Broun harakati. Ingliz botanigi R. Broun 1827- yilda mikroskop yordamida suyuqlik sirtidagi qattiq jism zarrasining uzluksiz betartib harakatini kuzatdi. Gazda muallaq turgan qattiq jism zarrasining harakatini mikroskop orqali kuzatganda ham shunday manzarani ko'rish mumkin. Suyuqlikda (yoki gazda) muallaq turgan zarraning issiqlik harakati broun harakati deyiladi. Zarraning o'lchamlari qanchalik kichik va temperatura qancha yuqori bo'lsa, zarra shunchalik tez harakatlanadi. Broun harakatini vujudga keltiruvchi sabab suyuqlik yoki gaz molekulalarining uzluksiz betartib harakatidir. Molekulalar zarraga har tomondan betartib ravishda urilib, uni harakatga keltiradi.
Agar zarraning o'lchamlari katta va uning har tomondan oladigan zarblari juda ko'p bo'lsa, unda zarraning zarblar natijasida oladigan natijaviy impulsi nolga teng yoki shunga yaqin bo'ladi va natijada zarra o'z o'rnidan qo'zg'almaydi. Agar zarraning o'lchamlari juda kichik bo'lsa, uning har tomondan olgan impulslarining yig'indisi soniga teng bo'lmaydi. Natijada biror ondan urilayotgan molekulalari impulslari yig'indisi boshqa tomondan urilayotgan molekulalar impulslari yig'indisidan katta bo'ladi. Bundan zarra harakatga keladi. Ma'lum vaqt o'tgandan keyin yangi zarblar natijasida zarraning harakat yo'nalishi o'zgarishi mumkin. Agar zarraning harakati kuzatilsa manzara vujudga keladi.
Diffuziya. Bir modda molekulalarining o'z-o'zidan ikkinchi modda ichiga kirib ketish hodisasi diffuziya deyiladi. Agar hidi chiquvchi efir, kerosin, naftalin, atirga o'xshash moddalar xonaga kiritilsa, ma'lum vaqtdan keyin ularning hidi butun xonani egallab oladi. Bu esa bir moddaning molekulalari tashqi kuchlar ta'sirisiz ham boshqa moddaga singib ketishi mumkinligini ko'rsatadi. Tajribalarning ko'rsatishicha, diffuziya jarayonining ro'y berish tezligi diffuziyaga kiruvchi moddalarga va temperaturaga bog'liq bo'ladi. Suyuqliklardagi dilfuziya gazlardagiga nisbatan sekinroq, lekin qattiq jismlarnikiga nisbatan tezroq ro'y beradi. Chunki jism qanchalik zich bo'lsa, uning molekulalari bir-biriga shunchalik yaqin va ular orasidan boshqa jism molekulalarining singib kirishi shunchalik qiyin bo'ladi.