O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi toshkent davlat sharqshunoslik instituti



Yüklə 1,69 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə3/64
tarix01.11.2022
ölçüsü1,69 Mb.
#67039
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   64
Kitob 5536 uzsmart.uz

 KIRISH 
O‘rta asrlarda ko‘p yillar davomida kuchli madaniy yuksalish yuz bergan
xalifalik shaharlarida savdo-sotiq rivojlanib, dorilfunun va kutubxonalarga asos 
solingan. Fan va madaniyat gullab-yashnagan davrda arablar katta ma’naviy 
qadriyatlarni yaratganlar. Ular orasida arab mumtoz adabiyoti, shubhasiz, 
dastlabki o‘rinlardan birini egallaydi. 
Sharq va O‘rta yer dengizi xalqlarining ko‘p asrlik madaniy an’analarini 
o‘zlashtirgan ushbu adabiyotning Yevropa adabiyotiga ta’siri juda katta bo‘lgan. 
Muhabbat she’riyati, mardlar romani, hayvonlar haqidagi didaktik hikoyalar – 
bular Yevropada arab adabiyoti ta’sirida rivojlangan janrlarning ayrimlari, xolos. 
Hatto Yevropa she’riyatining tuzilishiga ham Sharq ta’siri seziladi.
Hozirgi davrda arab tilida so‘zlashuvchi, tarixiy taqdiri bir bo‘lgan, tarixiy-
madaniy an’analar bilan bog‘langan hamda Atlantika ummonidan Eron 
chegaralarigacha, O‘rta yer dengizi sohillaridan boshlab Nil daryosining 
boshlanishigacha cho‘zilgan ulkan makonda yashovchi bir qator Osiyo va Afrika 
xalqlari arablar deb ataladi. Hozirgi zamon arab adabiyoti deganda, garchi yagona 
o‘rta asrlar an’analari zaminida shakllangan va ko‘pgina o‘xshash jihatlarga ega 
bo‘lgan, ammo ijtimoiy va badiiy jihatdan mustaqil hodisa bo‘lgan arab xalqlari 
adabiyotlarining majmui tushuniladi.
Biroq, «arablar» so‘zi turli tarixiy davrlarda har xil mazmun anglatgan. Shu 
bois o‘rta asr, yoki mumtoz arab adabiyoti haqida so‘z yuritishdan avval aynan 
kimni ushbu adabiyotning yaratuvchilari va egalari deb atashimizni, yoki, 
oddiyroq qilib aytganda, o‘rta asrlarda kimlar arablar deb atalganligini aniqlab 
olishimiz zarur. 
VII–VIII 
asrlargacha 
arablar 
deganda 
Arabiston 
yarimorolining 
ko‘chmanchi, o‘troq aholisi tushunilgan.
Mil. av. 1-ming yillikdayoq arab qabilalari ushbu yarim orolga chegaradosh 
viloyatlarga kira boshlaganlar. VII–VIII asrlarda g‘arbda Fransiya chegaralaridan 
boshlab sharqda Xitoy chegaralarigacha bo‘lgan ulkan hududlar arab 
ko‘chmanchilarining hukmronligiga o‘tgan. Arabistonning ba’zi qabilalari zabt 



etilgan mamlakatlar hududiga (asosan Suriya, Ikki daryo oralig‘i, Janubiy Eron, 
Misr, Shimoliy Afrikaga) ko‘chib o‘tganlar. 
Arab istilolarining zabt etilgan xalqlar taqdiriga ta’siri hamma joyda ham bir 
xil bo‘lmagan. Mustamlaka viloyatlarning ba’zi xalqlari bir necha asrlar o‘tgach 
batamom arablashganlar, ya’ni zobitlarning tili va dinini o‘zlashtirganlar. Ushbu 
jarayon aholisi istilo bo‘lishdan avval ham somiy guruhidagi tillarda so‘zlashgan 
viloyatlar (Iroq, Suriya, qisman Misr)da hammadan ko‘ra muvaffaqiyatliroq 
kechgan. Istilo qilingan xalqlarning boshqalari (Eron aholisi, O‘rta Osiyo va 
Kavkazortining turkiy xalqlari), arablarning dinini qabul qilganlar. Nihoyat, 
uchinchi toifadagi xalqlar (armanlar, gruzinlar va h.k.) arablashtirish siyosatiga 
qarshi tura olganlar hamda o‘z madaniyati, dini va tilini saqlab qolganlar.
Arablar istilosidan keyin, aniqrog‘i – ular mahalliy aholi ichida asta-sekin 
singib ketganlaridan so‘ng nafaqat ko‘chmanchi bosqinchilar, balki arab tili va 
islom dinini qabul qilgan mustamlaka hududlarining aholisi ham arablar deb 
ataladigan bo‘ldi. Istilo qilingan viloyatlarning arablashgan aholisi hamda arablar 
birgalikda hozirgi arab xalqlari hosil bo‘lishida etnik asos bo‘ldi.
Barcha mustamlaka viloyatlarda yozma tilni yagona arab adabiy tili tashkil 
qila boshladi. Bu tilda butun o‘rta asr arab adabiyoti ham yaratila boshlandi. 
Xalifalikning deyarli barcha ma’lumotli kishilari, millati va diniy mansubligidan 
qat’i nazar, yozma arab tilida so‘zlashganlar va yozganlar. Ushbu til Yaqin va 
O‘rta Sharq xalqlari uchun yagona xalqaro til edi.
Mazkur yozma til qadimgi arab tili hamda Arabiston qabilalarining shevalari 
asosida shakllandi. Og‘zaki nutqda xalifalikning arab viloyatlaridagi aholisi 
shevalardan foydalanganlar. Ular o‘rtasidagi farq, ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, 
juda katta edi. 
Qadimgi arab tilining yozma yodgorliklari milodning I asriga borib 
taqaladigan Arabiston va Suriya janubidagi qoyatoshlardagi yozuvlarda 
ifodalangan. Ilk mumtoz arab tilida islom dinidan avvalgi (V–VII asrlar) she’riyat 
asarlari yaratilgan. Ushbu asarlar og‘zaki ravishda tildan-tilga o‘tib kelgan bo‘lib, 



arab tilshunoslari faqat VIII–X asrlardagina ularni yozma shaklga keltirganlar. 
IX–X asrlarda mumtoz davr adabiy tili uzil-kesil shakllangan.
Mumtoz arab tilida nihoyatda boy ilmiy va badiiy adabiyot mavjud. Uni 
yaratishda nafaqat arablar, balki fath qilingan mamlakatlarning aholisi ham 
ishtirok etgan. 
Hozirgi vaqtda arab tili – somiy guruhiga kiruvchi eng ko‘p tarqalgan tildir.
Arab davlati eng qudratli bo‘lgan VIII–X asrlar tarixga arab madaniyati va 
adabiyoti gullab-yashnagan davr sifatida kirgan. 
Ulkan siyosiy tashkilot bo‘lmish xalifalik mustahkam chiqmadi. IX asrdayoq 
boshlangan va XI asrga kelib yakunlangan uning parchalanishi madaniyatning 
ham tanazzuliga olib keldi. Mo‘g‘ullar XIII asrning o‘rtalarida xalifalikning 
sharqiy arab viloyatlariga dahshatli zarba berdilar. XVI asr boshida mo‘g‘ul 
istilochilari o‘rnini usmoniy turklar egalladilar. XVIII asrdan boshlab esa, arab 
mamlakatlari Yevropadagi qudratli mamlakatlarning mustamlaka ob’ektiga 
aylandilar. Siyosiy tarqoqlik arab viloyatlarining madaniy jihatdan ajralib 
ketishiga sharoit yaratdi.
Usmonli turklar Arabistonning sharqida hukmronlik qilgan davrda Usmon 
imperiyasining arab viloyatlaridagi barcha rasmiy va ish bilan bog‘liq 
yozishmalar turk tilida yuritildi; arab adabiy tili ko‘p darajada unutildi. 
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab keng miqyosli aksilfeodal va milliy 
ozodlik harakatlari asosida arab madaniyati va adabiyoti tiklana boshladi. Ushbu 
davrda hozirgi zamon arab adabiyoti avvalo alohida arab mamlakatlarining milliy 
adabiyoti sifatida shakllana boshlagan. 
Mazkur kitobimiz bag‘ishlangan o‘rta asr arab og‘zaki va yozma adabiyotida 
quyidagi davrlarni ajratish mumkin – qadimgi arab og‘zaki adabiyoti (V–
VII asrlar) va o‘rta asr arab adabiyoti (VIII–XVIII asrlar). 
Qadimgi arab she’riyati og‘zaki bo‘lgan. U Arabistonning ko‘chmanchi va 
o‘troq qabilalarida urug‘chilik tuzumi sharoitida kelib chiqqan va o‘z xarakteriga 
ko‘ra asosan VIII asr o‘rtalarigacha qabilaviy va badaviy she’riyat sifatida 
saqlanib qolgan. Bizgacha yetib kelgan qadimgi arab nasri (afsonalari, masallari, 



maqollari, notiqlik san’ati asarlari) ham, shuningdek keyingi davrlardagi 
yozuvlarda aks etgan qadimgi arab she’riyati ham og‘zaki bo‘lgan. Doimo 
muallifiga ega bo‘lgan qadimgi arab she’riyatidan farqli ravishda, qadimgi arab 
nasriga oid asarlar ko‘pincha folklor xususiyatga ega bo‘lgan. 
Qadimgi arab adabiyoti arablar va forslarning o‘rta asrlar adabiyotlari 
tarixida umumiy «antiklik» sifatida baholanishi mumkin. 
VIII asrdan boshlab arab yozma adabiyoti rivojlana boshlagan. Unda feodal 
jamiyatning turli qatlamlariga xos qarashlar, arab istilochilari zabt etgan 
xalqlarning manfaatlari, turli bid’at ta’limotlar borgan sari ko‘proq aks etgan. 
Arab adabiyotini yaratishda mustamlaka hududlarning islom diniga kirgan va arab 
tilini qabul qilgan aholisi faol ishtirok etgan. 
Arablarning o‘rta asr adabiyotida uchta davrni ajratish mumkin: 

ilk o‘rta asr adabiyoti (VII asr oxiri – VIII asr o‘rtalari); 

mumtoz adabiyotning gullab yashnagan davri (VIII asr o‘rtalari – 
XII asr); 

kech o‘rta asr adabiyoti (XIII–XVII asrlar). 
O‘rta asr arab she’riyati saroy, madhiya xususiyatiga egaligiga qaramay, 
unda qabilaviy she’riy an’analar hali juda kuchli bo‘lgan. Bu davrdagi nasr, xuddi 
qadimgi arab nasri singari, hamon og‘zaki, «notiqlik» xususiyatiga ega. Mumtoz 
arab adabiyotining gullab-yashnagan davri – xalifalikning ko‘p sonli xalqlari arab 
madaniyatini yaratish jarayonida keng ishtirok etgan davr. Bu davrga nasr va 
nazmning barcha janrlari – ishqiy va falsafiy lirika, madhiya she’riyati, qisqa 
hikoyalar va shu kabilarning gullab-yashnaganligi xosdir. Nihoyat, kech o‘rta 
asrlardagi arab adabiyotiga saroy she’riyatining tanazzuli hamda sufiylik 
she’riyatii, shahar hikoyanavisligi va xalq romanchiligining yuksalishi xosdir. 
VIII–XV asrlardagi arab-ispan (andaluziya) adabiyoti o‘rta asr arab adabiyotining 
alohida tarmog‘idir.
Arab mumtoz adabiyotini o‘rganish arab mamlakatlarining o‘zlarida ham, 
sobiq Ittifoq davri va G‘arb mamlakatlarida ham katta an’anaga ega. O‘rta asr 
arab 
olimlari 
(antologiyalar 
tuzuvchilari, 
sharhlovchilar 
va 
adabiyot 



nazariyachilari) 
hamda 
hozirgi 
zamon 
arab 
adabiyotshunoslari
– Jo’rji Zaydon, Muhammad Kurd Ali, Anis al-Maqdisiy, Taxa Husayn, Shavqi 
Dayf, Fuad al-Bo‘stoniy, Marun Abbud va boshqalar arab adabiyoti tarixining 
ayrim masalalarini tadqiq etish uchun ham, butun adabiy jarayonning manzarasini 
tiklash uchun ham ko‘p ishlar qildilar. 
Arab adabiyoti tarixini o‘rganishga rus tadqiqotchilari V. R. Rozen, 
I. Yu. Krachkovskiy, A. Ye. Krimskiy ham katta hissa qo‘shganlar. Arab 
adabiyoti tarixida I. Yu. Krachkovskiy o‘z kitobi, maqolasi yoki qisqa xotirasini 
bag‘ishlamagan taniqli shoir yoki yozuvchisini topish qiyin. Afsuski, taniqli rus 
olimining umumlashtiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan rejalashtirgan asarini 
tamomlashiga ko‘pgina sabablar xalal bergan. U rejalashtirgan jamoaviy asar 
haqida faqat uning xomaki rejasiga qarabgina xulosa chiqarishimiz mumkin. 
G‘arbiy Yevropa olimlaridan Silvestr de Sasi, Xammer, T. Neldeke, F. Vyusten 
feld, Ye. Levi-Provansal, A. Peres, I. Goldsier, K. Brokelmann, R. A. Nikolson, 
X. A. R. Gibb, R. Blasher, J. Gabrieli ham arab mumtoz adabiyotini tadqiq etish 
borasida ko‘p mehnat qildilar. Arab, rus va G‘arbiy Yevropa olimlarining ishlari 
natijasida arabshunoslik hozirgi zamon sharqshunosligining eng rivojlangan 
sohalaridan biriga aylandi. 

Yüklə 1,69 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   64




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin