O'zbekiston respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi


UYG'ONISH DAVRI ADABIYOTI



Yüklə 312,5 Kb.
səhifə5/29
tarix02.01.2022
ölçüsü312,5 Kb.
#38108
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   29
Shoira normatova jahon adabiyoti

UYG'ONISH DAVRI ADABIYOTI

«Renessans» so'zi fransuzcha bo'lib (frans. Renaissanse), o'rta asrlar madaniyati, adabiyoti va san'atidagi buyuk o'zgarishlar davrini anglatadi. Antik madaniyat barham topgandan so'ng o'n asrdan ortiq vaqt o'tgach, g'arb tafakkurida yana bir ulkan ko'tarilish, yangilanish ro'y berdi, shu sababli ham bu davrni Uyg'onish davri deb ataydilar. Uyg'onish davri XIV asrning ikkinchi choragida boshlanib, XVII asrgacha davom etdi. Renessans ilm-fan, madaniyat va san'atda o'zini namoyon qildi. Uyg'onish davrining buyuk namoyandalari inson shaxsini ulug'laydilar, uning qadr-qimmati, his-tuyg'ularini qadrlaydilar, qoloq urf-odatlarga qarshi chiqadilar, ruh erkinligini yuqori qo'yadilar. Uyg'onish davri vakillarini gumanistlar ham deb ataganlar. Gumanistlar antik adabiyotga alohida hurmat bilan qaraganlar. Ular Rim va yunon adabiyotiga yuqori baho berganlar, ijodda ular yaratgan cho'qqilarga intilganlar, unutib yuborilgan qadimgi qo'lyozmalarni qidirib topganlar, yunon va Rim shoirlari asarlarini, Gomer dostonlarini nashr qilganlar. G'arbiy Yevropada tashkil qilingan universitetlarda qadimgi — lotin, grek, yahudiy tillari o'qitilgan.

Ayni paytda uyg'onish davri ijodkorlari yaratgan asarlarda antik adabiyot an'analari realistik elementlar bilan uyg'unlashadi. Bu zamin kishisi hayotidan olingan vaziyatlar, hayotiy obrazlar, insoniy kechinmalarning tabiiyligi kabilarda ko'zga tashlanadi. Uyg'onishning boshlanishi Italiyada namoyon bo'ldi, uning ilk yirik vakili Dante hisoblanadi. Keyinchalik Petrarka she'rlari, Bokachcho hikoyalarida bu davrga xos asosiy belgilar — mavhum ramziy obrazlar o'rnini realistik obrazlar egallashi, voqelikni asliga muvofiq tasvirlashga intilish kabilar ko'zga tashlandi. Bu harakat keyinchalik butun Yevropaga yoyildi, Leonardo da Vinchi, Albrext Dyurer, Jordano Bruno, Kopernik, Rable va Servantes kabi yirik mutafakkir va ulug' yozuvchilarni yuzaga keltirdi.

Renessans G'arbiy va Markaziy Yevropa mamlakatlari madaniyatidagi o'rta asrlardan yangi davrga o'tish bosqichini anglatadi. Nemis faylasufi Gegel «Falsafa tarixi»da Uyg'onish davrini «tong yog'dusi” deb atagan edi.

Yevropa Uyg'onish harakatining vatani Italiya hisoblanadi. Italyan gumanistlari diniy sujetlarga murojaat qildilar, ularni real voqelik bilan bog'lashga intildilar. Bu esa shakl bobidagi yangilanishlarga yo'l ochdi, o'rta asr adabiyotidagi allegorizm, majoziylik realistik usullar bilan uyg'unlasha boshladi. Inson va uni o'rab turgan muhit, kishining cheksiz imkoniyatlari va qizg'in ehtiroslarini aks ettirishga alohida e'tibor berildi. Petrarkaning she'rlari, Bokachchoning hikoyalari insonning hissiyotlarini tushunish, ularni hurmat qilish, hayotsevarlik ruhi bilan yo'g'rilgan.

Uyg'onish davri Italiya adabiyoti vakili Dante Aligeri Renessans jarchisi nomini olgan. Dante ijodini she'rlar yozishdan boshlagan. Arab faylasufi Ibn Rushdning ta'limotidan ta'sirlangan. XIII asr italyan lirikasiga lotin adabiyoti bilan bir qatorda arab she'r tuzilishi ham ta'sir etgan. Dante ijodida ham buni kuzatish mumkin. Uning eng yaxshi she'rlari « Yangi hayot» to'plamidan joy olgan. Dante keyinchalik ilmiy-falsafiy mavzular ustida ish olib boradi. «Ziyofat», «Xalq nutqi haqida», «Monarxiya haqida» traktatlarini yozadi.

Dante Aligerining «Ilohiy komediya» asari zamonasiga oid masalalarni ramziy-majoziy usullar orqali aks ettirdi, inson va voqelik haqida yangi so'zini aytadi, shu tariqa butun O'rta asr madaniyatiga falsafiy-adabiy yakun yasadi.

Yana bir italyan gumanisti Jovanni Bokachcho novella janri rivojiga ulkan hissa qo'shdi, realistik hikoyaning ilk yo'nalishini boshlab berdi. 100 ta novelladan iborat «Dekameron» (1352—1354) to'plami bilan Bokachcho hikoyani tuban janrdan yuqori janrga ko'tardi, unga chuqur g'oyaviy mazmun baxsh etdi. «Dekameron»ga kirgan favqulodda o'tkir sujetli, ishqiy sarguzashtlar, qiziqarli tafsilotlarga boy hikoyalar zamirida ayni paytda yozuvchining voqelikka munosabati, fikr-xulosasi mujassamlangan.

Germaniyada Uyg'onish davri Reformatsiya harakati bilan birgalikda kechdi. Jamiyat hayotidagi iqtisodiy rivojlanish moddiy va ma'naviy hayotdagi siljishlarga sabab bo'ldi. Adabiyot gumanistik g'oyalarni ehtiros bilan ilgari sura boshladi, nemis gumanistlari XV asr boshlarida diniy kitoblarni chuqur o'rgandilar, jaholatga qarshi kurashda bu bilimlaridan foydalandilar. Satira janri rivoj topdi. Ilk nemis gumanistik adabiyoti vakillaridan biri satirik Brant edi. U «Nodonlar kemasi» (1494) asarida «Nodonlik niqobi» ostida o'z davri illatlarini fosh qiladi. Iogann Reyxlin nemis gumanistik harakatining rivojlanishiga munosib hissa qo'shdi. «Genno», «Sergiy» komediyalari, «Johil kishilar maktublari» asarlarida Renessans g'oyalarni ilgari surdi.

Fransiyada Uyg'onish davri XVI asrning boshlarida vujudga keldi. Fransuz gumanistlari ilm-fanning ahamiyatini g'oyat qadrlaganlar, ular ko'p soha bilimdonlari bo'lganlar — bir vaqtning o'zida yozuvchilik, falsafa, tarix, tabiatshunoslik bilan shug'ullanganlar. Rable, Maro, Ronsar va boshqalar fransuz adabiyotidagi yangi bosqich vakillaridir, ular ijodda voqelikka o'zgacha yondashish, o'z davri to'g'risida haq gapni aytishga erishgan buyuk ijodkorlardir. Ular orasida ilg'or fikrli ayollar ham bo'lgan. Adabiy to'garak tashkil qilib adabiyot va san'at ahllariga homiylik qilgan Margarita Navarskaya nomini tilga olib o'tish lozim. U Navarra qiroli Genrix de Albertning xotini bo'lgan, juda o'qimishli va bilimdon bu ayol iste'dodini ko'p janrlarda sinab ko'rgan, she'r va novellalar yozgan. Bokachchodan ta'sirlanib «Xeptameron» nomli novellalar to'plamini yaratgan.

Yana bir fransuz gumanisti Depardedir. Uning «Dunyo bongi» dialoglari satirik ruhdagi asardir, «Yangi ajoyibotlar va qiziq hangomalar» Rable romanlari ta'sirida yozilgan bo'lib, kulgiga, yumorga boydir.

Fransuz uyg'onish davri adabiyotida eng salmoqli o'rinni, shubhasiz, Fransua Rable egallaydi. Uning «Gargantyua va Pantagryuel» asarida realizm va shartlilik uyg'unlashib ketadi, tagma'no juda kuchli ahamiyat kasb etadi.

Ingliz gumanistik adabiyoti uch bosqichga ajratiladi. Dastlabki bosqich XV asrning oxirlari va XVI asrning 60—70- yillarini o'z ichiga oladi, ikkinchi bosqichni Shekspir ijodi davri deb ham atash mumkin, bu davr XVI asrning oxirlaridan XVII asrning boshlarigacha, ya'ni Shekspir o'limigacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi. Uchinchi bosqich XVII asr boshlaridan shu asrning 40- yillarigacha davom etadi. Aynan shu yillari teatrlar yopila boshlaydi, uyg'onish g'oyalari tanazzulga yuz tutadi.

Ingliz gumanistik adabiyotining namoyandalari Tomas Mor, K.Bekon, Kristofer Marlo, Shekspir, Robert Grinlardir. Morning gumanistik qarashlari «Utopiya» asarida aks etgan. Bekonning «Tajribalar» ocherklar to'plamida falsafiy, axloqiy, siyosiy va maishiy masalalar xususida fikr yuritiladi. O'rta asr dramasini gumanizm g'oyalariga mos ravishda tubdan o'zgartirgan Shekspirning salaflari Marlo, Grin ijodidayoq yangi teatrning xarakterli xususiyatlari ko'zga tashlanadi. Bunda buyuk shaxslar obraziga murojaat qilish, ularning tizginsiz ehtiroslari tasviriga keng o'rin berilishi, millat o'tmishiga nazar tashlash, xalq qahramonligiga shoirona tus berish, dramaning «qonun-qoidalar»dan xoli, xalq didiga mos universal shaklda ekanligi va boshqalar alohida ajralib turadi. Ushbu xususiyatlarning barchasi keyinchalik Shekspir ijodida o'z takomilini topadi, drama janri o'zining yangi imkoniyatlarini namoyon qiladi.

Ispaniya va Portugaliyada Angliyada bo'lgani kabi adabiyotning ravnaqi Uyg'onish davrining oxirgi bosqichiga to'g'ri keladi va Renessans asri yakunlanayotganidan darak beradi. Uyg'onish davrining Ispaniyadagi ilk asari F.Roxasning «Selestina»si hisoblanadi. Unga va umuman, Yevropada uyg'onish davriga yakun yasagan asar Servantesning «Don Kixot” romani bo'ldi. Uyg'onish davrining janr sohasida katta kashfiyotlar qilgan, uning rivojiga kuchli ta'sir ko'rsatgan ikki vakili — Shekspir va Servantesdir. Shekspir jahon dramaturgiyasida alohida bosqich yasagan bo'lsa, Servantes ijodi realistik roman janrining shakllanishida muhim rol o'ynadi.


Yüklə 312,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   29




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin