Darsning tuzilishi oddiy va ancha murakkab bo‘lishi mumkin. Bu o‘quv materialining mazmuni, darsning didaktik maqsadi, o‘quvchilar va jamoa sifatida sinfning xususiyatlariga bog‘liq..
Zamonaviy didaktikada dars quyidagi turlari ajratib ko‘rsatilgan:
Boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar yoshlarini hisobga olib o‘quv ishlarining turli xillaridan foydalanishga, yangi bilimlarni berishni avval ilgari o‘rganilganni mustahkamlash, takrorlash bilan birga olib borishga to‘g‘ri keladi. Hatto, tekshirish darslari ham bu yerda ko‘pincha ishlar boshqa turlarini o‘z ichiga oladi: materialni og‘zaki yetkazish, qiziqarli hikoyani o‘qish. Darsning aynan mana shu turi aralash (kombinatsiyalashgan) yoki murakkab tuzilishli deb ataladi. Aralash darsning taxminiy tuzilishi: uy vazifalarini tekshirish (o‘quvchilar bilan savol-javob qilish); yangi materialni o‘rganish; mavzuni o‘zlashtirishni dastlabki tekshirish; mashq yordamida yangi bilimlarini mustahkamlash; avval o‘rganilgan bilimlarni suhbat ko‘rinishida takrorlash; o‘quvchilarning bilimlarini baholash; uyga vazifa berish.
Yangi bilimlarni o‘rganish (o‘quvchilarni yangi materiallar bilan tanishtirish) darsi o‘quvchilarni ularga tanish bo‘lmagan yangi material mazmuni bilan tanishtirish jarayoni bo‘lib, bunday dars bir nechta savollarni o‘z ichiga oladi, ularni o‘rganish uchun ko‘p vaqt talab qiladi. O‘qituvchi darsning mazmuni, aniq maqsadi va mustaqil ish shakllariga ko‘ra yangi matyerialni o‘zi bayon etadi. Ayrim hollarda o‘quvchilar o‘qituvchi rahbarligida mustaqil faoliyat olib boradilar. Ushbu dars quyidagi tuzilishga ega: 1) yangi materialni o‘rganish uchun asos bo‘lgan avvalgi materialni takrorlash; 2) o‘qituvchining yangi materialni va darslik bilan ishlashni tushuntirishi; 3) bilimlarni tushunishlarini tekshirish va dastlabki mustahkamlash; 4) uyga vazifa berish.
Bilimlarni mustahkamlash darslarida o‘quv ishining asosiy mazmuni ilgari o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkam o‘zlashtirish maqsadida ularni ikkinchi bor tushunib olish hisoblanadi.
O‘quvchilar bilimlarni yangi manbaalar bo‘yicha o‘rganib, chuqurlashtiradilar, o‘zlariga tanish qoidaga muvofiq yangi mazmundagi masalalarni yechadilar, ilgari olgan bilimlarini og‘zaki va yozma takrorlaydilar. Bu kabi darslar quyidagi tuzilmaga ega bo‘ladi: 1) uy vazifasini tekshirish; 2) og‘zaki va yozma mashqlarni bajarish; 3) topshiriq bajarilishini tekshirish; 4) uyga vazifa berish.
Ko‘nikma hamda malakalarni shakllantirish va mustahkamlash darslari bilimlarni mustahkamlash darslari bilan bog‘liqdir. Bu jarayon bir necha maxsus darslar jarayonida amalga oshiriladi. Boshqa darslarda yangi mavzularni o‘rganishda davom ettiriladi. Shu bilan birga avvaliga mashqni bajarish ishlari bolalar tomonidan o‘qituvchi yordamida va ular topshiriqni qanday tushunganlarini dastlab jiddiy tekshirish bilan bajarilsa, keyinchalik esa qayerda qanday qoida qo‘llanilishini o‘quvchilarning o‘zlari belgilaydilar.
Umumlashtiruvchi darslari (bilimlarini umumlashtirish va tizimlashtirishlar) ilgari o‘tilgan materialdan eng muhim savollari qayta takrorlanadigan va tizimlashtiriladigan, o‘quvchilar bilimlarida mavjud kamchiliklari to‘ldiriladigan va o‘rganilayotgan kursning muhim g‘oyalari ochib beriladigan darslar hisoblanadi. Umumlashtiruvchi darslar mavzu, bo‘lim va o‘quv kurslarining yakunida o‘tkaziladi. Kirish va yakunlash darsning tarkibiy elementi hisoblanadi. Takrorlash va umumlashtirishning o‘zi hikoya, qisqacha xabarlar, darslikni o‘qib berish yoki o‘qituvchining o‘quvchilar bilan suhbatlashishi shaklida o‘tkazilishi mumkin.
Tekshirish (nazorat) darslari o‘qituvchiga o‘quvchilarning ma’lum sohadagi bilim, malaka va ko‘nikmalari shakllanganlik darajasi, o‘quv materialini egallashdagi kamchiliklarni aniqlash, shuningdek, navbatdagi topshiriqlarning bajarish yo‘llarini belgilab olishga yordam beradi. Tekshirish darslari o‘quvchidan ushbu mavzu bo‘yicha uning hamma bilim, ko‘nikma va malakalarini qo‘llashini talab etadi. Tekshirish og‘zaki hamda yozma shaklda ham amalga oshirilishi mumkin.
Ta’limning tashkiliy shakli sifatida dars dinamik hodisadir. U pedagogik jarayonning yaxlitligini ta’minlaydi va ta’limiy, tarbiyaviy-rivojlantirish vazifalarini ijobiy yechimini topishga imkon beradi.
Darsning ta’limiy vazifasi har bir darsning ta’lim vazifalarini belgilash, darsni axborotlar bilan boyitish, ijtimoiy va shaxsiy ehtiyojlarni hisobga olish, dars mazmunini optimallashtirish, idrok etishning ilg‘or texnologiyalarini kiritish, turli shakl, metod va vositalaridan o‘rinli foydalanish, dars tuzilishiga ijodiy yondashish, ta’lim berishda jamoaviy, guruhli va individual shakllarini qo‘llash, operativ qayta aloqani ta’minlash, nazorat va boshqaruvni tashkil etish, darsning samarali kechishini ta’minlashdan iborat.
Darsga qo‘yiladigan talablarning tarbiyaviy xarakterini o‘quv materialining tarbiyaviy imkoniyatlarini aniqlash, ta’limiy faoliyat jarayonida erishish zarur bo‘lgan tarbiyaviy maqsadlarni shakllantirish (qo‘yish), o‘quv ishlari maqsadi va mazmunidan kelib chiqib, tarbiyaviy masalalarni belgilash, o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlar (tirishqoqlik, tartiblilik, mas’uliyatlilik, intizomlilik, mustaqillik, qobiliyatlilik, halollik, mehnatsevarlik, tirishqoqlik va boshqalar)ni shakllantirish, o‘quvchilarga pedagogik talablarni qo‘yish, ular bilan hamkorlikka erishish, ularning yutuqlaridan quvonish kabi holatlar tashkil etadi.
Ta’lim jarayonida qo‘yiladigan pedagogik talablarning o‘quvchi shaxsini rivojlantirish imkoniyati o‘quvchilarda ijodkorlik, tashabbuskorlik, faollik kabi sifatlarni tarbiyalashda ko‘rinadi. Bunda o‘quv materiallarining o‘quvchilar idroki imkoniyatlari darajasini o‘rganish, hisobga olish, “rivojlanishning yaqin zonasini loyihalashtirish”, “o‘zib ketish” darajasidagi o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, rivojlanishidagi yangi o‘zgarishlarni rag‘batlantirish, o‘quvchilarning intellektual, emotsional, ijtimoiy rivojlanishlaridagi «sakrash»larni oldindan ko‘ra bilish, boshlanayotgan o‘zgarishlarni hisobga olish asosida o‘quv mashg‘ulotlarini operativ qayta qurish kabilar kiradi.
Noan’anaviy darslar. XX asrning 70-yillarida o‘quvchilarning darslarga qiziqishlarining pasayish xavfi aniqlandi. Xavfni bartaraf etish uchun nostandart darslarning tashkil etishga e’tibor qaratildi. Noan’anaviy darsning ko‘plab turlari bo‘lib, asosiylari quyidagilardir:
Darsning samaradorligi uning puxta tayyorlanganligi va samarali tashkil etilganligi bilan bog‘liq. Yaxshi rejalashtirilmagan, yetarlicha o‘ylab chiqilmagan, shoshilinch tuzilgan va o‘quvchilar imkoniyatlariga moslashtirilmagan dars sifatli bo‘la olmaydi. Darsga tayyorgarlik aniq sharoitlarda eng yuqori yakuniy natijaga erishishni ta’minlaydigan o‘quv jarayonini tashkil etishning komleks choralarini ishlab chiqishdir.
O‘qituvchining darsga tayyorgarligida quyidagi uchta bosqich ko‘zga tashlanadi: tashxislash, bashoratlash, loyihalash (rejalashtirish). Shu bilan birga o‘qituvchi amaliy materiallarni yaxshi bilishi, o‘z fanini erkin olib borishga erishishi lozim. Darsga tayyorgarlik asosini bo‘lajak mashg‘ultning algoritmlari, samaradorligi bog‘liq bo‘lgan
omillar va holatlarni hisobga olishni ta’minlovchi qadamlarni ketma-ket tartib bilan bajarish tashkil etadi.
Algoritmni amalga oshirish aniq sharoitlarni diagnostika qilish bilan boshlanadi. Tashxis didaktik jarayon kechadigan barcha sharoitlarni oydinlashtirish, uning natijalarini belgilashdir. Unda o‘quvchilarning imkoniyatlari, ularning faoliyatlari va xulqlari, motivlari, talab va layoqatlari, qiziqish va qobiliyatlari, bilimdonlik darajasi, o‘quv materialining xususiyati, uning amaliy ahamiyati, dars tuzilishi, yangi axborotni o‘zlashtirish, mustahkamlash va tizimlashtirish, bilim, ko‘nikma va malakalarini nazorat qilish va tuzatish kabi holatlar namoyon bo‘ladi.
Bashoratlash darsni tashkil etilishining turli varianlarini baholash va ulardan qabul qilingan mezonlarga muvofiq eng ma’qulini tanlab olish.
Loyihalash (rejalashtirish) o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini boshqarish dasturini yaratish bo‘lib, u darsga tayyorlanishning yakuniy bosqichi hisoblanadi. Loyiha (boshqarish dasturi) qisqa va aniq, erkin tuzilgan, pedagog o‘zi uchun boshqarish jarayoni muhim vaziyatlari (kimdan va qachon so‘rash, qayerda mavzuni kiritish, mashg‘ulot keyingi bosqichiga qanday o‘tish, oldindan ko‘zda tutilmagan qiyinchiliklar yuzaga kelganida jarayonni qaysi sxema bo‘yicha qayta o‘zgartirish)ni belgilab olishga imkon beruvchi hujjatdir. Boshqarish dasturi darsning an’anaviy rejasidan boshqaruv ta’sirning aniq va tushunarli bo‘lishi bilan farqlanadi.
Maktabdan tashqari mashg‘ulotlarning asosiy va barqaror turlariga o‘qish jarayonining tarkibiy qismi sifatida qaraladigan, o‘quvchilarning mustaqil uy ishlari kiradi. Mustaqil uy ishlarining asosiy maqsadi – darsda o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalarini kengaytirish, chuqurlashtirish, ularni esdan chiqarishning oldini olish, o‘quvchilarning individual layoqati, iste’dod va qobiliyatini rivojlantirishdan iborat. Bu ishlar o‘quv dasturi talablari, o‘quvchilarning qiziqish va ehtiyojlari hamda ularning rivojlanish darajalarini hisobga olib quriladi. O‘quvchilarning mustaqil uy ishlari ma’lum didaktik vazifalarni bajaradi. Chunonchi, darsda o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalarni mustahkamlash, sinfda ishlab chiqilgan o‘quv materialini kengaytirish va chuqurlashtirish, mashqlarni mustaqil bajarish ko‘nikmalarini shakllantirish, dasturli material doirasiga kiruvchi hajmda individual topshiriqlarni bajarish asosida mustaqil fikrlashini rivojlantirish, individual kuzatishlar, tajribalar, gerbariy, tabiiy namunalar, otkritkalar, rasmlar, gazeta va jurnal lavhalari statistik ma’lumotlar kabi o‘quv qo‘llanmalarini to‘plash va tayyorlash va boshqalar.
Darslarda pedagogning o‘quvchilar tomonidan uy vazifalarining halol bajarishlariga kam e’tibor berayotganliklari, ularni sinfda tekshirishga urinmasliklari, yaxshi o‘zlashtirayotgan o‘quvchilarni rag‘batlantirib bormasliklari ta’lim amaliyotda keng tarqalgan kamchilik hisoblanadi. Uy vazifalarini tushuntirib berishga ko‘pincha vaqt yetmaydi, ular shoshilinch beriladi. Pedagoglar kamdan-kam hollarda o‘quvchilar uy vazifasini bajarayotganda duch keladigan qiyinchiliklarini ko‘rsatib beradilar, ularni
bartaraf etish yo‘lini esa ko‘rsatmaydilar. Natijasida mustaqil uy vazifalarining bajarilishi samarasiz bo‘lib qoldi.
Ta’lim jarayonida, shuningdek, darsning quyidagi yordamchi turlaridan ham foydalaniladi:
Fan to‘garaklari yo‘nalishi, mazmuni, ish metodi, o‘qish vaqti va boshqa jihatlari bilan ajralib turadi. Ular o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatlarini rivojlantirish, o‘qishga ijobiy munosabatni shakllantirishga yordam beradi. To‘garaklar o‘qishni hayot bilan aloqasini kuchaytiradi, fanlararo bog‘liqlikni rivojlantiradi. Fan to‘garaklarida o‘quvchilarning ishlari o‘quv jarayonini faollashtiradi, o‘qish sifatini oshirishga yordam beradi.
Ta’limning yordamchi shakllariga ekskursiyalar ham kiradi. Ular ommaviy, guruhli va kichik guruhli bo‘lishi mumkin. O‘quv ekskursiyalari alohida fanlar hamda bir qancha fanlar bo‘yicha ham rejalashtiriladi. Ekskursiyani muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun o‘qituvchi unga puxta tayyorlanishi: ob’yekt va marshrut bilan oldindan tanishib chiqishi, to‘la rejani ishlab chiqishi, o‘quvchilarni bo‘lajak topshiriqlarni bajarishga jalb eta olishi kerak. Ekskursiya rejasida mavzu va maqsad, ob’yekt, u bilan tanishish tartibi, o‘quvchilar idrok etish faoliyatlarini tashkil etish, topshiriqni bajarish uchun zarur bo‘lgan vositalar va uskunalar, yakun yasash ko‘rsatiladi. Ekskursiyani o‘tkazish metodikasi mavzu, didaktik maqsad, o‘quvchilarning yoshi, ularning rivojlanishi hamda ekskursiya ob’yektiga bog‘liq bo‘ladi.
Maktab o‘quv rejasi turli fakultativ va tanlovi bo‘yicha kurslarni tashkil etishni ko‘zda tutadi. Ular o‘quvchilar, ularning ota-onalari istak va qiziqishlarini hisobga olish bilan ishlab chiqiladi. Amaliyotda fermerlik, iqtisod, elektro va radiotexnika, elektronika, polimerlar ximiyasi, astrofizika, psixologiya, etika, antik tarix, botanika fanlarining ayrim sohalari, shuningdek, chet tili, etnografiya, stenografiya, kutubxona ishi, rassomchilik, musiqa kabi kurslarni fakultativ sifatida o‘rganiladi. Fakultativ va fanlarni ro‘yxatini aniqlashda faqat o‘quvchilar istaklari emas, balki ijtimoiy talablar va maktab imkoniyatidan kelib chiqiladi. Fakultativ va tanlovi bo‘yicha mashg‘ulotlar majburiy va umumiy o‘rta ta’lim fanlari bilan uzviy bog‘liqlikda o‘tkazilishi kerak.
Odatda o‘quvchilarning ma’lum o‘quv materiali yoki topshirig‘i ustida mustaqil ishlashlari ularda maslahat (konsultatsiya)ga nisbatan ehtiyojni yuzaga keltiradi. Maslahatni tashkil etish vaqtida asosan o‘quvchi savol beradi. To‘g‘ri tashkil etilgan konsultatsiya o‘quvchilarga o‘quv materialini egallashda qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi. Maslahat davomida o‘qituvchi o‘quvchilar faoliyatini u yoki bu masalani to‘g‘ri tushunishga mustaqil keladigan, ular uchun qiyin topshiriqni tushunib oladigan qilib, o‘rganilayotgan materialni mohiyatini ochishga o‘rganadigan qilib yo‘naltiradi. Ta’limning mazkur turi o‘qituvchiga o‘quvchilar bilimlaridagi kamchiliklarni aniqlash, alohida e’tibor berishni talab etuvchi vaziyatlarga ularning diqqatini jalb etishga imkon beradi. To‘g‘ri tashkil etilgan konsultatsiya o‘quvchilarda
o‘zini nazorat qilish, bilimlarga tanqidiy ko‘z bilan qarashni tarbiyalaydi. O‘qimishlilik darajasini to‘g‘ri aniqlashga yordam beradi.
Ta’limning ma’ruza-amaliy tizimi. O‘zRning “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda ko‘zda tutilgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarga muayyan soha yo‘nalishi bo‘yicha chuqur, differensatsiyalashgan kasbiy bilimlar berish imkoniyatini yaratadi.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida ta’limning ma’ruza-amaliy tizimidan foydalaniladi. Mashg‘ulotlar ikkita birlashtirilgan darslar ko‘rinishida 80 minut davom etadi. Ularning o‘ziga xosliklari quyidagilardan iborat:
ma’ruza o‘quvchilarning mustaqil ishlari uchun taxminiy asos sifatida katta hajmdagi tizimlashtirilgan axborotlarni berishning asosiy shakli (80 minut tashkil etiladi);
amaliy mashg‘ulot akademik litsey, kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi rahbarligi ostida olgan o‘quv axborotlari (leksiya va mustaqil ishlari)ni chuqurlashtirish, tahlil qilish, kengaytirish, qo‘llash va ularning o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishini nazorat qilish shakli;
akademik litsey, kasb-hunar kollejida o‘qish asosiy shakli sifatida o‘quvchilarning mustaqil faoliyatlari amalga oshiriladi;
o‘quv guruhi o‘quvchilarni uyushtirishning asosiy shakli (uning doimiy tartibi odatda butun ta’lim davomida saqlanib qoladi);
o‘quv guruhlari to‘plami akademik litsey, kasb-hunar kollejida kurslardan iborat bo‘ladi;
kurslarda o‘quv mashg‘ulotlari jadvalga binoan yagona o‘quv rejasi va dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi;
o‘quv yili ikki semestr, attestatsiya davri va ta’tillarga bo‘linadi;
har bir semestr hamma o‘quv fanlari bo‘yicha yakuniy attestatsiya (imtihon topshirish) bilan yakunlanadi;
akademik litsey, kasb-hunar kollejida o‘qish muhim fanlar bo‘yicha attestatsiya (bitiruv imtihonlarini topshirish) va mutaxassisligi bo‘yicha bitiruv malakaviy ishni himoya qilish bilan yakunlanadi.
Akademik litsey, kasb-hunar kollejlarda ta’lim ma’ruza, seminar, laboratoriya ishi, o‘quvchilarning ilmiy tadqiqotchilik ishlari (O‘ITI), o‘quvchilarning mustaqil o‘quv ishlari, ishlab chiqarish amaliyoti, chet elda ish tajribasini oshirish kabi shakllarda
tashkil etiladi. Ta’lim natijalarini nazorat qilish va baholash shakli sifatida kundalik, oraliq va yakuniy nazorat, baholash reytingi tizimidan, referat va kurs, bitiruv ishlaridan foydalaniladi.