3.2. Sharsimon bakteriyalar
Sharsimon bakteriyalar kokklar (coccus - yunoncha so`z bo`lib, don yoki sharcha degani). Kokklarning diametrlari 0,5-1 mkm atrofida bo`ladi. Hujayralarning bo`linish tekisligini qandayligiga qarab va bo`lingandan so`ng hujayralarning bir - biri bilan bog`liqligini saqlanishi va natijada hujayralarning joylanishiga ko`ra quyidagi morfologik guruhlarga ajratiladi (4 - rasm).
Mikrokokklar hujayralari sferasimon bo`lib, 0,5-3,5 mkm diametrga ega. Ular bo`linganda bir necha tekislikda bo`linish xususiyatiga ega. Bittadan o`chraydi yoki to`p-to`p bo`lib har xil to`plamlar hosil qiladi. Ular havoda, suvda, tuproqda, oziq-ovqatlarda va boshqa substratlarda yashaydi. Ularning oralarida ko`pincha rangli, pigmentlilari topiladi.
Diplokokklar (diplos - lotincha ikkilik degani) hujayralari bir tekislikda bo`linadi so`ngra tarqalmaydi, natijada ikkitadan birlashgan hujayralar hosil bo`ladi. Ular orasida kasal qo`zg`atuvchilari bor: pnevmoniya, gonoreya, meningit kabi kasalliklar.
Tetrakokklar (tetra - lotincha to`rt so`zidan) to`rt hujayradan tashkil topgan. Bu esa hujayralarning ikki bir-biriga perpendikular bo`lgan tekislikda bo`linishidan hosil bo`ladi. Tetrakokklarning hamma ma'lum vakillari saprofitlardir.
Streptokokklar (streptus - yunoncha zanjir degani) hujayralarning bir tekislikda bo`linishidan hosil bo`lgan hujayralar zanjiridir. Hujayralar dumaloq yoki sal cho`zilgan shaklga ega bo`lib, diametri 2 mkm chadir.
Streptokokklar ichida ham saprofitlari, ham kasal qo`zg`atuvchilari (odam va hayvonlarda yiringli yara hosil qiluvchilari bordir.
Sartsinalar (sarcina - lotincha birlashtiraman degani) 8 va undan ko`p hujayradan kubsimon joylashgan paketlar hosil qiladi. Uning har bir tomonida 4 tadan hujayra bo`ladi. Bu shakl hujayraning uchta bir-biriga perpendikular tekislikda bo`linishidan hosil bo`ladi. Hujayralar shakllari sharsimon bo`lib, diametrlari 1,8-3,0 mkm bo`ladi. Sartsinalarning har xil turlari havoda keng tarqalgandir. Ularning hammasi saprofitlar, patogenlari hali uchratilmagan.
Stafilokokklar (staphilo - yunoncha uzum shingili degani) hujayraning har xil tekislikda tartibsiz bo`linishidan hosil bo`ladi va uzum shingilining joylashishini eslatadi. Hujayra sharsimon bo`lib, diametri 0,8 - 1,5 mkm ni tashkil etadi. Stafilokokklar odam va hayvonlarda yiringli yaralar hosil qiladi. Shuni eslash o`rinli bo`ladiki, yuqorida aytilgan sharsimon hujayralarning ayniqsa, Staphylococcus aureus(Tillasimon stafilokokk) to`plamlari, 2-4 tadan birikkan to`plamlari turg`un
4-rasm. Tillasimon stafilokokk hujayralari
bo`lmasdan ayrim-ayrim hujayralarga oson ajratiladi.
Sharsimon bakteriyalarning tashqi ko`rinishlari bilan tanishish uchun "ezilgan tomchi" usulida preparat tayyorlanadi. Buning uchun buyum oynasiga vodoprovod suvidan bir tomchi tomiziladi. So`ngra o`rganilayotgan mikroorganizm kulturasidan ozgina olib aralashtiriladi va qoplag`ich oyna bilan yopiladi. Qattiq ozuqa muhitida o`stirilgan kulturani bir tomchi suvga bakteriya ilmoqi vositasida solib aralashtirib preparat tayyorlansa, suyuq ozuqa muhitidagi bakteriya kulturasini steril pipetka bilan olib buyum oynasiga tomiziladi va qoplag`ich oyna bilan yopiladi. Demak, ikkinchi holatda bir tomchi suvni buyum oynasiga tomizish shart emas. Olingan tomchining hajmi shunchalik kichik bo`lishi kerakki, qoplag`ich oyna yopilganda ortiqcha suyuqlik bo`lmagani ma'qul. Aks holda ortiqchasi filtr qog`ozi yordamida yo`qotiladi. Tayyorlangan preparatlar immersiya obyektivi yordamida mikroskopda ko`riladi.
1. Mikrokokklar preparatlarini 3-4 sutka davomida pepton agarida o`stirilgan Micrococcus roseus (pushti rangdagi kokklar) kulturasidan tayyorlanadi. Preparatda ayrim yoki to`p-to`p bo`lib, tartibsiz to`plamlar holida joylashgan mayda sharsimon hujayralar ko`rinadi.
2. Sartsinalar preparatlarini 3-4 sutkali pepton agarida o`stirilgan Sarcina flava (sariq rangli) kulturasidan tayyorlanadi. Ular 8 yoki 16 ta hujayradan iborat paketlar hosil qiladi.
3. Streptokokklar bilan tanishish uchun qatiq yoki smetanadan olib tayyorlangan fiksirlangan, bo`yalgan preparat ishlatiladi. Unda gomofermentativ sut kislotali bijg`ishni olib boruvchi Streptococcus lactis kuzatiladi. Yog`sizlantirilgan qatiqdan (prostokvasha) buyum oynasiga surtma tayyorlanadi, fiksirlangandan so`ng ishqoriy moviy metilen bo`yog`i bilan 1-2 minut davomida bo`yaladi, filtr qog`ozi bilan quritiladi va immersiya tizimida ko`k rangdagi sharsimon hujayralar zanjirchalari ko`rinadi.
4. Stafilokokklar bilan tanishish uchun tayyor fiksirlab bo`yalgan tillasimon stafilokokk Staphylococcus aureus preparati ko`riladi. Bunda sharsimon hujayralarning shingillarini ko`rish mumkin (4 - rasm).
Adabiyotlar
1. Егоров Н.С. Руководство к практическим занятиям по микробиологии. М.: Изд-во МГУ, 1983. С. 55.
Теппер Е.З., Шильникова В.К., Переверзева Г.И. Практикум по микробиологии. М., Агропромиздат, 1987. С. 27-29.
Хоулт Дж. Краткий определитель Берги. М.: “Мир”, 1980.
Dostları ilə paylaş: |