Biz zamonlarni zamonlarga bog’lovchi ko’prik edik,
Biz qomusiy allomalar edik.
Jahon donishmandlari davrasida
E’tiborimiz yuksak va hurmat ehtiromda edik . . .
Qani bizning o’sha ilmlarimiz, o’sha donishmandligimiz?
Qani bizning o’sha ustuvorligimiz va ulug’vorligimiz?
Fursat yetdi! G’aflat uyqusidan uyg’oning!
Bir butun to’lqin bo’lib ko’tariling,
O’z loqaydligingizdan voz keching!102
«SHarq va G’arb» mavzusi - jadidlarning dunyoqarashini aniqlash bilan bog’liq muhim masala hisoblanadi. Jadidlar O’rta Osiyoning G’arbiy Yevropa bilan tarixiy aloqalarining bugungi kun bilan bog’lab xulosalar chiqarishga moyil edilar. Ular haqli ravishda aynan islom madaniyati Yevropa uchun Aflotun va Arastuni qutqarib qoldi deb hisoblardilar, o’zlarini esa ular falsafiy g’oyalarining muxlislarigina emas, balki muayyan darajada ularning targ’ibotchilari deb bilardilar. CHunonchi, M.Behbudiy - O.Kant, A.Fitrat - SH.Senьobos, A.Avloniy - Aflotun, Suqrot va Arastularning merosi bilan qiziqdilar, ularning ma’rifat, ta’lim va tarbiya to’g’risidagi qarashlariga asosiy e’tiborni qaratdilar. Ularni g’arbparastlikda ayblab qilingan ta’nalar asossiz edi, chunki ular g’arb falsafasiga tanlagan holda yondashib, faqat milliy g’oya negizlari bilan birga yashay oladigan muhim unsurlarnigina undan olgan edilar. Jadidlarning nazariy qarashlari chuqur genetik asosga ega bo’lib, ular nafaqat SHarq, balki G’arb faylasuflari va ma’rifatparvarlarining ham ilmiy merosidan xabardor edilar. Ular mamlakat taraqqiyotining asosini SHarq va G’arb madaniyatining uyg’unligida, ulardan har birining yutuqlaridan foydalanishda deb bildilar. SHarq va G’arb falsafasi va tarixi sohasidagi chuqur bilimlar ularga o’z xalqini jahon tamadduni yutuqlariga daxldor hisoblagan holda, o’zlarining milliy tajribaga asoslangan davlatni rivojlantirish bo’yicha nazariyalarini mafkuraviy va metodologik jihatdan asoslash imkonini yaratdi. SHu bilan birga, ular marksistik falsafani xayoliy va turkistonliklar uchun yaroqsiz hisoblab, mutlaqo qabul qilmadilar. M.Behbudiy o’zining «Xayr - ul umuri avsatuho» maqolasida birinchi navbatda, xususiy mulkchilikni inkor qilgani va dinsizlikni targ’ib etgani uchun marksizm va sotsializmga salbiy ta’rif beradi103.
O’zlarining rivojlangan davlat qurish haqidagi g’oyalarini amalga oshirish uchun jadidlarga keng ildiz otgan qoloqlik, jaholat, mutaassiblik, loqaydlik bilan kurashishga asosiy e’tibor qaratishlariga to’g’ri keldi. O’z asarlarida SHarq va G’arbning bir-biriga ta’siri g’oyasini qo’llab-quvvatlagan jadidlar hamisha Yevropa davlatlarining ilg’or yutuqlariga tarixdan misollar keltiradilar. Ularning fikricha, Uyg’onish davri o’rta asrlarga to’g’ri kelgan Yevropa fan va maorif sohasida SHarqdan ko’p narsani o’rganib, ijobiy natijalarga erishgan. Endi, yozadi A.Fitrat, yevropaliklardan o’rganish navbati keldi: ishlab chiqarish madaniyati, savdo, boshqaruv va jamiyatning boshqa sohalarini yuksaltirish uchun Yevropa tamadduni, uning texnikasi va fani yutuqlaridan foydalanish kerak. CHunonchi, Buxoroda, qayd etadi u, chiroyli matolar va hunarmandchilik buyumlari ishlab chiqariladi, lekin ular mashina va texnika vositasida yaratilgan xorijiy tovarlar tomonidan bozorlardan siqib chiqariladi. A.Fitrat o’z qarashlarida o’zga dinga e’tiqod qilgani uchungina boshqa xalqlar erishgan yutuqlardan foydalanishni rad etishni qo’llab-quvvatlamaydigan Qur’on amrlariga asoslanadi104.
Turli tillarni (nafaqat SHarq, balki G’arb tillarini ham) o’rganish, fan va texnikani rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratib, ayni paytda, Turkistonning o’tmishdagi va o’sha davrdagi holatini hisobga olib, ular o’lka istiqbolini quyidagicha rejalashtirdilar: xususiy mulkning daxlsizligi, bank sarmoyasining erkinligi printsiplariga asoslangan, kuchli dunyoviy hokimiyatga ega bo’lgan ozod va mustaqil davlat. U islomga hurmatni saqlagan holda, madaniyat barcha yo’nalishlarining erkin rivojlanishini, agrar masalani hal qilishni, jahon miqyosiga chiqishni, nafaqat Osiyo, balki Yevropa mamlakatlari bilan ham iqtisodiy hamkorlikni yo’lga qo’yishni ta’minlashi kerak. Jadidchilikning boshqalardan ajralib turadigan jihati uning nafaqat diniy, balki xalqaro munosabatlarda ham bag’ri kengligi edi.
Turkistonni taraqqiyot yo’liga olib chiqish borasida jadidlar iqtisodni rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratdilar, shu bilan birga, ular milliy matbuot va xalq ta’limini yuksaltirishni bundan ham yuqori o’ringa qo’ydilar. Ulardan biri yozgani kabi «milliy matbuoti bo’lmagan xalqning o’zi ham bo’lmaydi»105.
Taraqqiyotga to’siq bo’layotgan sabablar qatoriga jadidlar turkistonliklarning kundalik turmushida keng tarqalgan, aslida esa musulmonchilik qonun-qoidalariga yot, odamlarning shundoq ham yengil bo’lmagan hayotini battar og’irlashtiradigan keraksiz va zararli an’analar (ortiqcha rasm-rusumlar, dabdabali to’y va dafn marosimlari)ni ham kiritadilar.
Jadidlar Rossiya ma’muriyatining Turkistondagi mustamlakachilikka asoslangan boshqaruv tizimi nafaqat milliy talablarga javob bermasligi, shu bilan birga, mamlakatga juda katta ijtimoiy-iqtisodiy zarar yetkazayotganligini tushunib yetgan edilar. SHuning uchun ham ularning yangi usuldagi dunyoviy ta’lim, milliy o’ziga xoslikning eng yaxshi jihatlarini mustahkamlash, madaniyatni jadal rivojlantirish yo’lida olib borgan kurashlari oxir-oqibatda siyosiy mustaqillik va boshqaruvning demokratik shakllari uchun kurashga aylanib ketdi.
Jadidlar musulmon dunyosining bir qismi bo’lgan, ayni paytda, jahon tarixida o’zini nodir mustaqil hodisa sifatida namoyon etadigan Turkiston XX asr ochib bergan murakkab va ziddiyatlarga to’la istiqbolda o’zining munosib o’rnini topishiga qa’iy ishonganlar.
M
Dostları ilə paylaş: |