Ta’lim turlari va ko‘rinishlari. Yevropa va Sharq, Osiyo va Amerika mamlakatlarida ta’lim turlari tarixiy taraqqiyot natijasida yuzaga kelgan. Birinchi turi mifologik ta’lim bo‘lib, unda dunyoning mohiyati ertak, afsona, doston, qissa hamda qo‘shiqlar shaklida o‘rganilgan.
Keyingi tarixiy turi sxolastik ta’lim bo‘lgan. Uning mohiyatiga ko‘ra ta’limda matn madaniyati va yer, osmon haqidagi bilimlar so‘z bilan ifodalanib, xotira va irodani mashq qildirish asosida yosh avlodga inson mavjudligi va u tomonidan tashkil etiladigan faoliyat mazmuni haqida bilimlar berilgan, savodxonlik va nutq madaniyatiga o‘rgatilgan.
Ta’limning uchinchi tarixiy turi - ma’rifatparvarlik bo‘lib, u dunyoviy bilimlar yaratilgan davrda yuzaga kelgan. XX asrdan boshlab esa turli ta’lim paradigma (model)lari, turlari va ko‘rinishlarining rivojlanish jarayoni kuzatildi.
Bugungi kunda asoslariga ko‘ra ta’limning quyidagi turlari, ko‘rinishlari mavjud:
ilmiy bilimlarni o‘zlashtirishi turi va sifatiga ko‘ra (biologik, matematik, fizik, iqtisodiy, filologik ta’lim va shu kabi);
ustuvor mazmunga ko‘ra (nazariy va amaliy, gumanitar va boshqalar);
ijtimoiy faoliyatlarni egallashi turi va mahoratiga ko‘ra (musiqiy, badiiy, texnik, texnologik, pedagogik-tibbiy ta’lim va shu kabilar);
madaniy qadriyatlarni o‘zlashtirishiga ko‘ra (an’naviy ta’lim, badiiy- estetik, diniy ta’lim va boshqalar);
kishilik jamiyatining madaniy qadriyatlarni o‘zlashtirish ko‘lamiga ko‘ra (milliy, yevropa, xalqaro, global ta’lim va boshqalar);
ta’lim tizimi turiga ko‘ra (universitet, akademik, gimnaziya, litsey ta’limi va boshqalar);
ta’lim mazmuni yo‘nalishining ustuvorligiga ko‘ra (formal va moddiy, ilmiy va elementar, gumanitar va tabiiy fanlar, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy va boshqalar);
ta’lim darajasiga ko‘ra (boshlang‘ich, to‘liqsiz o‘rta, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim.