Impressionizm (fransuzcha impression — taassurot) — XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Fransiyada vujudga kelib, tasviriy san'at, adabiyot, musiqada o'zini namoyish qilgan oqim. Impressionistlar insonning biron hodisa ta'sirida tug'ilgan taassuroti, hissiyoti, hayajoni, ruhiy holati san'atning diqqat markazida turishi kerak deb hisoblaganlar.
Ular insonning asl hayotini g'ayrishuuriy hissiyotlar, o'zgalardan yashirin tuyg'ularda ko'rganlar, ushbu olamni bor bo'yicha ko'rsatishga harakat qilganlar. Impressionizm atamasi Monening «Taassurot. Quyosh chiqishi» nomli kartinasi ko'rgazmada namoyish etilgandan so'ng paydo bo'lgan. Rassomlar o'zlarining sevimli janrlari bo'lgan peyzaj, portret, ko'p shaxslar tasvirlangan kompozitsiyalarda ularni qurshagan dunyodan olgan lahzalik taassurotlarini ifodalaganlar.
Adabiyotda impressionizm yo'nalishlari naturalizmdan simvolizmga o'tish jarayonida shakllandi, J. va E. Gonkurlar, J.Gyuismans, Gi de Mopassan ushbu yo'nalishga moyillik bildiradilar, asarlarida oniy lahzada insonning rang-barang tuyg'ularini so'z yordamida iloji boricha to'liqroq tasvirlashga intilganlar. Impressionizm alohida maktab tusini olmagan bo'lsa-da, bu yo'nalish vakillarining ko'plab kashfiyotlari zamonaviy san'at va adabiyotda iz qoldirdi.
Dostları ilə paylaş: |