Muhokama uchun savollar
1. Nima sababdan hozirgi zamon Xitoy iqtisodchisi uchun Adam
Smitni o‗rganishdan ko‗ra Guan Szini o‗rganish zarur bo‗lishi mumkin?
2. Yunonlar va sxolastlar yetishmovchilikning to‗liq ma‘nosi va
oqibatlarini tushunganlar, degan ta‘kidlashning ma‘nosi nima?
3. Jamiyatning iqtisodiy, siyosiy, sotsiologik va psixologik
jihatlarini umumiy jamiyatdan ajratishni to‗g‗ri, deb o‗ylaysizmi?
4. Samaradorlikning qaysi jihatlari ayrim yunon mutafakkirlarini
qiziqtirdi?
5. Iqtisodiy faoliyatning to‗g‗riligi bo‗yicha Aristotelning qarashlari
qanday bo‗lgan?
6. O‗z iste‘molingiz tarkibini baholash uchun Aristotelning ehtiyoj
bilan talablar o‗rastidagi farqdan foydalaning.
7. Feodal jamiyati bozor iqtisodiyoti jamiyatidan qanday farq
qiladi?
8. Platon, Aristotel va Avliyo Tomas Akvinskiy qarashlarida
xususiy mulkning maqsadga muvofiqligi bo‗yicha qanday farqlar
mavjud? Ular qarashlarini taqqoslang.
9. Adolatli narx konsepsiyasini tushuntirib bering va adolatli narxni
obyektiv aniqlashning qiyinchiliklari to‗g‗risida bayon yozing.
10. Sudxo‗rlik konsepsiyasning rivojlanishini tushuntirib bering va
bu g‗oyadan bizning jamiyatimizda qay tarzda hamon foydalaniladi?
42
III BOB
.
O„RTA ASR IQTISODIY QARASHLARI
3.1.
«Buyuk ipak yo„li»ning Markaziy Osiyoda iqtisodiy
munosabatlar rivojlanishidagi o„rni
Xitoy, Hindiston, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa
davlatlarini bog‗lovchi qadimgi savdo yo‗li - Buyuk ipak yo‗li, deb
ataladi. Bu yo‗l orqali asosan ipak eksport qilinganligi sababli «Ipak
yo‗li» nomi bilan shuhrat qozongan. Bu yo‗l m.av. II asrdan to milodiy
XV asrgacha, suv yo‗llari rivojlanguncha Xitoy, Hindiston, Markaziy
Osiyo, Eron, Yaqin Sharq hamda O‗rta Yer dengizi mamlakatlari
o‗rtasidagi savdo-sotiq va madaniy aloqalarning rivojida muhim rol
o‗ynagan.
Manbalarga qaraganda Sariq dengiz qirg‗oqlaridan Xuanxe
daryosidagi Sian shahridan boshlangan dastlabki yo‗l Lanchjou orqali
Dunxuanga kelgan (Xutan), u yerda ikkiga ajralib, biri shimoli-g‗arbga,
ikkinchisi janubi-sharqqa yo‗nalgan. Karvon yo‗lining umumiy uzunligi
12 ming chaqirim atrofida bo‗lgan. Nemis muarrixi K.Rixtgofen 1887-
yil ushbu yo‗nalishga ilk bor «Buyuk ipak yo‗li» degan nisbat beradi va
bu ibora muomalaga kiritiladi.
Shimoliy yo‗l Turfon orqali Tarim vohasiga va bu yerdan Qashqar
orqali Dovon (Farg‗ona vodiysi) ga borgan. U yerdan So‗g‗dning
markazi Samarqand va Marg‗iyona (Marv) ga yo‗nalgan. Ipak yo‗li
Farg‗ona vodiysida yana juft tarmoqqa bo‗lingan. Janubiy qismi
O‗zgandan O‗sh, Quva, Marg‗ilon, Qo‗qon orqali Xo‗jand, Samarqand,
Buxoro sari uzaygan. Keyingisi Axsi (Andijon) va Qamchiq dovonidan
o‗tib, Iloq vohasi hamda Toshkent tarafga engan. Demak, qamchiq
tarixiy yo‗lning uzviy bo‗lagi hisoblangan. Bu yo‗l Sharq va G‗arbni
turli jabhalarda bog‗lovchi yo‗ldir (savdo-sotiq, diplomatiya, madaniyat
va boshqalar).
Shu karvon yo‗li orqali Xitoydan ipak, Xitoyga esa har xil
gazlamalar, gilamlar va oyna, metall, zeb-ziynat buyumlari, qimmatbaho
tosh va dorivorlar keltirilgan.
XV-XVI asrlardan bu yo‗lning ahamiyati ancha pasaydi, ammo
Markaziy Osiyo respublikalarining siyosiy mustaqillikka erishuvi
tufayli, bu yo‗lni yanada jonlantirishga katta ehtiyoj tug‗ildi.
|