish), tekshirish (nazorat) va aks ettirish eksperimentlari farqlanadi. Ob’ektlarning xususiyatiga qarab fizik, kimyoviy, biologik, ijtimoiy va h.k. eksperimentlar farqlanadi. Sifat va son eksperimentlari ham mavjud. Fikriy eksperiment–ideallashtirilgan ob’ektlar haqida fikr yuritish proseduralari tizimi hozirgi zamon fanida keng tarqalgan.
Taqqoslash–ob’ektlar (yoki ayni bir ob’ektning rivojlanish bosqichlari)ning o‘xshash yoki farqli jihatlarini, ya’ni ularning ayniyligi va tafovutlarini aniqlovchi bilish operasiyasi. U faqat turkum hosil qiluvchi turdosh predmetlar majmuidagina ma’no kasb etadi. Predmetlarni turkumda taqqoslash ayni tadqiqot uchun muhim belgilarga qarab amalga oshiriladi. Bunda bitta belgiga qarab taqqoslanayotgan predmetlarni boshqa belgiga qarab taqqoslash bo‘lmasligi ham mumkin. Taqqoslash mantiqiy usul–analogiyaning (quyida qarang) negizi hisoblanadi va qiyosiy-tarixiy metodning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Uning maqsadi–ayni bir hodisa yoki birgalikda mavjud har xil hodisalar rivojlanishining turli bosqichlari (davrlari, darajalari)ni bilishda umumiy va xususiy holatlarni aniqlash.
Tavsiflash–tajriba (kuzatish yoki eksperiment) natijalarini fanda qabul qilingan ma’lum belgilash tizimlari yordamida qayd etishdan iborat bilish operasiyasi O‘lchash–qabul qilingan o‘lchov birliklarida o‘lchanayotgan kattalikning son miqdorini topish maqsadida ma’lum vositalar yordamida bajariluvchi amallar majmui. O‘lchashning tuzilmasi quyidagi elementlardan tashkil topadi:
-bilish sub’ekti, muayyan bilish maqsadlarida o‘lchashni amalga oshiradi;-o‘lchash vositalari,tabiiy va inson tomonidan yaratilgan;
-o‘lchash ob’ekti, ya’ni o‘lchanadigan kattalik yoki qiyoslash amaliyotini qo‘llash mumkin bo‘lgan xossa;
-o‘lchash usuli ya’ni, o‘lchash asboblari yordamida bajariladigan amaliy harakatlar, operasiyalar yig‘indisidan iborat bo‘lib, o‘z ichiga muayyan mantiqiy va hisoblash amaliyotlarini ham oladi;
-o‘lchash natijasi, nomlangan kattalikdan iborat bo‘lib, tegishli nomlar yoki belgilar yordamida ifodalanadi.
-O‘lchash aniqligi muammosi ham empirik bilish uslubi sifatida shu kabi o‘lchashning gnoseologik asoslariga oid hisoblanadi. O‘lchash aniqligi o‘lchash jarayonidagi quyidagi ob’ektiv va sub’ektiv omillarga bog‘liq.
-o‘rganilayotgan ob’ektda u yoki bu turg‘un miqdor ta’riflarini ajratib olish imkoniyati murakkab, ba’zan esa buning umuman iloji bo‘lmaydi;
-o‘lchash vositalari imkoniyatlari (ularning mukammallik darajasi) va o‘lchash jarayoni kechayotgan sharoitlar. Qator hollarda kattalikning aniq qiymatini topishning umuman imkoni yo‘q. Masalan, elektronning atom atrofidagi traektoriyasini aniqlash mumkin emas va h.k.
O‘lchashning sub’ektiv omillari qatoriga o‘lchash usulini tanlash, ushbu jarayonni tashkil qilish va sub’ektning bilish imkoniyatlari – eksperiment o‘tkazuvchi malakasi, uning olingan natijalarini to‘g‘ri va savodli izohlab berish mahorati kiradi.
Bevosita o‘lchash bilan birga ilmiy eksperiment o‘tkazish jarayonida bilvosita o‘lchash uslubi keng qo‘llanadi. Bilvosita o‘lchashda izlanayotgan kattalik dastlabki funksional bog‘liqlik bilan bog‘liq boshqa kattaliklarni bevosita o‘lchash asosida aniqlanadi. Jism massasi va hajmining o‘lchangan qiymatlariga ko‘ra uning zichligi aniqlanadi; o‘tkazgichning solishtirma qarshiligi qarshilikning o‘lchangan kattaliklari, o‘tkazgichning ko‘ndalang kesimi uzunligi va maydoniga ko‘ra topilishi mumkin va h.k. Ayniqsa ob’ektiv reallik sharoitida bevosita o‘lchash mumkin bo‘lmaganida bilvosita o‘lchash uslubining roli katta. Masalan, har qanday kosmik ob’ekt (tabiiy)ning massasi boshqa fizik kattaliklarni o‘lchash ma’lumotlarini qo‘llashga asoslangan matematik hisob-kitoblar yordamida aniqlanadi.