MAʻRUZA MATNI
Yatrokimyo (iatrokimyo) davrchasi
Metallarni oltinga aylantirish alkimyogarlarning yagona maqsad va orzusi emasdi. Ular kishini barcha kasalliklardan forigʻ qiluvchi eliksir va hamma moddalar uchun universal erituvchi alkagestni qidirish ustida izlanishardi. Eramizgacha 121-yilda tugʻilgan qadimgi yunon shifokori va faylasufi Galen (Sharqda uni Jolinus deb atashgan) Aristotelning tabiatni tashkil etuvchi toʻrt unsur haqidagi taʻlimotini inson organizmiga ham tadbiq qildi. Galenning fikricha, inson organizmida bu toʻrt element muayyan miqdoriy nisbatlarda boʻladi, agar organizmda bu moddalardan birortasining miqdori ortsa yoki kamaysa, u kishi kasallikka uchraydi. U bir qancha dorilar tayyorlash usullarini (erituvchilarda eritish, aralashtirish, bugʻlatish, ekstraksiyalash) batafsil tushuntirib yozgan. Dorilar haqidagi fan - farmakognoziya bir qator yunon va Sharq olimlarining asarlarida batafsil yozilgan. Qadimgi aptekalar hozirgi zamon farmasevtik va kimyoviy laboratoriyalarning debochasi, dastlabki koʻrinishi edi. Oʻsimlik va hayvonot dunyosidan dori tayyorlashga qoʻshimcha qilib kimyoviy usullar bilan dori tayyorlashni birinchi marta Ibn Sino qoʻllagan. Ammo XVI asrlargacha bu usuldan juda kam foydalanishgan.
Galen ishlaridan soʻng 14 asr oʻtgandan keyin XVI asrning birinchi yarmida yashagan nemis vrachi va kimyogari Filipp Aureol Teofrast Bombast fon Gogengeym (1493-1541-yy.) kimyo faniga asoslangan tabobat sanʻatini namoyon qildi. Bu olim oʻzini Parasels nomi bilan atay boshladi (kichik yutuqlardan kibrlangan olim oʻzini qadimda yashab oʻtgan hakim va tabiatshunos Selsdan ortiq ekanligini koʻrsatish uchun shunday psevdonim-taxallus oladi). Aristotel va Galen taʻlimotining davomchisi inson organizmi ham toʻrt unsur va uch boshlangʻich moddalardan (simob, oltingugurt, mishyak) tashkil topgan deydi. Organizmda bu uchta dastlabki moddalar tabiiy muvozanatda boʻladi, uning buzilishi kasallik sababi deb tushuntiradi. Parasels umri davomida alkimyo bilan shugʻullangan otasining vrachlik faoliyatini tanqid qiladi.26
Parasels fikricha, sunʻiy oltin olish mumkin emas, balki kimyo fanining vazifasi kasallikni davolashi lozim deb hisoblaydi. 1526-yilda Bazel senati universitetning tabiatshunoslik tarixi va tabobat kafedrasini boshqarishni olimga taklif etdi. Parasels bu joyda yevropalik olimlarning muqaddas anʻanalarini buzib, lotin tili oʻrniga nemis tilida maʻruzalar oʻqiy boshladi. Birinchi maʻruzasidayoq oʻzining bilim darajasini Galen va Ibn Sinonikidan ortiq deb keriladi. Parasels faqat vrach emas, balki kimyogar ham boʻlgan.
Oʻz davridagi maʻlum moddalarning koʻpchiligini dori sifatida ishlatib keldi, avval ularni tashqi, teri kasalliklariga qarshi davolashda qoʻllasa, keyinchalik ichki kasalliklar uchun ham tavsiya qildi. Oʻzini kimyo va tabobat bilan shugʻullangani uchun yatrokimyogar (“iatros” - vrach degani) deb atay boshladi. Kasalliklarni davolashda oʻsimlik shirasi va sharbatlaridan foydalangan Galenga qarshi ravishda organizm aʻzolari faoliyatining kimyoviy nazariyasini ilgari surdi. Barcha kimyoviy moddalar bilan birga simob, surma, mishyak, mis kuporosi, qoʻrgʻoshin qandi kabi kuchli va oʻtkir taʻsir etuvchi preparatlarni koʻproq tavsiya etdi. Bularning ichida oʻsimlik va maʻdanlardan oladigan “kvintessensiya” (quinta es-sentia- beshinchi modda) nomli moʻjizakor dorisini birinchi oʻringa qoʻyardi. Ogʻir kasalliklarni davolashda “oltin tinkur” ga katta ahamiyat berar edi. Bu preparat oltindan tayyorlangan qizil kolloid eritmaning aynan oʻzi edi. Oʻz asarlarida kimyoviy moddalar va tajribalar haqida, achchiqtosh va kuporoslar farqi haqida, rux metali va uning xossalari haqida maʻlumotlar keltirgan. Dori-darmon tayyorlashda doimo tarozidan foydalanishni Parasels joriy etgan.
Parasels davomchilaridan biri yatrokimyogar germaniyalik Andreas Libaviy (1540-1616-yy.) vrach va kimyo oʻqituvchisi boʻlgan. Yoshligida Iyen shahrida falsafa, tarix va tabobatni yaxshi oʻrgangan, shu yerda tibbiyot doktori ilmiy darajasini oldi. Libaviy butun umri davomida tibbiyot, alkimyo va metallurgiyaga doir bir qancha risola va adabiyotlar yozdi. Paraselsning kuchli taʻsir etuvchi dorilarni qoʻllash fikriga qarshi chiqdi. Libaviy 1597-yilda kimyo tarixida sezilarli oʻrin olgan "Alkimyogar" asarida barcha kimyoviy idishlar, uskunalar, isitish, haydash, distillash apparatlari haqida batafsil toʻxtaladi. Libaviy qoʻllanmasi 2 qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismida yuqoridagi maʻlumotlardan tashqari "Ideal kimyoviy laboratoriya" tarhini ilova qiladi. Uning tasavvuricha, laboratoriya alohida binoda boʻlishi lozim, unda laborantlar ishlashi uchun katta laboratoriya xonalari, rahbar kabineti, darsxona va kutubxona, isitish, distillash xonalari, hatto kichkina yertoʻla boʻlishi ham kerak.
Yatrokimyogar Vittenberglik Daniil Zennertni (1572-1637 yy.) tibbiyot sohasida professor boʻlsa ham, fizikaviy atomistik taʻlimotni rivojlantirdi. Bu nazariya eritmalar hosil boʻlishi va sublimatlash kabi kimyoviy jarayonlarni tushuntirish uchun qoʻl keldi. Nemis emigrantlari oilasidan chiqdan, venesiyalik Anjelo Sala (1576-1637-yy.) yatrokimyogar sifatida Libaviydek Paraselsning universal dorilar, kuchli taʻsir etuvchi kimyoviy moddalarni ishlatishga qarshi chiqdi. Sala kuporoslardan va oltingugurtni yoqish usuli bilan olinadigan “oltingugurt spirti” (“spiritus vitrioli”)ning har ikkisi bir narsa ekanligini isbotladi. Selitradan nitrat kislotasi olish mohiyatini tushuntirib berdi. Birinchi marta mis ionlarining eritmasidan katod sifatida tushirilgan temir plastinkasi sirtiga atomar mis ajralib chiqishini toʻgʻri talqin qildi va bu metallar transmutasiyasi emasligini isbotladi.27
Fransua Deleboe Silviy (1614-1672-yy.) vrach sifatida tibbiyotni amaliy kimyo deb hisoblaydi va kimyo faqatgina kasallarni davolash uchun xizmat qilishini lozim deydi. Van Gelmontning meʻda shirasi kislotali xossalari va fermentlar haqidagi taʻlimotini rivojlantirdi. Nafas olish jarayoni yonish jarayoni bilan aynan bir xil, u ham harorat va nafas olinadigan havoning tozaligi bilan belgilanadi, deb oʻrgatadi. Yatrokimyo namoyandalarining oxirgi vakillaridan biri Silviy shogirdi Vestfaliyalik Otto Taxeniy (1620-1699-yy.) hisoblanadi. Mineral moddalar kimyosiga oʻz eʻtiborini qaratgan Taxeniy, birinchi boʻlib tuzlarning hosil boʻlishi kislota bilan ishqorning oʻzaro taʻsiri natijasidir deb oʻrgatadi. Kimyo amaliyotida minerallarning tarkibiy qismini aniqlash uchun ayrim reaktivlarni kiritdi, miqdoriy tahlil tajribalarini amalga oshirdi. Barcha asarlari faqat tibbiy bilimlarni rivojlantirishga qaratilgan boʻlsa ham, Taxeniy analitik kimyoning asoschilaridan biridir.
Yatrokimyo davri XVI asrdan XVII asrning ikkinchi yarmigacha davom etdi. Bu davrda kimyo bilan tibbiyot yaqinlashdi, kimyoviy bilimlar chegarasi kengayib rivojlandi. Kimyo fani eksperimental tajribalarning mohiyati va uning kimyoviy tahlil rivoji va murakkab moddalarning tarkibiy qismlarini aniqlash borasidagi xizmatlari katta boʻldi.
Dostları ilə paylaş: |