Yaponiya ta’limining shakllanishi 1867-1868-yillarda boshlangan. Yaponiya o‘z oldiga ikki vazifani: birinchi - boyish, ikkinchi - G‘arb texnologiyasini Yaponiya ishlab chiqarishiga kiritish masalasiin qo‘yadi va bu ishni amalga oshirish uchun birinchi galda ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish kerakligi aytildi.
1872-yili “Ta’lim haqidagi qonun” qabul qilindi. Bunda Yapon ta’limi G‘arb ta’limi bilan uyg‘unlashtirildi. 1908-yilda Yaponiyada boshlang‘ich ta’lim majburiy 6 yillikka aylantirildi. 1893-yili kasb yo‘nalishidagi dastlabki kollej paydo bo‘ldi.
1946-yili qabul qilingan Konstitutsiya fuqarolarning ta’lim sohasidagi huquq va burchlarini belgilab berdi. Unda barcha bolalar bepul umumiy ta’lim olishlari belgilab ko‘yilgan.
Yaponiyada hozirgi zamon ta’lim tizimlarinig tarkibi quyidagicha: Bolalar bog‘chalari, boshlang‘ich maktab, kichik o‘rta maktab, yuqori o‘rta maktab, oliy ta’lim tizimlariga kiruvchi o‘quv yurtlaridan iborat.
Bolalar bog‘chalari. Ta’limning bu bosqichiga 3-5 yoshli bolalar qabul qilinadi. Bolalar yosh xususiyatlariga muvofiq ravishda 3, 2, 1 yillik ta’lim kurslariga jalb qilinadilar.
Majburiy-Ta’lim. Ta’limning bu pog‘onasiga 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar jalb qilinib, ular shu muddat ichida 6 yillik boshlang‘ich maktab va 3 yillik kichik o‘rta maktab kursini o‘taydilar. 9 yillik bu ta’lim majburiy bo‘lib, barcha bolalar bepul o‘qitiladilar va tekin darsliklardan foydalanadilar.
Yuqori bosqich o‘rta maktabi. Bu maktablar ta’lim yo‘nalishining 10,11,12- sinflarini o‘z ichiga oladi. Yaponiyada bunday bosqich maktablarining kunduzgi, kechki va sirtqi bo‘limlari mavjud. Kunduzgi yuqori bosqichli maktablarida o‘qish muddati 3 yil. O‘quvchilarning 95 foizi kunduzgi maktablarda ta’lim oladilar. Bu tarzdagi maktablarda o‘qish ixtiyoriydir. Unda quyi o‘rta maktablarni bitirgan yuqori bosqich o‘rta maktablariga kirish sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi yoshlar qabul qilinadilar. Unda umumiy ta’lim (akademik) fanlari, texnik bilimlar, tijorat, mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kemasozlik va boshqa maktablarda umumiy va xususiy tarmoqlarni qo‘shib hisoblaganda 95 foiz yosh bilim oladi.
Dorilfununlar, kichik kollejlar, texnik kollejlar, maxsus ixtisoslashtirilgan kollejlar Yaponiyada oliy ta’lim tizimini tashkil etadi.
Yaponiyada boshlang‘ich, o‘rta va oliy o‘quv yurtlaridan tashqari, bir - biridan farq qiluvchi “Ixtisos maktablari” va “turli” maktablar ham mavjud. Ularning ko‘pchiligi xususiy bo‘lib, turli firma, konsern va sindikatlar uchun qisqa vaqtli kurslarda tikuvchi, oshpaz, hisobchi, mashinkada yozuvchi, avtotexnik, elektron hisoblash mashinalari
uchun dastur tuzuvchilar va boshqa zaruriy kasblar o‘rgatiladi. Yaponiyada ham turli xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan maktablar mavjud.
Boshqa maktablardan farqli o‘laroq, Yaponiya maktablarida o‘qish 1-apreldan boshlanib, kelasi yilning 31-martida nihoyasiga yetadi.
Boshlang‘ich va kichik o‘rta maktablarda o‘quv yili uch semestrga bo‘linadi: aprel
- iyul, sentabr - dekabr, yanvar - mart. Katta o‘rta maktablarda esa o‘quv yili 2 yoki 3 semestrga bo‘linadi.
O‘quv yili Yaponiyada 240 kun yoki Amerika Qo‘shma Shtatlaridan 60 kun ko‘pdir. Darslar 7 soat. Ko‘pchilik maktablarda darslar ertalab soat sakkiz yarimda boshlanib, uchdan keyin tugaydi.
O‘quvchilar xaftasiga 2-3 soat sinfdan tashqari klub ishlarida, 7 soat ixtisos bo‘yicha mashg‘ulotlarda yoki repetitorlar ixtiyorida bo‘ladilar.
Yuqori bosqich o‘rta maktablarida butun o‘quv jarayonida o‘quvchilar 80 ta sinov topshirishadi. O‘quvchilar majburiy asosiy fanlardan tashqari o‘z xohishlariga ko‘ra ingliz tili, texnik ta’lim va maxsus sinovlarga jalb etiladilar.
Yapon maktablari elektron hisoblash mashinalari va boshqa o‘quv texnika vositalari bilan to‘la ta’minlanganligiga qaramay, mutaxassislarning fikricha, asosiy e’tibor o‘qituvchi faoliyati va darslikka qaratilmog‘i kerak. Ularning fikricha, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi jonli muloqot o‘rnini har qancha, takomillashgan mashina ham bosa olmaydi.
Deyarli barcha darsliklar xususiy bosmaxonalarda chop etiladi. Ularni chop etishga mablag‘ni Vazirlik ajratadi. Yuqorida qayd etilgandek, darsliklar boshlang‘ich va quyi o‘rta maktablarda bepul, yuqori o‘rta maktablarda esa pullikdir. Darsliklar narxi shundayki, ularni xarid qilishga hammaning imkoniyati bor. Foydalanilgan darsliklar pullik bo‘lsa ham, tekin bo‘lsa ham o‘quvchining o‘zida qoldiriladi.
Yaponiyada o‘qituvchi kadrlar tayyorlash sifatiga juda katta talablar qo‘yiladi. Bu talablar shundayki, mazkur kasbga iqtidorsiz va yo‘nalishi to‘g‘ri kelmaydigan tasodifiy kishilarning kirib qolishi amalda mumkin emas.
O‘qituvchilar 4 yillik dorilfununlarda va 2 yillik kollejlarda tayyorlanadi. Bu o‘quv yurtlarining bitiruvchilariga birinchi va ikkinchi darajali guvohnomalar beriladi.
Maktab direktori bo‘lish uchun 1 - darajali guvohnomaga ega bo‘lish shart.
Yapon o‘qituvchilarinig jamiyatda tutgan obro‘-e’tibori katta. Binobarin, ularning maoshlari ham yuqori, 74 foiz o‘qituvchi jamoa va kasaba uyushmasiga a’zo. Bu ularga ta’lim mazmunini va uslubini muhokama qila olish imkoniyatini beradi.
Yapon o‘qituvchilari har 5 yilda malaka oshirish kurslarida o‘qib qaytadilar. Malaka oshirish o‘qituvchilarning o‘zlari uchun katta ehtiyojdir. Chunki, Yaponiya maktablari dasturi 10 yilda davr taqozosiga ko‘ra o‘zgaradi. Dasturlardagi yillik o‘zgarishlar esa anjumanlar o‘tkazish yo‘li bilan o‘qituvchilarga yetkazib boriladi.
O‘qituvchilar o‘zlariga ishonib topshirilgan 35 - 40 o‘quvchining bilimi va tarbiyasi uchun javobgardirlar. Shu bois ular darsdan bo‘sh vaqtlarini o‘quvchilar, ularning ota - onalari bilan suxbatlarga, xonadonlarga tashrif ishlariga bag‘ishlaydilar.
Yaponiyada oilaviy budjetning katta qismi bolalarning sara maktablarda puxta bilim olishlarini ta’minlashga, universitetlarga kirib bilim olishlariga sarflanadi. Oilada bola yaxshi bilim olishi uchun barcha shart - sharoitlar yaratib beriladi.
Bolalar tarbiyasida onalarning ro’li va ma’suliyati ayniqsa kattadir. Ular farzandlarining oqil, dono, muloyim, odil va mehnatsevar bo‘lib o‘sishlari uchun oila sulolasi va davlat oldida o‘zlarini ma’sul deb hisoblaydilar.
Turli ta’limiy ko‘nikmalarni bolalar ongiga singdirish yapon maktablariga xos fazilatdir. Masalan, 2 - sinf o‘quvchisi ko‘pchilik oldida nutq so‘zlash qobiliyatiga ega bo‘lishi, 6 - sinf o‘quvchisi kamida 2 ta cholg‘u asbobida kuy chala bilishi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi suvda bemalol suza olishi kerak.
Dorilfununlarga katta o‘rta maktabni yoki 12 yillik oddiy maktabni tugatgan o‘quvchilar qabul qilinadi. U yerda 460 ta universitet bo‘lib, 95 tasi davlat tasarrufida, 34 tasi munitsipal, 331 tasi xususiydir. 1 - toifadagi universitetlarda har bir o‘qituvchiga 8 nafar, 2 - toifali universitetlarda esa 20 tadan talaba to‘g‘ri keladi. Universitetlarga qabul qilish ikki bosqichga bo‘linadi: 1 - bosqichi turar joyda o‘tkaziladi, buning uchun yapon, eski yapon tili, matematika, fizika, ximiya, jamiyatshunoslik, tarix bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadilar.
Bu sinovlardan o‘tgan o‘quvchilar universitetlarga yo‘llanma oladilar va yana sinovdan o‘tadilar. Xususiy universitetlarga esa to‘g‘ridan - to‘g‘ri test topshiriladi. Bir qator xususiy universitetlar o‘zining uzluksiz shaxobchasiga ega (bog‘chadan boshlab hamma bosqichlarni qamrab oladi). Universitetdan talabalarni xaydab yuborish mumkin emas. Lekin o‘qish muddatini cho‘zish mumkin (4 yillik o‘qish 5 - 6 yilgacha cho‘zilib ketishi mumkin).
Kollejlar :
kichik kollej.
texnik kollej
maxsus kollejlarga bo‘linadi.
Uni bitirgan talabalar bakalavr diplomini oladi va universitetning 2 - yoki 3 - kurslariga qabul qilinadi.
Yapon dorilfununlarida talabalar o‘quv jarayonida 140-150 sinov birligi topshiradilar. Ularda baho mezoni – “a’lo”, “yaxshi”, “konikarli”, “koniqarsiz”. Yapon dorilfununlari asosan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydi. Shunga qaramay, Yaponiyada “Dorilfunun kishini bilim va kasbga yo‘naltiradi xolos, uni takomillashtirish, mukammallashtirish o‘ziga bog‘liq” deb hisoblaydilar.
Yaponiya dorilfununida bitiruvchilarning mutlaq ko‘pchiligi xalq xo‘jaligining turli sohalarida samarali mehnat qiladilar. Oliy ma’lumotli mutaxassislar soni jihatidan Yaponiya jahonda ikkinchi o‘rinda turadi. Ming kishiga 190 ta oliy ma’lumotli
mutaxassis to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich AQSH da har ming kishiga 294, Buyuk Britaniyada 138, fransiyada 115 nafardir.
Yaponiya ta’limining asosiy maqsadi va mazmuni aholini zamonaviy texnik hamda texnologik jarayonlar bilan jihozlangan xozirgi zamon sanoatida samarali ishlashga moslashtirishdir. Mamlakatda maktabga muhim ijtimoiy vazifani bajaruvchi, jamiyatning olg‘a siljishini ta’minlovchi dargoh deb qaraladi va xalq tomonidan e’zozlanadi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Yaponiyada ta’lim tizimi ham shaklan, ham mazmunan yuksak uyg‘unlik kasb etgan. Ibrat olsa, o‘rgansa arziydigan jihatlari ko‘p. E’tiborli yana bir tomoni - Yaponiyada faqat milliy an’analar bilan cheklanib qolmay, jahondagi Amerika, Fransiya, Germaniya kabi taraqqiy etgan mamlakatlarning ilg‘or pedagogik ish tajribalari ham ijodiy o‘zlashtirilgan.