Маҳмудхўжа Беҳбудий a’rifatparvar, adabiyotshunos, dramaturg, faylasuf, siyosiy arbob madaniyatshunoslik nazariyotchisi va amaliyotchisi Mahmudxo’ja Behbudiy (1874-1919) jadidchilik harakatining yirik rahnamo va nazariyotchilaridan biri edi. "O’sha davr Turkiston jadidlaridan birortasi siyosiy, ijtimoiy faoliyati hamda bilim doirasining keng va chuqurligi jihatidan unga tenglasha olmas edi"106, - deb yozgan edi. F.Xo’jaev. Keksa sharqshunos L.Azizzoda esa ham 1926 yildayoq uni SHarqning eng buyuk gumanistlari va mutafakkirlari bilan bir qatorga qo’ygan edi: "Agar O’zbekistonda fan va madaniyat sohasida Ulug’bek va Navoiydan keyin uchinchi bir shaxsning nomini abadiylashtirish kerak bo’lsa, bu shubhasiz Behbudiyga o’rnatilgan yodgorlik bo’lishi kerak"107.
M.Behbudiy falsafada faqat islomiy an’analarning bilimdoni emas edi. U o’z asarlarida tez-tez O.Kant merosiga murojaat qiladi, pozitivizm, neokantchilik, neoxegelchilik, maxizm kabi Yevropa falsafasining yangi oqimlari bilan jiddiy qiziqadi.
Behbudiyning maorif masalasidan tortib mustaqillik mavzuigacha bo’lgan barcha asarlari - Turkistonning taqdirini belgilaydigan muhim muammolarga bag’ishlangan. Uning barcha fikrlarini jamiyat va mamlakatni rivojlantirishning izchil nazariy kontseptsiyasi sifatida kurish mumkin. Albatta, u quruq nazariya bilan cheklanmay, yangiliklarni hayotga joriy etishning amaliy usullarini ham ishlab chiqqan.
Islomiy bilim berishga yo’naltirilgan an’anaviy ta’lim tizimi sharoitida M.Behbudiy o’zi «aqlli ilmlar» («intellektual ilmlar») tushunchasi ostida birlashtirgan tabiiy va ijtimoiy fanlarning keng majmuini o’zlashtirishni ham o’quv dasturiga kiritishni qattiq turib talab qiladi. Bu bilan u ratsionalizm an’anasini qayta tiklashga intiladi. Mutafakkir, xususan, tarix va geografiyani o’rganish zarurligiga katta e’tibor qaratadi. Uning fikricha, tarix hamma narsani, jumladan, davlatlarning taraqqiyoti va tanazzuli, odamlar e’tiqodining darajasi, musulmonchilik inqirozining ildizlari, islomni muqaddas negizlarining noto’g’ri talqin qilinishi sabablarini tushuntirib beradi. Tarixni o’rganmay turib, biror fanni mukammal o’zlashtirib bo’lmaydi. O’zi tomonidan asos solingan «Oyna» jurnalida e’lon qilingan «Tarix va geografiya» maqolasida M.Behbudiy yozadi: «Hayotga ishonish uchun, komil va odil inson bo’lish uchun tarixni o’rganish va uni bilish lozim». Davom etib yozadi: «Ilohiy va dunyoviy hayot to’g’risida bilim hosil qilmoqchi bo’lgan har bir kishi tarixni o’rganishi kerak, chunki butun mavjudotning ibtidosi va kelib chiqishi tarix orqali idrok etiladi»108.
Behbudiy o’z xalqining ravnaqini nafaqat ta’lim-tarbiya, ayni paytda, mustaqillik tufayli uning siyosiy maqomidagi tub o’zgarishlar bilan bog’laydi. O’zining ko’plab maqolalari va qizg’in faoliyati orqali u Rossiya imperiyasi va muvaqqat hukumatning mustamlakachilik siyosatini fosh etdi, ularning mahalliy aholining ahvolini og’irlashtirgan qonunlarini tanqid qildi. Lekin, Behbudiyning qat’iy ishonchiga ko’ra, mustaqillikni kurashsiz qo’lga kiritib bo’lmaydi. «SHuni bilish kerakki, - yozadi u, - haq olinur, berilmas. Har bir millat va mamlakat xalqi o’zining diniy va siyosiy haq-huquqlarini kurash orqali qo’lga kiritadi»109. Lekin Behbudiy mustamlakachilikka qarshi qon to’kmasdan kurashish tarafdori edi. U Duma faoliyatini diqqat-e’tibor bilan kuzatib borardi va parlament kurashi orqali ko’p narsaga erishish mumkin deb hisoblardi. Turkiston muxtoriyatining qat’iy tarafdori sifatida u taraqqiyotni olg’a siljitishning evolyutsion (tadrijiy) shakllarini ma’qullar edi.
Mahmudxo’ja Behbudiy tasavvurida Turkistonning siyosiy tuzilmasi o’z ichiga davlat saylov organlari (Markaz va Majlis), qoziylik sudlari tizimini bekor qilish va ularning o’rniga davlat sudlarini joriy etish, apellyatsiya (shikoyat) komissiyalari va Oliy sud palatasini olishi kerak edi.
M.Behbudiy ko’targan masalalar ko’lami juda keng. Ular orasida maorif masalalari, siyosiy muammolar, ma’naviyat va axloq-odob ham, nikoh va jinsiy tarbiya masalalari, tarixiy-geografik mavzular ham, til siyosati masalalari, etnografiya muammolari va boshqalar ham bor.
M.Behbudiy faoliyatining asosiy samarasi, shubhasiz, u tomonidan 1913 yilda asos solingan, jadidlarning jarchisiga aylangan va tez fursatda ommalashib ketgan "Oyna" jurnali edi. Jurnal materiallari mavzusi va janriga ko’ra ilmiy-ma’rifiy, adabiy maqolalarga ajratilardi. Jurnal jamiyatning madaniy va ijtimoiy hayotidagi yangi jarayonlarni keng yoritdi; unda, shuningdek, kino, teatr, yangi kutubxona va o’quv zallari haqidagi xabarlar berib borilgan. Jamiyat tartib-intizomi to’g’risidagi ilmiy maqolalar asosiy o’rin tutgan. Yaponiyadan tortib Amerikagacha bo’lgan xorijiy mamlakatlar hayotini yoritishga ham katta e’tibor berilgan.
J