Ikkilamchi kapital bozorlari Butun dunyoda eng jiddiy ikkilamchi kapital bozorlari rasmiy fond birjalari (fond bozorlari) hisoblanadi. Ular butun ikkilamchi bozorni o‘zida aks ettirmaydi, ushbu bobning keyingi o‘rinlarida ko‘rib chiqilganidek, har holda Buyuk Britaniyada shunday. Biroq dunyodagi rasmiy fond birjalari milliy va tobora ko‘proq - xalqaro qimmatli qog‘ozlar savdosi uchun asosiy maydon sanaladi. Ushbu rasmiy fond birjalarining aksariyati birlamchi bo‘lgani kabi, ikkilamchi bozor funksiyasini ham bajaradi.
Ikkilamchi kapital bozorining mavjudligi uzoq muddatli moliyalash yordamida mablag‘lar jalb qilishni istaydigan kompaniyalar uchun o‘ta muhimdir. Umuman olganda, agar istalgan paytda ularni sotish va o‘zining pul qo‘yilmalarini qaytarib olish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, potensial uzoq muddatli investorlar aksiyalar yoki obligatsiyalarni sotib olishga rozi bo‘lmaydi. Kompaniyalar o‘zining qimmatli qog‘ozlarini qayta sotib olish uchun pulni hamisha tayyor ushlab turishi nomuvofiq chora bo‘lganligi bois, qimmatli qog‘ozlar egalari ularni boshqa xohlovchilarga sotishi mumkin bo‘lgan ikkilamchi kapital bozorining mavjudligi zarurdir. Ikkilamchi bozor instrumentlarining mavjud emasligi mablag‘larni uzoq muddatga jalb qilishni imkonsiz holga aylantiradi yoki eng yaxshi holatda, investorlar talab qiladigan daromadlilik tufayli bu juda qimmatga tushadi. Ayrim tahlilchilarning fikricha, rivojlanayotgan mamlakatlar ko‘pincha aynan tan olingan ikkilamchi kapital bozorlarining mavjud emasligi va o‘z navbatida, investitsion uzoq muddatli moliyalashtirishning yetishmasligi tufayli industrial hamda iqtisodiy taraqqiyotda orqada qolishadi.
Narx samaradorligi (price efficiency) Potensial investorlar nafaqat o‘z qimmatli qog‘ozlarini sotish va pulni o‘zlari xohlagan paytda va usulda olish imkoniga ega bo‘lishni talab etishadi, shuningdek, ular o‘z kapital qo‘yilmalarining narxi samarali bo‘lish-bo‘lmasligiga ham qiziqish bildirishadi. Narxni shakllantirish ko‘lamida samaradorlik savdo istiqbollari to‘g‘risida barcha mavjud axborot kompaniyaning qimmatli qog‘ozlari qiymatida muttasil, to‘liq va oqilona tarzda aks ettirilishini anglatadi. Ya‘ni aytish mumkinki, muayyan qimmatli qog‘ozning bozor bahosi ushbu qimmatli qog‘ozga egalik uning egasiga keltiradigan kelgusi iqtisodiy foydaning joriy (diskontlangan) qiymatini o‘zida aks ettiradi. Bu sarmoyadorlar uchun juda muhim, chunki umuman olganda, ular muayyan vaqtda narxning oqilona o‘rnatilishini va u taqdirning hukmiga tashlab qo‘yilmasligini afzal ko‘rishadi. Kapital bozori menejerlar va investorlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zida mujassamlashtirgani uchun, samaradorlik menejerlar tomonidan qabul qilingan moliyaviy qarorlar kompaniyaning qimmatli qog‘ozlar kurslarida aks etishini, o‘z navbatida, aksiyadorlarning moddiy farovonligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta‘sir ko‘rsatishini eng muhim holat sifatida qayd qilish mumkin. Aksiyadorlarning moddiy farovonligini maksimallashtirish boshqaruv qarorlarining umumqabul qilingan asosiy mezoni ekanligiga bog‘liq ravishda, menejerlar faoliyatini bunday aks ettirish muhim sanaladi va bir qator oqibatlarga ega.
Ushbu bobda London fond birjasi (London Stock Exchange, LFB) mexanizmlari misolida biz uning ikkilamchi bozor sifatida o‘rni va ahamiyatini qisqacha ko‘rib chiqamiz, keyin esa uning samaradorligini keng ma‘noda o‘rganishga kirishamiz. Xulosa qismida esa, London fond birjasining samaradorligi (yoki uning mavjud emasligi) investorlar va moliyaviy menejerlar uchun nimani anglatishini tahlil qilamiz.