Sillogizmning umumiy qoidalari.
Xulosa asoslarining chin boʼlishi xulosaning chin boʼlishi uchun yetarli emas. Xulosa chin boʼlishi uchun yana maʼlum qoidalarga amal qilish ham zarur. Bu sillogizmning umumiy qoidalari deb ataladi. Ular sillogizmning terminlari va asoslariga taalluqli boʼlgan qoidalar boʼlib, quyidagilardan iborat:
1. Sillogizmda uchta termin: katta, kichik va oʼrta terminlar boʼlishi kerak. Maʼlumki, sillogizmning xulosasi katta va kichik terminlarning oʼrta terminga boʼlgan munosabatiga asoslanadi; shu sababdan ham terminlar soni uchtadan kam yoki ortiq boʼlmasligi talab qilinadi. Аgar terminlar soni uchtadan kam boʼlsa, xulosasi yangi bilim bermaydi.
Masalan: Hamma notiqlar soʼz sanʼatini chuqur egallagandir.
Soʼz sanʼatini chuqur egallaganlar orasida notiqlar ham bor.
Bu ikki mulohazadan xulosa chiqarib boʼlmaydi, chunki terminlar soni ikkita. Terminlar sonining uchtadan ortib ketishi ayniyat qonuni talablarining buzilishi bilan bogʼliq boʼlib, terminlarning toʼrtlanishi (quarternio termunorum), deb ataluvchi xatoga olib keladi:
Davlat-iqtisodiy munosabatlarining siyosiy ifodasidir.
Har bir inson uchun sihat-salomatlik eng katta davlatdir.
Bu mulohazalarda «davlat» tushunchasining ikki xil maʼnoda qoʼllanilishi chetki terminlarning oʼzaro mantiqiy bogʼlanishiga imkon bermaydi. Terminlarning uchtadan ortiq boʼlishi asoslar oʼrtasidagi mantiqiy aloqadorlikning uzilishiga ham sabab boʼladi:
Hamma notiqlar-shuhratparast.
Sitseron-davlat arbobi boʼlgan.
Bu ikki mulohazadan xulosa chiqarib boʼlmaydi, chunki bu mulohazalar oʼzaro mantiqiy bogʼlanmagan.
2. Oʼrta termin hech boʼlmaganda asoslardan birida toʼla hajmda olinishi kerak.
Аgar oʼrta termin hech bir asosda toʼliq hajmda olinmasa, chetki terminlarning bogʼlanishi noaniq boʼladi va xulosaning chin yoki xatoligini aniqlab boʼlmaydi.
Baʼzi faylasuflar notiqdir.
Kafedramizning hamma aʼzolari faylasufdir.
Bu sillogizmda oʼrta termin katta asosda juzʼiy hukmning subekti, kichik asosda umumiy tasdiq hukmning predikati boʼlganligi uchun toʼliq hajmda olinmagan. Shuning uchun chetki terminlar oʼrtasidagi bogʼliqlik aniqlanmagan. Bu asoslardan chiqarilgan xulosalar noaniq boʼladi:
a) Kafedramizning hamma aʼzolari notiqdir.
b) Kafedramizning baʼzi aʼzolari notiqdir.
3. Katta va kichik terminlar asoslarda qanday hajmda olingan boʼlsa, xulosada ham shunday hajmda boʼlishi kerak.
Bu qoidaning buzilishi kichik yoki katta termin hajmining nooʼrin kengayib ketishiga olib keladi. Masalan:
Hamma studentlar imtihon topshiradilar.
Hech bir abiturent student emas.
Hech bir abiturent imtihon topshirmaydi.
Bu misolda kichik termin hajmining nooʼrin kengayib ketishi xulosaning xato boʼlishiga sabab boʼldi.
4. Ikki inkor hukmdan (asosdan) xulosa chiqarib boʼlmaydi. Masalan:
Ishsizlar tadbirkor emas.
Talabalar ishsiz emas.
?
5. Ikki juzʼiy hukmdan xulosa chiqarib boʼlmaydi. Masalan:
Baʼzi ayollar tadbirkordir.
Baʼzi davlat arboblari ayollardir.
?
6. Аsoslardan biri inkor hukm boʼlsa, xulosa ham inkor hukm boʼladi.Masalan:
Hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi.
Vatanga xiyonat qilish jinoyatdir
Vatanga xiyonat qilish jazosiz qolmaydi.
7. Аsoslardan biri juzʼiy hukm boʼlsa, xulosa ham juzʼiy hukm boʼladi. Masalan:
Yaxshi farzand ota-onasini hurmat qiladi.
Baʼzi yoshlar yaxshi farzanddir.
Baʼzi yoshlar ota-onasini hurmat qiladi.
Bahs, munozara yuritishning, chin fikrlarni isbotlay bilishning, xato fikrlarni rad etishning oʼziga xos qonun qoidalari mavjud. Bu qoidalarni bilish har bir insonga, shu jumladan talabalarga chin fikrni xato fikrdan ajrata bilish, toʼgʼri tafakkurlash madaniyatini shakllantirish imkonini beradi.
Dostları ilə paylaş: |