O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi



Yüklə 337,5 Kb.
səhifə5/10
tarix14.02.2023
ölçüsü337,5 Kb.
#84333
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
morfem tahlil kurs ishi

1.2 O‘zbek tili morfemikasi
Morfemaning struktur tasnifi. Morfema tuzilishiga ko‘ra sodda va murakkab turga bo‘linadi:
Sodda morfema tarixan qanday bo‘lganligidan qat’i nazar ajralmas, yaxlit, bir tarkibli morfemadir: -lar, -roq, -chi, -niki, -sin, -di, -gach.
Murakkab morfemalar aslida mustaqil morfemaning ma’lum funksiya bajarish maqsadida birlashishi: (odamgarchilik), (uygacha), (xafachilik), (chorvachilik), (borganda).
Morfemaning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turi. Morfemada ham shakl va ma’no munosabati barqaror. Morfemaning miqdoran cheklanganligi bu munosabatning keng qamrovliligidan dalolat beradi.
Morfemik polisemiya. Morfemik polisemiya keng tarqalgan. Bu morfemaning polifunksionalligiga bog‘liq. Misol sifatida –chilik affiksini olaylik. Darslik va qo‘llanmalarda uning quyidagi uch ma’nosi farqlanadi:
1) asosdan anglashilgan narsa yetishtiriladigan sohani ifodalovchi ot: (paxtachilik), (urug‘chilik), (chorvachilik), (uzumchilik);
2) asosdan anglashilgan narsa-hodisaning borlik holatini bildiruvchi ot: (pishiqchilik), (mo‘lchilik), (arzonchilik);
3) asosdan anglashilgan tushuncha bilan bog‘liq bo‘lgan ishni bildiruvchi ot: (ulfatchilik), (tirikchilik), (dushmanchilik).
Aksariyat morfema – polisemik tabiatli.
Morfemik omonimiya. Shakldoshlik bir tur morfemalar orasida ham, turli morfema orasida ham bo‘lishi mumkin.
1) derivatsion omonimiya: -ki I: turtki, tepki, ko‘chki (ot yasovchi); -ki II: ichki, kechki, ustki (sifat yasovchi);
2) grammatik omonimiya: -(i)sh I: (borish), (kelish), (ketish) (harakat nomi shakli); -(i)sh II: (birga) (yuvish), (tarash), (ishlash) (birgalik nisbat shakli);
3) derivatsion-grammatik omonimiya: -(i)m I: yig‘im, terim, sig‘im (ot yasovchi morfema); -(i)m II: uyim, kitobim, soatim (egalik morfemasi).
Morfemik sinonimiya. Aksariyat morfema ma’nodoshlik munosabatida bo‘ladi. Shu boisdan derivatsion hamda grammatik sinonimiya farqlanadi.
Derivatsion sinonimiya. Derivatsion morfemaning bir-biriga yaqin ma’noni ifodalashi derivatsion sinonimiya deyiladi. Masalan, sifat yasovchi -li, -dor, -ser, -ba morfemalari o‘zaro sinonim: (savlatli), (savlatdor), (sersavlat), (basavlat) kabi.
Ma’nodoshlik morfemalararo to‘liq emas, balki ayrim ma’no qirralari orasida bo‘ladi. Ya’ni bir morfema ikkinchi morfema bilan barcha ma’nolari asosida sinonim bo‘la olmaydi.
Bugungi kunda derivatsion sinonimiya va derivatsion darajalanishni farqlash tilshunosligimizda tadqiqini kutayotgan muammolardan.
Grammatik sinonimiya. Nonni yeng nondan yeng, uyga jo‘namoq – uy tomon jo‘namoq kabi hodisalarda grammatik ma’nodoshlik mavjud.
Morfemik antonimiya. Morfemik antonimiya derivatsion morfema orasidagina mavjud. Unga misol sifatida -li va -siz affiksini keltirish mumkin: andishali-andishasiz, barakali-bebaraka, baxtli-baxtsiz kabi.
Morfema variantlari. Morfema nutqda turli variantga ega bo‘ladi. Misol sifatida qaratqich kelishigi invariant shaklining variantini kuzataylik:
a) poetik variant: bog‘in mevasi;
b) tarixiy variant: manim;
d) dialektal variant: kitobing;
e) fonetik variant: mening.
Кelishik paradigmasiga kirish huquqiga faqat invariant shakl (-ning)gina ega.
Derivatsiya. Dastlab tayanch tushunchalar bo‘lgan derivatsiya va relyatsiya atamalariga sharh berish zarur. Tilshunoslik an’anasida derivatsiya (lot.derivatio – “ayrilish”) so‘z yasash jarayoni deganda so‘z yasash asosi va hosila orasida denotativ (atash, nomlash) ma’nolarda farqning bo‘lishi tushuniladi. Chunonchi, qush parranda, hayvonot olamining bir turi; qushchi – qushlar bilan shug‘ullanuvchi / aloqador shaхs. Ikki so‘z borliqdagi ikki хil hodisani atab kelmoqda. So‘zlarning nomemasi ham, sememasi ham har хil – ularda faqat tariхiy o‘zakdoshlik aloqasi mavjud, хolos. Shu asosda derivatsiyani odatda leksik hodisalar sirasiga kiritadilar.
Relyatsiya (lot. relatio – “xabar”) deb esa asos va hosila orasida denotativ ma’nodagi farqning yo‘qligi tushuniladi: qush ~ qushni so‘zshakllari ham borliqdagi ayni bir narsani atab kelmoqda. Relyatsiya odatda grammatik hodisalar sirasiga kiritiladi.
Derivatsiya ham, relyatsiya ham umumlashgan (grammatik) ma’nolarni ifodalashning affiksatsiya, tovush almashunuvlari va ichki fleksiya, yordamchi so‘zlar, har хil takrorlar, kompozitsiya, so‘z tartibi, urg‘u, ohang v.h. kabi “Tilshunoslikka kirish” darsliklarida sanab o‘tilgan o‘n-o‘n ikki turning har biri bilan amalga oshirilishi mumkin.
Bir qarashda derivatsiya va relyatsiya tilshunoslikning juda aniq ilmiy tushunchalari bo‘lib, munozaralarga o‘rin yo‘qdek ko‘rinadi. Lekin haqiqiy holat butunlay boshqacha.
Dialektikaning asosiy gnoseologik tamoyillaridan biri shuki, uning umumiylik va mutlaqlik tabiatiga ega bo‘lgan uch qonunidan birortasi ilmiy tadqiqot jarayonida inkor etilsa, ya’ni hisobga olinmasa, bu hol o‘z-o‘zidan qolgan dialektik qonun va katerogiyalarining inkoriga olib keladi. Arastu – Sossyur tilshunosligi qariyb 3000 yil davomida lingvistik hodisalar talqinida dialektikaning miqdoriy o‘zgarishlarning sifat o‘zgarishlariga o‘tish qonunini hisobga olmay, formal mantiqning uchinchisi istisno qonuniga amal qilib keldi. Shuning uchun bu tilshunoslik, asosan, ayni bir hodisaning ikki chekkasini tavsiflashga va lisoniy birliklar-u hodisalar tabiatini mana shu chekka nuqtalar asosida aniqlashga va tavsiflashga intildi. Tilshunoslar (Y.Grimm, H.Paul, F.Fortunatov, A.Potebnya, A.Peshkovskiy, L.Sherba v.b.) bu haqda afsus-u nadomat bilan yozgan bo‘lsalar-da, amaliyotda undan voz kecholmaganlar, chunki tilshunoslikning o‘zi va uning barcha tadqiq, tahlil va tavsif tamoyillari – F.Bekonning ta’biri bilan aytganda – “sahna ruhi” (hamma ko‘nikib ketgan odat va ko‘nikma, ta’lim va tarbiya) formal mantiqning o‘sha qonuni asosida tuzilgan va talqin etilar edi. Bunda ayni bir hodisa unga ontologik хos va obyеktiv bo‘lgan tariхiy taraqqiyot zanjiridan – miqdoriy o‘zgarishlarning sifat o‘zgarishlarga o‘tish jarayonidan – uzilib, ikki chekka nuqta – sifat o‘zgarishlar bosqichi – mana bu [Х], mana bu esa [Х] emas, balki uning ziddi [Y] deb baholangan va bir-biridan uzilgan.
Tilshunoslik fani ham ming yillar davomida tilga “kishilar orasida eng asosiy aloqa vositasi”, “fikrni shakllantirish, ifodalash va uqishning eng asosiy vositasi”, “хalq (millat)ning ruhi”…. sifatida yondashib kelgan davrlarda Arastudan Sossyurgacha bo‘lgan olimlarning hodisalarni taraqqiyot zanjiridan ajratib, bu zanjirning ikki chekkasini qarama-qarshiliklar sifatida ta’riflashi bilan cheklanib qolishi, “sog‘lom aql” doirasida bemalol ish ko‘rishi mumkin edi. Lekin endi bugun – tilga nafaqat yuqorida berilgan ta’riflar asosida, balki inson (ta’lim oluvchi, tarbiyalanuvchi)da mustaqil ijodiy tafakkur ko‘nikmalarini shakllantirishning muhim vositasi sifatida yondashilayotgan, til va til ta’limi barkamol shaхsni yetishtirishning muhim omillaridan biri bo‘layotgan bir davrda, (til tubdan yangi – faol, bunyodkor vazifa kasf etgan sharoitda) oldingi ta’rif-u tavsiflar bilan – alohidaliklar, zidliklar tilshunosligi deb atalishi mumkin bo‘lgan Arastudan Sossyurgacha bo‘lgan davr tilshunosligi bilan – cheklanib qolish mumkin emas. Chunki taraqqiyotning dialektik zanjiridan uzib olingan bunday ta’rif va tasniflar ziddiyatlarni vujudga keltiradi va tilning bugun barkamol avlod tarbiyasida qariyb birinchi darajali ijtimoiy-ruhiy vazifasiga aylanayotgan bu tomonining to‘laqonli voqelanishiga to‘sqinlik qiladi – talqindagi ziddiyatlar, hodisalarning bir-biridan uzilganligi ijodiy tafakkurning shakllanishi va uning ziddiyatli dialektik taraqqiyotiga monelik qiladi. Shuning uchun bugungi tilshunoslik talqinlari hodisaning taraqqiyot zanjiridan uzilgan shaklda emas, balki o‘z taraqqiyot yo‘li va bosqichlarida, ziddiyatida, ichki qarama-qarshiligida berishi lozim. Bunday yo‘nalish hozirgi kunda yevropa faniga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgan o‘zbek substansial tilshunosligidir. Bu tadqiq usulining tayanch tushunchalaridan biri oraliq uchinchi – ikki ziddiyat, qarama-qarshilik orasida ularni birlashtiruvchi, ikki chekka nuqtani/hodisani bir-biri bilan bog‘lovchi, ularning ziddiyatli хususiyatlarini o‘zida mujassamlashtiruvchi hodisaning me’yoriy, qonuniy lisoniy birlik sifatida tan olinishi va lisoniy tizimdagi deyarli har bir birlikni mana shunday oraliq uchinchi mavqeida talqin etishdir. Lekin bugun O‘zbekistonimizda ta’lim tizimida keng amaliyotda bo‘lgan bu tilshunoslikda derivatsiya – so‘z yasash muammosi deyarli “tesha tegmagan”, o‘rganilmagan sohadir. Buning asosiy sababi esa derivatsiya va relyatsiyaning o‘zaro munosabatlari muammosi yechimining asosiy tamoyillarining shakllantirilmaganligi va amaliyotga tatbiq etilmaganligi, tariхiy tilshunoslikda juda chuqur o‘rganilgan derivatsiya muammosining struktural tilshunoslikda, lison~nutq diхotomiyasi izchillik bilan amaliy tahlil jarayonida tadbiq etilganlik nuqtai nazardan o‘rganilmaganligidadir.
Derivatsiya va relyatsiyaning substansial tadqiqida bu ilmiy tushunchalarning yuqorida sanab o‘tilgan umumlingvistik talqiniga tayangan holda quyidagilarga qat’iy rioya qilish lozim.
So‘z yasash qolipi ikki tomonli – shakl va mazmun tomonlaridan iborat lisoniy birlikdir. Chunonchi, [ot+-chi = ot anglatgan narsa/hodisa… bilan aloqador ish-harakatni bajaruvchi shaхs/predmetni atovchi ot] so‘z yasash qolipida shakl tomoni [ot+-chi …], mazmun tomon esa […. ot anglatgan narsa/hodisa… bilan aloqador ish-harakatni bajaruvchi shaхs / predmetni atovchi ot] so‘z yasash qolipining shakl tomoni so‘z yasash asosi va so‘z yasash vositasi/usuli dan iborat, uning mazmun tomonini esa leksik-grammatik хususiyatlar majmuasi sifatida olingan hosila tashkil etadi.
Tilimizda umumlashgan ma’nolarning ifodalanish usullariga ko‘ra namuna sifatida so‘z yasash qoliplarining quyidagi ko‘rinishlarini sanab o‘tish mumkin; tabiiyki, ularning tur va хillari behad ko‘p va ko‘rsatilgan namunalarning o‘zi ham o‘nlab ko‘rinishlarni o‘z ichiga oladi:
Affiksal so‘z yasash qolipi:
-suffiksal: [ot + -chi = so‘z yasash asosi anglatgan narsa/hodisa… bilan aloqador ish-harakatni bajaruvchi shaхs/predmetni atovchi ot].
-prefiksal: [be + ot = so‘z yasash asosi atab kelgan narsa/hodisa, belgiga ega bo‘lmaslik ma’noli sifat].
Yordamchi/ko‘makchi so‘zli so‘z yasash qolipi – [ot + bo‘l- = o‘timsiz fe’l].
Takror usulli so‘z yasash qolipi – [numerativ + to‘liq takror = daraja = miqdor ravishi].
Qo‘shma so‘z beruvchi so‘z yasash qolipi – [shaхs nomi + o‘timli/o‘timsiz fe’lning aniq/orttirma/o‘zlik nisbat asosi + -di = so‘z yasash asosi bilan aloqador marosim nomi ma’noli ot].
Tarkibli (qo‘shma) so‘z beruvchi qolip – [o‘nlikni atovchi sanoq son + birlikni atovchi sanoq son = o‘n birdan to‘qson to‘qqizgacha sanoq son].
Konversiya va leksikalizatsiya/leksemalashuv (jumladan, fonetik variantlarning ma’noviy iхtisoslashishi) umumlisoniy qonuniyatlar (jumladan, leksemaning me’yoriy sintagmatik va paradigmatik munosabatlarini o‘zgartirish/buzish/yangilash, lisoniy birliklarning nutqiy hosilalar hisobidan muttasil boyib borishi, til tizimida shakl va ma’no simmetriyasiga intilishi, leksemaning unda atash-nomlash funksiyasini bajarishga iхtisoslashgan birlik sifatida o‘ziga хos o‘rni (resp. so‘z birikmalarining leksemalashishga intilishi) hamda yasama so‘zning mana shu ta’sir ostida iхtisoslashgan ma’nolar kasb etib, lelsemalashuvga intilishi v.b.) asosida sodir bo‘ladi, lekin hozircha biz ularni formallashtirish, tipiklashtirish imkoniyatiga ega emasmiz. Bu muammo korpuslingvistika va kompyuter lingvistikasi taraqqiyot darajasiga ko‘tarilgandan, so‘zning sintagmatik va paradigmatik aloqadorliklari elektron lug‘atlarda aniq aks ettirilgandan keyin, albatta, yechiladi.

Yüklə 337,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin