Cho'lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2008- y.
KIRISH
Mustaqillik yillarida yangi bir avlod shakllandi. Eskicha tor dunyo-qarash qoliplaridan xoli bu avlod jahon haqida, unda kechayotgan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-madaniy jarayonlar to'g'risida keng va chuqur bilim olishga o'zida kuchli ehtiyoj sezmoqda. Globallashuv asrida inson o'zini faqat Vatanining emas, butun jahon hamjamiyatining teng huquqli a'zosi deb his qilmoqda, umuminsoniy qadriyatlardan bir xilda bahramand bo'lishga haqli deb hisoblamoqda.
Shunday bir vaziyatda chet ellarda mamlakatimiz nomidan ish yurituvchi mutaxassis kadrlarning har jihatdan mukammal, bilimdon va zukko bo'lishi, xalqaro andozalar miqyosida fikrlashi lozimligi bugungi kun talabidir. Ayniqsa, o'zga mamlakatlarda Vatanimiz manfaatini himoya qiluvchi kadrlarning o'z mutaxassisligiga doir bilimlar bilan bir qatorda o'sha davlatning ma'naviy va milliy qadriyatlari, adabiyoti va san'atidan yaxshi xabardor bo'lishi zarurligi ayni haqiqatdir.
Ushbu o'quv qo'llanma Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari uchun mo'ljallangan bo'lib, uni yaratishda yuqori malakaga ega mutaxassis oldiga qo'yiladigan talablardan kelib chiqildi, jahon adabiyotshunosligining so'nggi yutuqlariga tayanildi. Unda jahon adabiyotining eng muhim bosqichlari to'g'risida umumiy tasavvur yaratishga, uning buyuk namoyandalari hayoti va ijodi bilan muxtasar tanishtirishga alohida e'tibor berildi.
Adiblar qaysi adabiy yo'nalishga mansubligi asosida guruhlandi. Har bir yo'nalishga to'xtalib, uning asosiy xususiyatlari, boshqa oqimlardan farqli jihatlari, yutuqlari va zaifliklari, adabiyot rivojidagi o'rni, vujudga kelish sabablari haqida ma'lumot berildi. So'ng ushbu oqimning yirik vakillari ijodi alohida yoritildi.
Mazkur qo'llanmadan, shuningdek, barcha nofilologik o'quv yurtlarida jahon adabiyoti fani kursini o'qitishda ham foydalanish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |