Ekzistensializm (existence - mavjudlik) — XX asrdagi ana shu nomdagi falsafa asosida vujudga kelgan modernistik oqim. Ushbu falsafa markazida inson hayotining ma'nosi, shaxs erki va mas'uliyati muammolari turadi. Adabiy oqim sifatida ekzistensializm borliq va insonning g'aroyib sirli-sehrli jihatlari xususida bahs yuritadi. Ushbu adabiyot namunalarida insonning jamiyatga begonaligi, yolg'izligi, mahkumligi muammosi ko'tariladi.
Ekspressionizm(fransuzcha — expression — ifoda so'zidan) — Birinchi jahon urushi va inqilobiy to'ntarishlar davrida san'at va adabiyotda vujudga kelgan oqim. Ushbu oqim vakillari hissiyotga, tuyg'uga alohida e'tibor beradilar, qahramonning tasavvurlari, taassurotlari ifodasi yetakchilik qiladi, hissiyotga, kechinmaga urg'u beriladi. Ekspressionizm ko'proq she'riyat (Pol Elyuar) va dramada namoyon bo'lgan.