Ta’limning tashkiliy shakllari, sinf-dars tizimi, dars tuzilishi, dars turlari, dars shakllari, dars bosqichlari, zamonaviy dars talablari, darsga tayyorgarlik bosqichlari.
Didaktik tizim. Ta’lim turlari. Ta’lim turlari va ularning tavsifi. Didaktik g‘oyalar (tizimlar) tarixiy taraqqiyot jarayonida yangi g‘oyalar bilan boyib davr talabiga mos keluvchi tizimlarga aylanadi. Didaktik tizimlar ta’lim turlarini tavsiflash imkonini beradi.
Ibtidoiy jamoa va quldorlik tuzumi davrlarida insoniyat taraqqiyoti davomida orttirilgan hayotiy tajribalar amaliy harakatlar yordamida yosh avlodga uzatib borilgan bo‘lsa, keyinchalik ular aniq belgilangan joy va ayrim toifa kishilar tomonidan maxsus o‘qitila boshlandi. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasiga ko‘ra o‘qitish mazmun- mohiyati, tuzilishi va maqsadiga ko‘ra turli ko‘rinish va shakllarda tashkil etib kelingan.
O‘qitishning ilk maxsus turi qadimgi yunon faylasufi Suqrot (er. av. 469-399 yillar) tomonidan tashkil etilgan savollarga javob topishdan iborat o‘qitish hisoblanadi. O‘qitishning bu turi suqrotcha suhbat deb ataladi. Faylasuf (o‘sha davrda bolalarni o‘qitish faylasuflar tomonidan olib borilgan) bolalarda qiziqish, bilish bo‘lgan intilishni yuzaga keltiuvchi savollardan foydalangan. Bolalar faylasuf rahbarligida mulohaza yuritish orqali voqea-hodisalarning mohiyatini idrok etishgan. Ritorik savollarni muhokama qilish, odatda faylasufning mulohazasi bilan to‘ldirish bilan yakunlangan. Suqrotcha suhbatlar bir yoki bir necha o‘quvchilar ishtirokida tashkil etiladi.
Dogmatik o‘qitish (bilimlarni yodlash va takrorlash) jamoa asosida idrok etish faoliyatining ilk turi bo‘lib, o‘rta asrlarda keng tarqalgan. O‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropada dogmatik o‘qitishda lotin tili, Markaziy Osiyo mamlakatlarida esa arab tili yetakchi o‘rin tutgan. Bolalar ta’lim (muqaddas kitobni o‘qib talqin qilish, o‘qish, yozish va hisoblash)ni boshlang‘ich maktablarda olganlar. Dogmatik o‘qitishda o‘quvchilarning asosiy faoliyatlari tinglash, o‘qish, yod olish, eslab qolish va matnni so‘zma-so‘z takrorlashdan iborat bo‘lgan.
Oliy ta’lim madrasalarda berilgan. Madrasalarda o‘qitish fors tillarida olib borilgan. Talabalar majburiy tarzda arab tilini ham o‘rganganlar. O‘quv rejasiga grammatika, Qur’on, Hadis, ritorika, logika, metafizika, geologiya, adabiyot, huquqshunoslik kabi fanlar kirgan. O‘qitish asosan og‘zaki shaklda olib borilgan. Biroq talabalar foydalangan o‘quv adabiyotlari asta-sekin ancha ko‘p qirrali, turli-tuman bo‘lib boradi. Maktab ta’limi erkaklar uchun mo‘ljallangan. Ammo badavlat oila qiz bolani o‘qitish uchun uyga o‘qituvchini taklif etgan.