Xulosa. Pullarning muntazam aylanishi sharoitida diqqat-e’tibor banklar va chakana savdo korxonalarida yuqori shaffoflik, sifat va xavfsizlik, shuningdek naqd pul muomalasini tashkil etishga harajatlarni sezilarli kamaytirish uchun naqd pullar aylanishini optimallashtirishga qaratiladi.
Pul aylanishini ikki asosiy belgiga: jami ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish va pulning funksiyalariga ko‘ra tarkibiy qismlarga bo‘lish mumkin.
Pul oboroti investitsiya bilan bog‘liq harajatlarni, sug‘urta jarayonlarini amalga oishirishni, mulkni, hayotni, transport vositalarni, bog‘larni va boshqa buyumlarni sug‘urta qilish va uni to‘lashni o‘z ichiga oladi.
Pul aylanishi aholi tomonidan uy-joy, kommunal xizmatlar, gaz elektr energiyasi, aloqa xizmatlari uchun to‘lovlar, madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalariga to‘lovlar, transport uchun va boshqa to‘lovlarni, a’zolik badallari va paylarni to‘lashni o‘z ichiga oladi. Shunday qilib, pulning ayrim yo‘nalishlardagi harakatlarini ko‘rib chiqqan xolda, pul aylanishining mohiyatini quyidagicha ta’riflash mumkin. Pul aylanishi, bu naqd pullik va pul o‘tkazish yo‘li bilan olib boriladigan hisob-kitoblarning yig‘indisidir.
Pul aylanish tezligi uning pul muomala vositasi va to‘lov vositasi sifatida amal qilgandagi harakat ko‘rsatkichidir. Uning miqdorini hisoblash qiyin, shuning uchun uni hisob-kitob qilishda bilvosita ma’lumotlardan foydalaniladi. Sanoati rivojlangan mamlakatlarda pul aylanish tezligi quyidagi ko‘rsatkichlarga bog‘liq bo‘ladi:
-daromadlarning aylanishida tutgan o‘rni. Bu ko‘rsatkich pul muomalasi va iqtisodiy rivojlanish jarayoni orasidagi o‘zaro aloqadorlikni ko‘rsatadi.
-to‘lov aylanishida pulning aylanuvchanlik ko‘rsatkichi. Bu ko‘rsatkich joriy bank schyotlari bo‘yicha o‘tkazilgan mablag‘lar yig‘indisining pul massasi o‘rtacha qiymatiga nisbati sifatida aniqlanadi.
Pulning aylanish tezligining o‘zgarishi umumiqtisodiy hamda to‘la monetar omillariga bog‘liq. Pul qadrsizlangan hollarda iste’molchilar pullarining to‘lov qobiliyatlarini saqlab qolish uchun ko‘proq tovarlar harid qiladilar. Bu esa pul aylanishini tezlashtiradi. Boshqa ko‘rsatkichlar o‘zgarmas bo‘lganida pul aylanishining tezlashishi pul massasi oshishini bildiradi va inflyatsiyaga olib keluvchi bir omil sifatida maydonga chiqadi.
Iqtisodiyotdagi ahvolga qarab Markaziy bank o‘zining pul-kredit sohasidagi strategiyasini aniqlaydi. Bundan tashqari mamlakatdagi pul muomalasi hukumat tomonidan chiqarilgan qaror va farmoyish bilan ham boshqariladi. Bunga misol qilib korxona va tashkilotlarning kassa tushumi rejasining bajarilishi ustidan qattiq nazorat o‘rnatish, barcha savdo shahobchalarini inkassatsiyaga tortish, aholini o‘z daromadini davlat banklarida saqlashga targ‘ib qilish va ishontirish, qimmatli qog‘ozlar bozorini kengaytirish, hisob cheklaridan keng foydalanish, bank tizimini takomillashtirish, ya’ni plastik kartochkalarni joriy etish va boshqalar bularning hammasi muomaladagi pul massasining kamayishiga, emissiya miqdorining qisqarishiga olib kelishi mumkin.
Chet el iqtisodchilarining tadqiqotlarini olib qaraydigan bo‘lsak, yuqoridagidek pul aylanishini ikkiga bo‘lib o‘rganish yo‘q. Buning asosiy sababi, iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarda hisob-kitoblar asosan naqd pulsiz olib boriladi. Hisob-kitoblarni bu turlarda olib borish qulay va sharoitga mos keladi. Lekin, hali rivojlangan iqtisodga ega bo‘lmasdan turib, biz xorijiy davlatlarning hozirgi hisob-kitoblarning mavqei bilan o‘z hisob-kitob tizimimizni tenglashtira olmaymiz. Undan tashqari bozor iqtisodiga bosqichma-bosqich o‘tish, millshiy pul birligini barqarorlashtirish, muomaladagi pul massasini va pul emissiyasini kamaytirish masalalari dolzarb turgan bir sharoitda pul aylanishini naqd pullik va naqd pulsiz aylanishlarga bo‘lib o‘rganishimiz, ularning tarkibini takomillashtirishimiz, samarali yo‘llarni qo‘llab jamiyatimizda to‘laqonli pul aylanishini yaratishimiz va uni jamiyat rivojlanishi uchun xizmat qildirishimiz zarur. Mana shu sharoitgina rivojlangan xorijiy davlatlarga o‘xshab pul aylanishini tarkibiy qismlarga bo‘lmasdan tahlil qilishimiz mumkin. Shuni ta’kidlash kerakki, pul aylanishining ikki qismi bir-biri bilan uzviy bog‘liq, chunki pul naqd pul aylanishidan naqd pulsiz aylanishga o‘tadi va aksincha aylanib doimiy harakatda bo‘lib, umumiy pul aylanishini yuzaga keltiradi.
Iqtisodiy kategoriyaga amal qiluvchi har bir mamlakat rivojlanishining asosiy vositalaridan biri pul bo‘lib, bozor iqtisodiga o‘tish va unda ish yuritishda uning o‘rni va ahamiyati yanada oshib boradi. Pul – “bozor tili” deb bejiz aytilmagan. Har bir iqtisodiy axborot, tovarlar va xizmatlar bahosi, to‘lovlar, daromadu harajatlar, moliyaviy talablar va majburiyatlar, iqtisodiy aloqalar makro va mikro darajada faqat pulda ifoda qilinadi.
Bozor munosabatlariga o‘tish iqtisodiy kategori sifatida pulning, kreditning, foiz, soliq va boshqa kategoriyalarning mohichti va ahamiyatiga boshqacha yondashish zarurligini taqozo etadi.