Xonliklar davrida ilm-fan, ta’lim-tarbiyadagi o‘zgarishlar hakida gapiring?
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonda ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi?
Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asarining yaratilishi va uning asosiy g‘oyalari nimadan iborat?
Sobiq Sho‘ro davrida (1917-1990 yy) xalq ta’limi va pedagogika?
5-MAVZU: IQTISODIY RIVOJLANGAN DAVLATLARDA VA O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING TA’LIM TIZIMI
Reja:
Rivojlangan xorijiy davlatlardagi ta’lim-tarbiya, maktab va maorif taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari.
AQSh, Yaponiya, Finlandiya, Fransiya va Germaniya ta’lim tizimini tuzilishi.
O’zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi davlat siyosati.
Rivojlangan xorijiy davlatlar va O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimidagi o‘zaro hamkorlik masalalari.
Tayanch iboralar!
Rivojlangan xorijiy davlatlardagi ta’lim-tarbiya, maktab, maorif, AQSH da ta’lim, Yaponiyada ta’lim, Germaniyada ta’lim, Fransiyada ta’lim, ta’lim tizimidagi islohatlar.
Rivojlangan xorijiy davlatlardagi ta’lim-tarbiya, maktab va maorif taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari. Jahonning yuksak darajada taraqqiy etgan davlatlarda ta’lim-tarbiya ishlarining yo‘lga qo‘yilishi, maktablarda amalga oshirilganini o‘rganish orqali biz mustaqil respublikamiz milliy ta’lim tizimlarini yangidan tashkil qilishda, ta’lim-tarbiyada, maktab ishini tashkil etishda eskirib, o‘z dolzarbligini yo‘qotib borayotgan faoliyat shakllari va usullaridan tezroq xalos bo‘lish, uni munosib tarzda yangilashda qo‘shimcha boy manbalarga ham ega bo‘lamiz. Zotan, hozirgi zamon ta’limida davlat va jamiyat talabi va manfaatlari aks etib turishi kerak.
Ilmiy-texnika taraqqiyoti, yangi texnologik revolyutsiya sharoitida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsata oladigan jamiyat a’zolarini yetishtirib berish, yosh avlodni kasb- hunarga yo‘naltirish hamda o‘rta ta’limning ko‘p variantli uchinchi bosqichini joriy etish, ta’lim-tarbiya berishda eng ilg‘or pedagogik vositalarni qo‘llash, ta’limda tashabbuskorlik va ijodkorlikka keng yo‘l ochish, uning eng maqbul tizimlarini yaratish kabi chet el tajribalarini o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bugungi kunda keng ko‘lamdagi islohotlarni o‘z boshidan kechirayotgan bizning ta’limimiz uchun bu katta ahamiyatga ega.
Keyingi yillarda chet el ta’limi bo‘yicha ko‘pgina maqolalar, broshyuralar, qo‘llanmalar chop etildi, unga bag‘ishlab seminarlar, anjumanlar, uchrashuvlar o‘tkazildi.
Bu bizning ta’lim tizimlarimizda, chet ellarda o‘quv tarbiya ishlarining qo‘yilishiga e’tibor va qiziqishning tez sur’atlar bilan o‘sib borayotganligidan dalolatdir. Xalq ta’limi tizimlarida chet el ta’limini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi muassasalar ham tashkil topmoqda. Xalq ta’limi vazirligidan tashqari bu masala bilan Respublika o‘quv- metodika markazida, pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti tarkibida maxsus bo‘limlar faoliyat ko‘rsatmoqda, malaka oshirish markaziy institutida bir qator kafedralar ish bilan shug‘ullanmoqdalar.
Chet el ta’limi tizimlaridan bizning mutaxassislarni voqif qilishda BMT ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, elchixonalar, AQSH ning Tinchlik Korpusi mutaxassislari, Germaniya xalqaro rivojlanish fondi, AKSELS markazi, Adenauyer jamg‘armasi, Fransiya madaniyat markazi, Britaniya Kengashi, Gyote instituti, “Silm A.SH.” firmasi, YUNESKO va YUNISEF ning vakolatxonalari va boshqa ko‘plab tashkilotlar yaqindan yordam bermokdalar.
“Rivojlangan davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham shakllanib kelayotgan o‘rta sinf bo‘lmish mulkdorlar sinfining muhim tarkibiy qismi, mamlakatimiz ijtimoiy-
siyosiy hayotining tayanchi va suyanchi hisoblanadi”- degan edi birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov “Barkamol avlod yili” davlat dasturida.
Darhaqiqat rivojlangan xorijiy davlatlarda ta’limning, mamlakat ichki siyosatiga faol tasir etadigan ijtimoiy jarayon ekanligi, e’tirof qilingan haqiqatdir. Shu tufayli ham chet mamlakatlarida maktab ehtiyojini iqtisodiy ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘ miqdori yildan-yilga oshib bormoqda.
Yaponlarda, masalan, “maktab muvaffaqiyat va farovonlik timsoli” gina bo‘lib qolmay, “u insonlarni yaxshilaydi”, degan fikr ishonch va e’tiqodga aylangan.
Ta’lim to‘g‘risidagi g‘amxo‘rlik taniqli siyosatchilarning ham hamisha diqqat e’tiborida bo‘lgan. Shuning uchun xam AQShning sobiq Prezidenti R.Reyganni, Buyuk Britaniya Bosh vaziri M.Techcherni, Fransiya Prezidenti F.Mitteranlarni maktab islohotining tashabbuskorlari deb, bejiz aytishmaydi. F.Mitteran maktabni “Jamiyatni xarakatlantiruvchi kuch” deb hisoblagan.
Rivojlangan mamlakatlarda pedagogik tadqiqotlarni amalga oshiradigan ko‘p sonli ilmiy muassasalar ishlab turibdi. Germaniyada ularning soni 2 mingdan ortiq. Fransiya, AQSH, Yaponiya ta’lim-tarbiya nazariyasi muammolari bilan yuzlab davlat va xususiy tashkilotlar, universitetlar, pedagogik tadqiqot markazlari shug‘ullanmokdalar. Ular faoliyatini esa xalqaro ta’lim markazlari, masalan, AQSH da xalqaro ta’lim instituti muvofiqlashtirilib bormoqda. Ko‘pchiligining faoliyati o‘quv dasturini takomillashtirish va qayta qurishga qaratilgan.80-yillardan boshlab Buyuk Britaniyada ham AQSH dagi singari o‘rganilishi majburiy bo‘lgan fanlar doirasi kengaytirildi. Ingliz tili va adabiyoti, matematika va tabiiy fanlar o‘quv setkasining yadrosini tashkil etadigan bo‘ldi. Qolgan predmetlarni tanlab olish o‘quvchilar va ota-onalar ixtiyoridadir.
“Yangi dunyo”ning pedagogik g‘oyalari Fransiya va Germaniya ta’limiga ham sezilarli ta’sir etmoqda.
Germaniya to‘liqsiz o‘rta maktablarida asosiy predmetlar bilan bir qatorda tanlab olinadigan ximiya, fizika, chet tillari kiritilgan o‘quv dasturlari ham amalga oshirilmoqda. Bu o‘quv dasturi tobora to‘liqsiz o‘rta maktab doirasidan chiqib, o‘rta maktablar va gimnaziyalarni ham qamrab olmoqda.
Fransiya boshlang‘ich maktablarida ta’lim mazmuni ona tili va adabiyoti hamda matematikadan iborat asosiy, tarix, geografiya, aholishunoslik, tabiiy fanlar, mehnat ta’limi, jismoniy va estetik tarbiya kabi yordamchi predmetlarga bo‘linadi.
Yaponiya maktablari ikkinchi jahon urushidan keyinoq Amerika ta’limi yo‘lidan bordi. Lekin shunga qaramay, bu ikki mamlakat o‘quv dasturida bir qator farqlar ko‘zga tashlanadi. Yaponiyada o‘quv dasturlari jiddiy murakkablashtirilgan, asosiy fanlar majmui ancha keng, bir qator yangi maxsus va fakultativ kurslar kiritilgan. Masalan, umumiy ta’lim maktablarining yangi musika ta’limi o‘quv dasturiga milliy va jahon mumtoz musiqasini o‘rganish ham kiritilgan.
Shuni ta’kidlash lozimki, iqtisodiy rivojlangan davlatlarda 60-80-yillarda tabiiy- ilmiy ta’lim dasturi tarkibiga fizika, ximiya, biologiya, bazi xollarda astranomiya,
geologiya, mineralogiya, fiziologiya, ekologiya elementlari kiritilib, u AQSH va Fransiyada 4 yil, Buyuk Britaniyada 6 yil, Germaniyada 2 yil o‘qitiladi. O‘quv predmetlarini integratsiyalash jarayonida yangi-yangi kurslar paydo bo‘la boshladi. Fransiyada 70-80-yillarda to‘liqsiz o‘rta maktablar o‘quv dasturidagi tabiiy-ilmiy va gumanitar turkumiga eksperimental, iqtisodiy gumanitar kurslar kiritiladi.
Hozirgi paytlarda rivojlangan mamlakatlar o‘quv dasturiga integratsiyalashtirilgan kurslarni kiritish to‘la amalga oshirildi. Fransiya maktablarida ularga 6-10 foiz, Buyuk Britaniya maktablarida 15 foiz o‘quv soatlari ajratildi.
Maktablarda amalga oshirilayotgan islohotlar ta’lim ishini tabaqalashtirish muammolarini keltirib chikardi.
Iqtisodiy rivojlangan xorijiy mamlakatlarda ta’limni tabaqalashtirish eng dolzarb masalaga aylangan. O‘quvchilarni tabaqalashtirib o‘qitish xorijiy mamlakatlarda asosan boshlang‘ich ta’lim kursidan keyin amalga oshiriladi. Masalan, Fransuz pedagoglari ta’lim jarayonida sinf o‘quvchilarini uch tabaqaga ajratib o‘qitishni afzal ko‘radilar. Bular quyidagilar :
Gomogenlar - matematika va gumanitar yo‘nalishda ish olib borsa bo‘ladigan o‘quvchilar.
Yarim gomogen - tabiiy turkumdagi fanlarni o‘zlashtira olishga moyil o‘quvchilar.
Gegeron - barcha predmetlarni har xil saviyada o‘zlashtiradigan o‘quvchilar va hokazo.
Tabaqalashtirish jarayoninig yangi muhim yo‘nalishi to‘ldiruvchi ta’limni rivojlantirish bo‘lib qolmokda.
To‘ldiruvchi maktablar paydo bo‘lishining sababi, AQSH va G‘arbiy Yevropada o‘zlashtira olmaydigan hamda ulgurmaydigan o‘quvchilarning ko‘payib borayotganligi, funksional savodsizlik avj olayotganligidir.
80 - yillarda AQSH o‘quvchilarinig 50 - yillarga nisbatan reyting ko‘rsatkichi 973 dan 893 ga tushdi. Fransiyada har uch litseychidan biri bu salbiy holatni bartaraf etish to‘ldiruvchi ta’lim zimmasiga tushadi.
To‘ldiruvchi ta’lim maktabgacha tarbiya muassasalarida, maktab va litseylarda amalga oshirilmoqda. AQSH da bu xizmatga ommaviy axborot vositalarinig imkoniyatlari xam safarbar etilgan, Milliy telekompaniya maxsus o‘quv kanali orqali 130 soatlik o‘quv ko‘rsatuvlari tashkil etildi.
O‘quv jarayonlarini tabaqalashtirib olib borish bo‘yicha chet mamlakatlarining ko‘pchiligida tadqiqotlar davom ettirilmoqda.
Rivojlangan davlatlarda iqtidorli bolalarga e’tibor tobora ortib bormoqda.
Keyingi davrlarda o‘z tengdoshlariga nisbatan qobiliyatda bir necha barobor ilgarilab ketgan bolalar ko‘plab topilmoqda. Ular o‘quvni juda erta boshlab ta’lim kurslarini o‘zlashtirishda katta shov - shuvlarga sabab bo‘ladigan darajada muvaffaqiyatlarga erishadilar.
Shunday iqtidorlar maktabi G‘arbda 60 - yillardayoq paydo bo‘lgan edi. Bunday maktablarning o‘quv dasturlari bolalar qobiliyati va imkoniyatini to‘la ro‘yobga chiqarishni ta’minlab berish darajasida murakkab tuzilgan.
Qobiliyatli bolalar bilan ishlash dasturlari AQSH da keng quloch yoygan. Ayrim shaharlarda oliy toifali bolalar bog‘chalari ochilgan bo‘lib, ularda 4-5 yoshli o‘quvchilar maktab dasturida o‘qitiladilar. AQSH da “Merit” dasturi asosida har yili yuqori sinflar va kollejlardan eng qobiliyatli bolalardan 600 mingtasi tanlab olinadi. Ular o‘rtasida test sinovlari o‘tkazilib eng qobiliyatli 35 ming o‘quvchi tanlab olinadi va o‘qitiladi. Ularga turli imtiyozlar, stipendiyalar, yaxshi shart - sharoitga ega bo‘lgan turarjoy, eng oliy darajadagi universitetlarga qabul va boshqalar amalga oshiriladi.
Lekin iqtidorli bolalarga qarama - qarshi qutbda turgan aqli zaif o‘quvchilarning taqdiri ham chet ellik hamkasblarni tobora tashvishlantirmoqda, bunday xolni kelib chiqish sabablarini o‘rganish, oldini olish bo‘yicha ko‘pgina profilaktik ishlar olib borilmoqda va ular uchun maxsus maktablar ochilmoqda. Lekin statistik ma’lumotlar bunday bolalar soni tobora oshib borayotganligini ko‘rsatib kelmoqda.
70 - yillarda AQSH da kelajak maktabi umummilliy loyihasini amalga oshirishga kirishildi. Bu eksperiment mazmuni o‘qituvchi buyrug‘i bilan ish tutish, ko‘proq o‘quvchilarga mustaqil ishlash imkoniyatini berishdan iborat. Ta’lim tarkibi sinfda ishlash, mustaqil mashg‘ulot, o‘qituvchi konsultatsiyasini o‘z ichiga oladi.
Germaniya maktablarida sinfda o‘quvchilar sonini qisqartirish sari yo‘l tutilgan. Bunday o‘quvchilarning har biriga individual paketlar (topshiriqlar) tarqatiladi. Toshiriqlarni o‘quvchi mustaqil bajaradi, lozim bo‘lganda u o‘qituvchidan konsultatsiya oladi.
Yuqorida bayon qilinganlardan ko‘zda tutilgan maqsadlari :
Maktabni mehnat, insoniy faoliyat bilan yakinlashtirish, kasbga yo‘naltirish ishlarini qayta tashkil etish.
Tabaqalashtirib o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, maxsus o‘quv muassasalarini (ham talantlar, ham aqliy, jismoniy zaif o‘quvchilar uchun) rivojlantirish.
Yangi, ya’ni o‘quv texnik vositalarini ta’limdagi salmog‘ini oshirish, o‘qituvchilar korpusida kompyuter ta’limini yo‘lga qo‘yish.
Pedagogik g‘oyalarni amalga oshirishda keng qamrovli eksperiment - tadqiqotlarni amalga oshirishdan iboratdir.
Chet el ta’limidagi bunday ibratli jihatlarni Vatanimiz ta’lim tizimlarida qo‘llash yosh, mustaqil Resublikamizda o‘quv - tarbiya ishlarini isloh qilish jarayonini tezlashtiradi.