Ko‘rgazmali metodning turlari
Ushbu metodlardan foydalanish zaruriyati ko‘rsatmalilik tamoyiliga amal qilish maqsadga muvofiq ekanligida ko‘rinadi. Inson miyasining 30 foiz hajmini ko‘rishni, faqat
3 foizigina eshitishni ta’minlovchi neyronlar tashkil etadi. Pedagogik-psixologik yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlar natijalaridan ma’lum bo‘ladiki, shaxs tomonidan o‘zlashtirilayotgan bilimlarning 85 foizi ko‘rish retseptorlari yordamida o‘zlashtiriladi. Demak, o‘zbek xalqi tomonidan ko‘p bora qo‘llaniladigan “Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi” maqoli ilmiy asosga ega ekan.
Tabiiy ob’yektlarni namoyish qilishda odatda uning tashqi ko‘rinishi (shakli, hajmi, miqdori, rangi, qismlari, ularning o‘zaro munosabatlariga e’tibor qaratiladi, so‘ngra ichki tuzilishi yoki alohida xususiyatlarini o‘rganishga o‘tiladi. Ko‘rsatish ko‘p holatlarda o‘rganilayotgan ob’yektlarning sub’yekti yoki chizmasi yordamida kuzatiladi. Tajribalar namoyishi esa sinf taxtasiga chizish yoki o‘qituvchining maxsus jihozlar yordamida ko‘rsatib berishi hisobiga amalga oshadi.
Predmetlar, hodisa yoki jarayonlarni tabiiy holatda namoyish qilish yanada ko‘proq didaktik samara beradi, biroq, bunday namoyishni amalga oshirish har doim ham mumkin bo‘lavermaydi. Shu bois o‘qituvchilar tabiiy predmetlarni namoyish qilishda sun’iy muhitga murojaat qilishadi (masalan, hayvonlar bilan hayvonot bog‘ida, turli o‘simliklar bilan esa issiqxonalarda tanishish) yoki sun’iy ravishda yaratilgan ob’yektlar (maket, model, skelet va boshqalar)dan foydalaniladi.
Metod yordamida o‘qituvchi o‘quvchilarni mustaqil ravishda ob’yektlarni o‘rganish, zaruriy o‘lchov ishlarini olib borish, aloqadorlikni o‘rnatish, shuningdek, hodisalarning mohiyatini anglab yetishga bir so‘z bilan aytganda faol bilish jarayoniga yo‘naltirishi lozim. Namoyish samarasi ko‘p jihatdan o‘qituvchining bilish jarayoni mohiyatan o‘quvchilarning yoshiga mos holda to‘g‘ri tanlanishi hamda mumkin qadar ularning diqqatini namoyish etilayotgan predmetning muhim jihatlariga yo‘naltirishiga bog‘liqdir.
Dostları ilə paylaş: |