Dars – o‘quv faoliyatini tashkil etishning asosiy shakli.
XV va XVI asrlar davomida Yevropada ishlab chiqarishning rivojlanishi kuzatildi. Ushbu o‘zgarishlar bolalarga ta’lim berishning ommaviy shakli yuzaga kelishiga zamin yaratdi.
Ulardan biri ta’limning guruhli (jamoali) shakli sanaladi. U G‘arbiy Rossiya (hozirgi Belorussiya va Ukrainaning g‘arbiy qismlari) birodarlik maktablarida ilk bor qo‘llanilgan va o‘qitishning sinf-dars shaklining asosi bo‘lib qolgan. Bu tizimlar XVII asrda Yan Amos Komenskiy tomonidan “Buyuk didaktika” asarida nazariy jihatdan asoslab berildi va ommaviylashtirildi. Olim pedagogikaga o‘quv yili, o‘quv kuni, dars, mashg‘ulotlar orasidagi tanaffus, o‘quv ta’tillari kabi tushunchalarni kiritdi. Sinf-dars tizimi garchi 350 yil avval asoslangan bo‘lsada bugungi kunda ham keng ko‘lamda qo‘llanilib kelinmoqda.
Sinf-dars tizimining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilar:
Ta’limning sinf-dars tizimi alohida o‘quv fanlarini o‘qitish metodikasi va didaktikasiga oid asarlarida uning afzallik va kamchiliklarini ko‘rsatib berdi.
Afzalliklari: yaxlit pedagogik jarayonning tartibli kechishini ta’minlovchi tashkiliy tizim shakllanishi; jarayonlarning oson boshqarilishi: mavzuning jamoa bo‘lib muhokama qilinishi, birgalikda izlash jarayonida o‘quvchilar o‘rtasida o‘zaro munosabatning shakllanishi; o‘qituvchi tomonidan o‘quvchilar tarbiyasiga hissiy ta’sir ko‘rsatilishi; o‘quv faoliyatiga musobaqalashish elementlarini kiritish imkoniyatining mavjudligi, bilimsizlikdan bilimlarni o‘zlashtirish sari harakatlarning muntazamligi va ketma-ketligi.
Kamchiliklari: tizimning asosan bilimlarni o‘rtacha darajada o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar uchun mo‘ljallanganligi, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar uchun qiyinchiliklarning yuzaga kelishi va kuchli o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar qobiliyatlarining rivojlanish sur’atining ortga surilishi; o‘qituvchi uchun o‘qitish mazmuni va o‘qitish sur’atlari hamda metodlari bo‘yicha individual ishlarni tashkil etish, shuningdek, o‘quvchilarning individual xususiyatlarini hisobga olishda qiyinchilikning yuzaga kelishi; katta va kichik yoshli o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatlarning qaror topmasligi.
asr oxiri XX asr boshlarida aqliy rivojlanishida farqi bo‘lgan o‘quvchilarni o‘qitishda individuallashtirishga ahamiyat qaratish masalasi ayniqsa dolzarb xususiyat kasb etdi. Shunga mos ravishda tanlab o‘qitish (tabaqalashtirilgan ta’lim) shakli yuzaga keldi (AQShda Batov, Yevropada Maingeyms tizimi).
Yevropa va AQShda XX asr boshida o‘quvchilarning individual, faol, mustaqil o‘quv ishlarini ta’minlashga qaratilgan ko‘plab ta’lim tizimlarining samaradorligi sinab ko‘rilgan. 1905 yili Dalton shahrida (Massachusets shtati) o‘qituvchi Yelena Park Xerst tomonidan birinchi bor qo‘llanilgan individual ta’lim ta’lim tizimda eng radikal hisoblangan. Bu tizim dalton-reja nomi bilan pedagogika va maktab tarixiga kirdi. Uni ba’zan laboratoriya yoki ustaxonalar tizimi deb ham ataydilar.
Bu tizimning mazmuni quyidagilardan iborat: o‘quv faoliyatining samaradorligi har bir o‘quvchining imkoniyati, qobiliyatiga bog‘liq: ta’lim faoliyati ustun turadigan o‘qishni an’anaviy tashkil etish o‘quvchining mustaqil o‘quv faoliyatining asosi hisoblanishi; o‘qituvchi vazifasining faoliyatni odob bilan tashkil etishdan iboratligi, sinf laboratoriyasining ustaxonalar bilan almashtirilishi; darslarning bekor qilinishi; o‘qituvchining yangi materialni tushuntirmasligi, o‘quvchining laboratoriya (ustaxona)larda o‘qituvchidan olingan topshiriq asosida mustaqil shug‘ullanishlari va zarur bo‘lgan paytda o‘qituvchidan yordam so‘rashlari.
asr 20-yillarida ta’limning loyihali tizimi targ‘ib qilindi. Tizimning mazmuni o‘quvchilarning o‘zlari loyiha ishlari mavzuni tanlab olishlarini ifodalaydi. Loyiha ishlari real hayot bilan bog‘langan bo‘lishi va o‘quv guruhlari jamiyat hayotining ijtimoiy-siyosiy, xo‘jalik-ishlab chiqarish yoki madaniy-maishiy jihatlarini aks ettirish kerak bo‘lgan.
O‘tgan asrning 60-yillarida amerikalik professor pedagog Lyuyd Tramk ishlab chiqqan Tramk rejasi ommalashdi. Ta’limning bu shakli mashg‘ulotlarni katta (100-150
nafar kishilik) auditoriyada 10-15 kishidan iborat guruhlarda yoki o‘quvchilarning har biri bilan individual ishlarni olib borish g‘oyasini ilgari suradi. Ma’ruzani tashkil etishga turli texnik vositalardan foydalangan holda o‘quv vaqtining 40 foizi, seminarlarga 20 foizi va laboratoriyalarda individual ravishda mustaqil ishlarni bajarishga 20 foizi ajratiladi.
Yevropada o‘rta asrlarda dastlabki universitetlar paydo bo‘lishi bilan ta’limning ma’ruza-seminar tizimi asoslandi. Ma’ruza, seminar, amaliy va laboratoriya ishlari, maslahat va ixtisoslik bo‘yicha amaliyot bugungi kunga qadar ma’ruza-seminar tizimda o‘qishning asosiy shakllari bo‘lib kelmoqda. Ushbu tizim odatda oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim amaliyotida faol qo‘llaniladi. O‘zbekistonda ma’ruza-seminar tizimidan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari amaliyotida ham samarali foydalaniladi.
Dars – o‘quv faoliyatini tashkil etishning asosiy shakli. Ta’limning turli shakllaridan samarali foydalanish muhim didaktik vazifa sanaladi. Ta’lim amaliyotida ta’limning jamoaviy (ommaviy), guruhli va individual shakllaridan foydalaniladi.
Ta’limning ommaviy shakli sinfdagi jami o‘quvchilarning o‘qituvchi rahbarligi ostida birgalikda harakatlarini ko‘zda tutadi. Guruhli shaklida esa o‘quvchilar 3-6 kishidan iborat guruhlar yoki juftliklarda ish olib boradilar. Guruhlar uchun topshiriqlar bir xil yoki turlicha bo‘lishi mumkin. Individual shakli har bir o‘quvchining alohida mustaqil ishlashini ko‘zda tutadi. Bu jarayonda o‘qituvchi bir vazifa ustida ishlayotgan butun guruh o‘quv faoliyatini boshqarib boradi, o‘quv hamkorligini qaror toptiradi. Ommaviy ishlashning samaradorligi ko‘p jihatdan o‘qituvchining guruhni yaxlit nazorat qilish hamda har bir o‘quvchining ishini ko‘zdan qochirmaslik bilan bog‘liq. Biroq, ommaviy ishlash individual farqlarni hisobga olmaydi, u fanlarni o‘rtacha o‘zlashtiradigan o‘quvchiga mo‘ljallangan. Shuning uchun ba’zi o‘quvchilar berilgan ish sur’atidan ortda qoladilar, ayrimlar esa zerikib qiynalib ketadilar.
Ta’lim olishning jamoaviy (ommaviy) shakli shakllangan, turg‘un o‘quvchilar guruhi bilan o‘quv faoliyatini tashkil etishni ko‘zda tutadi.
Ta’limning guruhli shakliga ko‘ra o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida guruh o‘quvchilarining bilish faoliyatlarini boshqaradi. O‘quvchilarni jamoaviy, umumlashtirilgan-guruhli va tabaqalashtirilgan guruhlarga taqsimlash mumkin. Ta’limning jamoaviy shakli ko‘p hollarda tabaqalashtirilgan guruhlar faoliyatini tashkil etishda qo‘llaniladi. O‘quv ishlarini tashkil etishning jamoaviy shakli o‘qituvchi va o‘quvchilarning dinamik yoki o‘zgaruvchan tartibli juftliklarida kechayotgan munosabatlaridir.
Umumlashtirilgan-guruhli shakl har biri guruh tomonidan yagona topshiriqning faqatgina bir qismi bajarilishi nazarda tutiladi.
Tabaqalashtirilgan-guruhli shakl o‘quv imkoniyatlari, ko‘nikmalari bir darajada shakllangan o‘quvchilar bilan ishlanishini ifodalaydi. Bunda o‘quvchilar juft bo‘lib ishlashlari ham mumkin.
Ta’limning individual shakli o‘quvchilarning boshqa o‘quvchilar bilan bevosita aloqalarini ko‘zda tutmaydi. O‘z mohiyatiga ko‘ra sinf jamoasi yoki muayyan guruhlar bilan ishlashdan tubdan farq qilmasa-da, biroq o‘quvchi o‘zining shaxsiy imkoniyatlariga muvofiq o‘qituvchi tomonidan berilgan topshiriqni mustaqil bajaradi. Bu maqsad yo‘lida maxsus tayyorlangan kartochkalardan foydalanish mumkin.
Ta’lim maqsadlari va foydalanishning qulayligi nuqtai nazaridan ta’lim shakllari quyidagicha darajalanadi: asosiy, qo‘shimcha va yordamchi ta’lim.
Dars – ta’limni tashkil etish asosiy shakli. Dars ta’lim jarayonining yaxlitligi nuqtai nazaridan ta’limning asosiy tashkiliy usuli hisoblanadi. Unda sinf-dars tizimining xususiyatlari aks etadi, unda o‘quvchilarni ommaviy qamrab olish, tashkiliy tartib va o‘quv ishlarining muntazamligi ta’minlanadi. Dars iqtisodiy jihatdan foydalidir. O‘quvchilar hamda sinf jamoasining individual xususiyatlarini bilishi o‘qituvchi uchun har bir o‘quvchi faoliyatiga rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatishga imkon beradi. Dars doirasida ommaviy, guruhli va individual ta’lim shakllarini birlashtirish imkoniyati uning rad etib bo‘lmaydigan ustunligi hisoblanadi.
Darsda har bir o‘quvchi xususiyatlarini hisobga olish, barcha o‘quvchilarning mashg‘ulot jarayonida o‘rganilayotgan fan asoslarini egallab olishlari, ularning idrok etish qobiliyatlari va ma’naviy-axloqiy sifatlarini tarbiyalash hamda rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Dars ta’limning boshqa shakllaridan farq qiluvchi o‘ziga xos belgilarga ega, chunonchi: o‘quvchilarning doimiy guruhi, o‘quvchilar faoliyatiga ularning har biri xususiyatlarini hisobga olish bilan rahbarlik qilish, o‘rganilayotgan fan asoslarini bevosita darsda egallab olish (bu belgilari darsning faqat mazmunini emas, balki o‘z xususiyatini ham aks ettiradi).