Zamonaviy ta’lim tizimida o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilgan nazariy bilimlar negizida amaliy ko‘nikma va malakalarni shakllantirishda didaktik o‘yinlardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, o‘yin ham ijtimoiy faoliyat ko‘rinishi sanaladi.
Hozirgi vaqtda o‘qituvchilar qo‘lida barcha o‘quv fanlari bo‘yicha didaktik o‘yinlarning ishlanmalari mavjud, ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha yaratilgan o‘quv dasturlarda turli didaktik o‘yinlarning ro‘yxati yetarli darajada ko‘rsatilgan.
Ta’limning globallashuvi ta’limiy va rivojlantiruvchi xarakteriga ega va yo‘nalishi jihatidan xilma-xil bo‘lgan kompyuter o‘yinlarining maktab amaliyotiga jadal kirib kelishini ta’minlamoqda. Didaktik o‘yinlar o‘quvchilarga ijtimoiy-foydali mehnat hamda o‘qish ko‘nikmalarini faol o‘zlashtirishda muhim ahamiyatga ega. Didaktik o‘yinlarning ahamiyati uning natijasi bilan emas, balki jarayonning mazmuni va uning kechishi bilan belgilanadi. O‘yinlar bolalarni ijtimoiy munosabatlar jarayonida faol ishtirok etishga tayyorlaydi, ularning turli psixologik zo‘riqishlarini kamaytiradi. Didaktik o‘yinlardan foydalanilganda o‘quvchilarning manfaatdor bo‘lishlari ijobiy ahamiyatga ega bo‘lgan taqdirdagina ularni taqdirlash mumkin. Aksincha, metodik jihatdan puxta asoslanmagan hamda shunchaki tashkil etilgan o‘yin ijobiy natija bermaydi.
Ta’lim metodlarini tanlash.Pedagogika fanida o‘qituvchilarning amaliy tajribasini o‘rganish va umumlashtirish asosida ta’lim metodlarini tanlashga o‘quv- tarbiya jarayoni kechayotgan shart-sharoitlar va aniq holatlarga bog‘liq muayyan yondashuvlar vujudga keladi. Ta’lim metodlarini tanlashda quyidagi holatlar inobatga olinishi lozim: zamonaviy didaktikaning yetakchi g‘oyalari, ta’lim, tarbiya va rivojlantirishning umumiy maqsadlari; o‘rganilayotgan fan mazmuni vametodlari, mavzularining o‘ziga xosligi; xususiy fanlar metodikasining o‘ziga xosligi va umumdidaktik metodlarni saralashga qo‘yiluvchi talablarning o‘zaro aloqadorligi; muayyan dars materialining maqsadi, vazifalari va mazmuni; u yoki bu mavzuni o‘rganishga ajratilgan vaqt; o‘quvchilarning yosh xususiyati, bilish imkoniyatlari, darajasi; o‘quvchilarning darsga tayyorgarlik darajasi; o‘quv muassasalari, auditoriyalarning moddiy ta’minlanganlik darajasi, jihozlar, ko‘rsatmali qurollar, texnik vositalarning mavjudligi; o‘qituvchining imkoniyatlari, nazariy va amaliy jihatdan kasbiy tayyorgarlik darajasi, pedagogik mahorati, shaxsiy sifatlari; o‘quv muassasalarida fanlararo hamkorlikning o‘rnatilganligi. O‘qituvchi bu holatlarni inobatga olib, u yoki bu ketma-ketlikda og‘zaki, ko‘rgazmali yoki amaliy metodlarni, reproduktiv yoki mustaqil ishlarni boshqarish
metodlarini nazorat va o‘z-o‘zini nazorat metodlarini tanlash borasida aniq yechimlar qabul qiladi.