12.5. Ish haqi va boshqa to‘lovlarni hisoblash Ishchi va xizmatchilarga ish haqi bo‘yicha hisoblashishlarni olib borish
buxgalteriya hisobining schyotlar rejasida quyidagi schyotlardan foydalanish
ko‘zda tutilgan:
6710-“Mehnat haqi bo‘yicha xodim bilan hisoblashishlar”;
6720-“Deponentlangan ish haqi”.
6710-“Mehnat haqi bo‘yicha xodim bilan hisoblashishlar” hisobvarag‘ining
kredit tomonida mehnat haqi, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar,
pensiyalar va boshqa shu kabi summalarning hisoblab yozilishi aks ettiriladi. 6710-
“Mehnat haqi bo’yicha xodim bilan hisoblashishlar” hisobvarag‘ining debet
tomonida hisoblangan mehnat haqini to‘lash va undan ushlanmalar aks ettiriladi.
6720-“Deponentlangan ish haqi” hisobvarag‘ida olinmagan ish haqi
bo‘yicha xodimlarga bo‘lgan qarzlar aks ettiriladi.
Mehnat shartnomalariga yoki ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatish
predmeti bo‘lgan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarga muvofiq jismoniy
shaxslarga hisoblanadigan va to‘lanadigan barcha to‘lovlar mehnatga haq to‘lash
tarzidagi daromadlar deb e’tirof etiladi (Soliq kodeksining 172-moddasi). Ya’ni bu
holatda daromadlarga mehnat shartnomasiga ko‘ra majburiyatlarni bajarganlik
uchun haq sifatida olingan daromadlar (ish haqi, mukofotlar va boshqa to‘lovlar),
shuningdek fuqarolik-huquqiy majburiyatlar – pudrat, o‘zaro xizmat ko‘rsatish,
topshiriq shartnomalari bo‘yicha to‘lov sifatida olingan haq va boshqalar kiradi.
Mehnat haqining miqdori ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi kelishuvga
binoan belgilanadi (Mehnat kodeksining 153-moddasi). Bunda mehnat haqi qonun
hujjatlari bilan belgilangan eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas va uning
eng ko‘p miqdori biron bir tarzda cheklanmaydi.
Bayram va dam olish kunlarida ishlaganlik
uchun
ikki baravar miqdorda
haq to‘lanadi. Agar xodim buning hisobiga boshqa kuni otgul olsa, bir baravar haq
to‘lanadi.