1.1. Prokariotlar
Prokariotlar orasida bakteriyalar (yoki eubakteriyalar) va arxeylar (arxebakteriyalar) ajratiladi. Aksariyat prokariotlar eubakteriyalarning turli guruhlaridir. Prokariotlar, asosan, bir hujayrali organizmlar bo`lib, ularning o`rtacha o`lchami 0,2- 10,0 mkm. Bakteriyalarning shakli turli o`lchamdagi tayoqchalar, sharsimon hujayralar (kokklar) hamda buralgan shakllar - vibrion, spirilla va spiroxetalardan iborat. Bundan tashqari, uchburchak, kvadrat va o`simtali shaklga ega bo’lgan hujayralar ham topilgan.
Hujayralar to`plami ba'zida bakteriyalarning sistematik o`rnini aniqlashda yordam beradi. Ular yakka-yakka, juft, qisqa va uzun zanjir shaklida (streptokokklar), tartibsiz shaklda (stafilokokklar), paket holatida (sartsinalar), to`rsimon va rozetkasimon bo`lishlari mumkin. Aktinomitsetlar guruhidagi ko`pchilik bakteriyalar mitseliy hosil qiladi. Trixom hosil qiluvchi ko`p hujayrali prokariotlar ham topilgan.
Prokariotlarning tuzilishi
Ko`pchilik prokariotlar rigid hujayra devoriga va uning ostida joylashgan tsitoplazmatik membranaga ega. Hujayra devorining tuzilishi va tarkibi muhim taksonomik belgi bo`lib, uning asosida prokariotlar quyidagi guruhlarga ajratiladi: grammusbat, grammanfiy, hujayra devoriga ega bo`lmagan bakteriyalar va arxeylar. Grammusbat bakteriyalar tarkibida grammanfiylarga nisbatan hujayra devoridagi murein (peptidoglikan) miqdori ancha ko`p bo`lib, tashqi membrana ham bo`lmaydi. Arxebakteriyalar murein o`rnida, asosan, psevdomurein tutadi.
Aksariyat bakteriyalar yuzasida fimbriyalar yoki pililar, harakatchan bakteriyalarda esa xifchinlar bo`ladi. Ko`pchilik bakteriyalar yuzasida turli qalinlikdagi kapsulalar bo`ladi. Ular asosan, polisaxarid, glikoproteid va polipeptidlardan tuzilgan.
Prokariotlarning ichki hujayraviy tuzilishi oddiy. Ko`pchilik bakteriyalar kiritmalar tutadi. Ular orasida sitoplazmatik membrana hosilalari ajratiladi; fototroflarda xromatofor va tilakoidlar, nitrifikator va metan oksidlovchi bakteriyalarning ichki membranalari bor. Ba'zi bakteriyalar gaz vakuolalariga (aerosomalar) ega. Aksariyat bakteriyalar hujayralarida zahira moddalar bo`ladi. Ba'zi spora hosil qiluvchi turlar oqsil tarkibidagi parasporal tanachalarga ega.
Dostları ilə paylaş: |