O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Javobgarlikka tortish muddatining



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə102/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   98   99   100   101   102   103   104   105   ...   126
jinoyat huquqi

16.2. Javobgarlikka tortish muddatining
o‘tib ketganligi sababli jinoiy
javobgarlikdan ozod qilish

Jinoyat huquqida muddatning o‘tishi deganda, jinoyat qo­nunida belgilangan jinoyat sodir etilganidan so‘ng shaxsning javobgarlikka tortilishini istisno qiluvchi muddatning o‘tganligi tushuniladi.


Jinoyat huquqida belgilangan muddat insonparvarlik g‘oyalariga asoslangan bo‘lib, shaxs butun umri davomida jinoiy javobgarlikka tortilishidan xavfsirab yashamasligi lozim, shuning uchun mudda­t­ning o‘tishi bilan obyektiv jihatdan sodir etilgan qilmish o‘zining ijtimoiy xavfliligini yo‘qotmagan bo‘lsa-da, javobgarlikka tortish umumiy va maxsus nuqtayi nazardan ma’no va mazmunini yo‘qotadi. Muayyan muddatning o‘tishi bilan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishning noto‘g‘riligi, shaxs shu davr davomida yangi jinoyat sodir etmasa, u ijtimoiy xavfliligini yo‘qotadi yoxud bu ijtimoiy xavf kam ahamiyatli bo‘lib qoladi, degan prezumpsiyadan kelib chiqadi.
Jinoyat kodeksida u yoki bu jinoyatni sodir etgan shaxsni sodir etilgan jinoyatlar og‘irlik darajasidan kelib chiqib, jinoiy javobgarlidan ozod qilish uchun asos bo‘ladigan muddatlar o‘tishining to‘rt turi mavjud. Jinoyat kodeksining 64-moddasiga muvofiq:

a) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab – uch yil;


b) uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etilgan kundan bosh­lab – besh yil;
d) og‘ir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab – o‘n yil;
e) o‘ta og‘ir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab (tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi qaratilgan jinoyatlar bundan mustasno) – o‘n besh yil o‘tib ketgan bo‘lsa, shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.

Bu muddatning jinoyat sodir etilgan kundan boshlab, sud hukmi qonuniy kuchga kirguncha bo‘lgan vaqtining o‘tishi hisoblanadi. Jinoyatni sodir etish kuni deganda, jinoyat obyektiv tomoniga kiruvchi harakat (harakatsizlik)ning bajarilgan yoki jinoiy oqibat yuz bergan vaqtini tushunish lozim. Formal tarkibli jinoyatlarda qilmishning obyektiv tomoni sodir etilgan vaqtdan boshlab jinoyat tamom bo‘lgan hisoblanadi. Bu jinoyatlarni tugallangan, deb topish uchun jinoiy oqibat talab qilinmaydi. Formal tarkibli jinoyatda jinoiy javobgarlikka tortish muddati jinoyatning obyektiv tomonini tashkil qiluvchi harakat sodir etilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi (masalan, tuhmat qilish). Moddiy tarkibli jinoyatlarda jinoyat jinoiy oqibat yuz bergan vaqtdan boshlab tamom bo‘lgan hisoblanadi (masalan, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish). Har qanday jinoyat ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilishi bilan boshlanadi. Shaxsning ijtimoiy xavfliligi jinoiy harakat (harakatsizlik)ning o‘zida ifodalanadi. Shaxs jinoiy qilmishni sodir etgan vaqtdan boshlab ijtimoiy xavfli hisoblanadi. Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi faqatgina jinoyatning xususiyatiga emas, balki uning oqibatlariga ham bog‘liqdir.


Jinoiy qilmishsiz jinoiy javobgarlikning ham vujudga kelishi mumkin emas. Shuningdek, u jinoiy oqibatsiz ham ahamiyatga ega hisoblanadi (masalan, jinoyatga suiqasd qilish). Shuning uchun jinoiy qilmish har qanday jinoyatning ajralmas qismi bo‘lib hisoblanadi, jinoiy oqibat esa, bu jinoyatning ijtimoiy xavfliligini, yetkazilgan zararning miqdorini belgilaydi.
Jinoiy javobgarlikka tortish muddatini hisoblash jinoyat ishtirokchilarini javobgarlikka tortishda ham o‘ziga xos xususiyatga egadir. Birgalikdagi bajaruvchilar bo‘lgani holda sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi, agar bajaruvchilar jinoyatni birgalikda sodir etishda ishtirok etgan bo‘lsa, jinoyat sodir etilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
Jinoiy javobgarlikka tortish muddatini hisoblash ishtirokchilar o‘rtasida rollar taqsimlanganda qiyinchilik tug‘diradi. Jinoyat kodeksining 28-moddasiga ko‘ra, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlarda bajaruvchi bilan bir qatorda tashkilotchi, dalolatchi, yordamchilar ishtirok etadi. Bajaruvchi jinoyatning obyektiv tomonini bajargan vaqtidan boshlab javobgar hisoblanadi.
Тashkilotchi jinoyat qonuniga ko‘ra, ekssess bajaruvchini istisno etganda ishtirokchilar tomonidan sodir etilgan barcha jinoyatlar uchun javobgar bo‘ladi. Тashkilotchining harakati bir qancha bosqichdan iborat bo‘lishi mumkin. Agar tashkilotchi faqat jinoiy guruhni tashkil etish bilan cheklangan bo‘lsa, jinoiy maqsadga qaratilgan so‘nggi harakati bajarilgunga qadar jinoiy javobgarlikka torish muddati o‘tmagan hisoblanadi.
Dalolatchini jinoyat ishtirokchisi sifatida jinoiy javobgarlikka tortish bajaruvchi tomonidan jinoyat sodir etilgan vaqtdan hisoblanadi. Dalolatchini jinoiy javobgarlikka tortish muddati, u tomonidan dalolatchilik harakati amalga oshirilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi. Dalolatchining harakati mustaqil xususiyatga ega. Uning jinoiy harakati shaxsni jinoyat sodir etishga og‘dirgan vaqtidan boshlab tamom bo‘lgan hisoblanadi. Dalolatchiga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortish muddatining qo‘llanishi bajaruvchi tomonidan jinoyat sodir etilgan vaqtga bog‘liq emas. Shuning uchun dalolatchiga nisbatan javobgarlikka tortish muddati, u dalolat qilayotgan shaxsni jinoyat sodir etishga jalb qilgan kundan boshlab hisoblanadi. Bu dalolatchi tomonidan qilingan harakatlar shaxsni jinoyat sodir etishga og‘dirmagan holda tatbiq etilmaydi. Bunday harakat ishtirokchilikda dalolatchilik bo‘lmasdan, balki jinoyatga tayyorgarlik hisoblanadi. Bunda jinoiy javobgarlikka tortish muddati oxirgi jinoiy harakat sodir etilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
Ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlarda yordamchi ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib, uning jismoniy yordamchilik qilganida (jinoyat sodir etish uchun qurol yetkazib berish) javobgarlikka tortish muddati oxirgi harakat sodir etilgan vaqtdan hisoblanadi.
Intellektual yordamchilik ko‘p marotaba maslahatlar, ko‘rsat­malar berish, bajaruvchi bilan muloqot qilish kabilardan iborat bo‘lib, uning har bir harakati jinoyatni sodir etishda umumiy bog‘liqlikni tashkil etadi. Shuning uchun bu jinoiy harakat tugagungacha yordamchilik tamom bo‘lgan hisoblanmaydi. Javobgarlikka tortish muddati oxirgi yordamchilik harakati amalga oshirilgan (maslahat, ko‘rgazma berish) vaqtdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Shunday qilib, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlarda javobgarlikka tortish muddatini hisoblash turli usullarda amalga oshiriladi. Ishtirokchilarning bajaruvchi bilan aloqadorligi, ular alohida, ko‘p hollarda turli vaqtlarda sodir etiladi. Ularning ijtimoiy xavfliligi, har bir holatga qarab, alohida belgilanadi. Ayni shu asos ishtirokchilardan har birining harakati uchun bajaruvchidan alohida javobgarlikka tortish muddatini hisoblash imkonini beradi. Ishtirokchilikda jinoyat sodir etishda ulardan har birining jinoyat sodir etishdagi roliga qarab alohida-alohida belgilanadi.
Jinoiy javobgarlikka tortish muddatini belgilashda asosiy e’tibor davomli va uzoqqa cho‘zilgan jinoyatlarga nisbatan muddatni hisoblashga qaratilishi lozim.
Uzoqqa cho‘zilgan jinoyatni kvalifikatsiya qilishda aynan jinoyatning boshlanish vaqtini jinoiy harakat sodir etilish vaqtidan, jinoyatning tamom bo‘lish vaqti esa, aybdorning o‘zini jinoyatni tugatishga yoki qaratilgan yoki qilmishning tamom bo‘lishiga sabab bo‘luvchi holatlarning yuz berishini e’tiborga olish lozim. Ushbu jinoyatning tamom bo‘lish vaqtini belgilaydi. Jinoyat tamom bo‘lgan vaqtdan boshlab jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘ta boshlaydi.
Jinoiy javobgarlikka tortish muddati uzoqqa cho‘zilgan jinoyatlarda qilmish aybdorning o‘ziga bog‘liq bo‘lgan holatlarga aybdorning o‘zi yoki o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlarga ko‘ra tamom bo‘lish vaqtidan hisoblanadi.
Uzoqqa cho‘zilgan jinoyatlarda jinoiy javobgarlikka tortish muddati jinoyatning faktik jihatdan tugaganligini belgilovchi holat (aybdorning aybini bo‘yniga olishi yoki uning ushlanishi)ning yuzaga kelishi bilan boshlanadi. Davomli jinoyatlarda jinoiy javobgarlikka tortish muddati aybdorning yagona qasdi asosida sodir etilgan oxirgi jinoiy harakatning tugashi bilan o‘tishni boshlaydi.
Bir qancha jinoyatlarda ham jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘ziga xos xususiyatga ega. Jinoyatlarning real jamida Jinoyat kodeksining 64-moddasidan kelib chiqib, shaxs alohida harakatlar orqali turli jinoyatlar sodir etganida, jinoiy javobgarlikka tortish muddati uning har bir jinoiy qilmishi uchun alohida-alohida hisoblanadi. Bu o‘rinda Jinoyat kodeksining 64-moddasi, 4-qis­midagi yangi qasddan jinoyat sodir etilishi oldingi sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortish muddatini o‘tishini to‘xtatadi. Bu o‘rinda muddatning o‘tishi yangi jinoyat sodir etilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
Jinoyatlarning ideal jamida bir harakat orqali shaxs ikki yoki undan ortiq jinoyat sodir etsa, muddatning o‘tishi har biri uchun alohida-alohida hisoblanadi.
Тakroriy jinoyat sodir etilganda muddatni hisoblashda har bir sodir etilgan qilmishdan kelib chiqish lozim. Тakroriy jinoyat sodir etish birinchi jinoyat uchun javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketmagan bo‘lsa ahamiyatga ega bo‘ladi. Shuning uchun takroran jinoyat sodir etilganida muddatning o‘tishi ularning har biri uchun alohida-alohida hisoblanadi.
Agar shaxs jismoniy yoki ruhiy kasalligi tufayli javobgarlikdan ozod qilingan va tuzalgan bo‘lsa, muddatning o‘tishi jinoyat sodir etilishi bilan emas, balki shaxs tuzalgan vaqtdan boshlab hisob­lanadi.
Jinoiy javobgarlikka tortish muddatini hisoblash, jinoyat sodir etilgan kundan boshlab hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar davom etadi. Bu qoida jinoiy javobgarlikka tortish muddatining tugashini belgilaydi.
Shaxs belgilangan muddat o‘tmasdan, yangi jinoyat sodir etsa, jinoiy javobgarlikka tortish muddati uziladi va har bir jinoyati uchun alohida-alohida hisoblanadi. Shaxs og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganda va belgilangan muddat o‘tmasdan turib, yangi qasddan jinoyat sodir etsa, muddat uziladi va javobgarlikka tortish muddati yangi jinoyat sodir etilgan kundan boshlab hisob­lanadi (Jinoyat kodeksining 64-moddasi, 4-qismi).
Jinoiy javobgarlikka tortish muddati agar jinoyat sodir etgan shaxs tergov yoki suddan yashirinsa uziladi. Muddat o‘tishining uzilishini asosiy shartlari:

1) jinoyat ishini qo‘zg‘atilishi bilan bog‘liq bo‘lib, agar jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan bo‘lsa, odil sudlovdan bosh tortish haqidagi masalaning bo‘lishi ham mumkin emas;


2) ayblanuvchining sud va tergovdan bo‘yin tovlashi hisoblanadi.

Sud va tergovdan bo‘yin tovlash deganda, shaxsning jinoiy javobgarlikdan qochish maqsadida qilingan va sud hamda tergov organlarining tegishli hududlarda ayblanuvchini qidirish bilan bog‘liq harakatlari tushuniladi. Shaxsni qidirish bilan bog‘liq bo‘lgan muddat javobgarlikka tortish muddatiga qo‘shilmaydi. Muddatning o‘tishi aybdor topilgan yoki aybini bo‘yniga olib, arz qilgan kundan boshlab hisoblanadi.


Bunda shaxs ongli ravishda jinoiy javobgarlikdan bo‘yin tovlashga harakat qiladi va qidiruv organlari unga nisbatan maxsus chora-tadbirlar ko‘rishga majbur bo‘ladilar. Bundan tashqari, qonunda maxsus 25 yillik muddat o‘rnatilgan bo‘lib, bu muddatning o‘tishi bilan shaxs jinoiy javobgarlikdan har qanday sharoitda, shu jumladan, jinoyat sodir etgan shaxsning surishtiruv yoki tergovdan yashiringanligi uchun muddatning uzilishi yoki to‘xtatib qo‘yilishi yoki og‘ir yoxud o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgandan so‘ng qasddan yangi jinoyat sodir etgan hollarda ham jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.
O‘lim jazosiga mahkum qilinishi mumkin bo‘lgan jinoyatni sodir etgan shaxsni javobgarlikdan ozod qilish masalasi esa, sud tomonidan hal qilinadi. Agar sud javobgarlikka tortish muddati o‘tishi lozim deb topmasa, o‘lim jazosi o‘rniga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlaydi.
Agar shaxs Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida nazarda tutilgan tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarni sodir etgan bo‘lsa: urushni targ‘ib qilish (150-modda); agressiya (151-mod­da); urushning qonun va udumlarini buzish (152-modda); genotsid (153-modda), yollanish (154-modda); terrorizm (155-modda); milliy, irqiy yoki diniy adovat qo‘zg‘atish (156-modda) kabi jinoyatlarni sodir etgani taqdirda javobgarlikka tortish muddati qo‘llanilmaydi.
Jinoyat-protsesual kodeksining 84-moddasi, 1-qismida shaxsni javobgarlikka torish muddati o‘tib ketgan bo‘lsa, ayblilik masalasi hal qilinmay turib, jinoyat ishi tugatilishi lozimligi belgilangan.
Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish: dastlabki tergov davrida –surishtiruv, tergov organlari va prokurorning jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qarori; sud majlisini tayinlash bosqichida esa, sudning jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi ajrimi bilan tugatiladi.
Agar shaxs jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilingandan keyin, javobgarlikka tortish muddati o‘tgan bo‘lsa, ayblanuvchi, sudlanuvchi vafot etgan taqdirda ayblanuvchi, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari talab qilsa, ishni umumiy tartibda davom ettirish mumkin. Bunday hollarda hukm qilish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, ayblov hukmi jazo belgilanmasdan chiqariladi.



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   98   99   100   101   102   103   104   105   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin