O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə23/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   126
jinoyat huquqi

3.2. Jinoyatlarni tasniflash

Jinoyatlarni tasniflash deganda, jinoyatlarni u yoki bu belgilariga ko‘ra, turkumlarga ajratish tushuniladi.


Jinoyat huquqida jinoyatlarni tasniflashda quyidagi ikki mezon nazarda tutilgan bo‘lib, jinoyat qonunida jinoyatlar aynan ana shu mezonlar asosida tasniflangan:

1. Jinoyatlarning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab tasniflash.


2. Jinoyatlarning obyekti (tajovuz qaratilgan obyekt)ga ko‘ra tasniflash.
Jinoyatlarni tasniflash va guruhlarga bo‘lishning asosiy mezoni jinoyatlarning xususiyati va ijtimliy xavflilik darajasi hisoblanadi.
Jinoyat kodeksining 15-moddasidagi jinoyatlar tasnifi jinoyat­ning moddiy va formal belgilarini birlashtiradi. Bu esa, jinoyatning ijtimoiy tarkibi va u yoki bu guruhga kirishini aniq belgilaydi. Sanksiyaning xususiyati, jazo turlari va ularning og‘irlik darajasi jinoyatning ijtimoiy tarkibini tashkil etadi, shuningdek, jinoyat­chilikka qarshi kurash yo‘nalishlari ham jinoyat ijtimoiy tarkibining elementlaridan biri hisoblanadi.
Jinoyatlarning tasnifi – Jinoyat kodeksining 15-moddasida berilgan bo‘lib, unda Jinoyat kodeksining «Umumiy» va «Maxsus» qismi normalari tizimini e’tiborga olgan holda jinoyatlar o‘zining xavflilik darajasiga ko‘ra yengilidan og‘iriga qarab tasniflangan.
Jinoyat kodeksining 15-moddasiga muvofiq, jinoyatlar o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra:

a) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar;


b) uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar;
d) og‘ir jinoyatlar;
e) o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘lingan.


Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. Bunday jinoyat guruhiga – onaning o‘z chaqalog‘ini qasddan o‘ldirishi (Jinoyat kodeksining 99-mod­dasi), ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam o‘ldirish (101-mod­da), kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish (106-modda), qiynash (110-modda), o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish (112-mod­da), besoqolbozlik (120-modda), ko‘p xotinli bo‘lish (126-modda), tarix yoki madaniyat yodgorligini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish (132-modda), ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish (136-modda), fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish (144-modda) kabilarni kiritish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustdagi «Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonuni bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlardan oldin esa, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga qonunda ozodlikdan mahrum qilishga nisbatan yengilroq jazolar nazarda tutilgan jinoyatlar kiritilgan edi.
Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
Bunday jinoyatlar guruhiga – kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish (Jinoyat kodeksining 98-moddasi), qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish (105-moddaning 2-qis­mi), kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik (116-moddaning 4-qismi), ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (121-moddaning 2-qismi), bolani almashtirib qo‘yish (124-mod­da), o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz buzuq harakatlar qilish (129-moddaning 2-qismi), qabrni tahqirlash (134-modda), saylov huquqining yoki ishonchli vakillar vakolat­larining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish (147-modda), talonchilik (166-moddaning 1,2-qismi) kabi jinoyatlar kiradi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan jinoyatlar O‘zbekiston Respublika­sining 2001-yil 29-avgustdagi Qonuni bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlardan oldin esa, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek, ehtiyotsizlik orqasida sodir etilib, qonunda ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kirgan.
Og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. Agar qonunda ozodlikdan mahrum qilishning eng oz qismi uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun tayinlansa, eng ko‘p qismi og‘ir jinoyatlar guruhiga kiruvchi jinoyatlar uchun nazarda tutilgan. Masalan, Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) sanksiyasida ozodlikdan mahrum qilishning muddati uch yildan yetti yilgacha berilgan. Demak, eng yuqori qismi yetti yil bo‘lganligi uchun bu jinoyat og‘ir jinoyatlar guruhiga kiradi.
Og‘ir jinoyatlar guruhiga – qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish (104-moddaning 2-qismi), nomusga tegish (118-mod­daning 1,2-qismlari), voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish (127-moddaning 3-qismi), odamlardan foydalanish uchun ularni yollash (135-moddaning 2-qismi), odam o‘g‘ir­lash (137-moddaning 2-qismi), urushni targ‘ib qi­lish (150-mod­da), yollanish (154-modda), milliy, irqiy yoki diniy adovat qo‘zg‘atish (156-moddaning 2-qismi), davlat sirini oshkor qilish (162-moddaning 2-qismi), bosqinchilik (164-moddaning 1,2-qismlari) kabi jinoyatlarni kiritish mumkin.
O‘ta og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki o‘lim jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. Bunday jinoyatlar guruhiga – qasddan odam o‘ldirish (Jinoyat kodeksining 97-moddasi), jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning 3,4-qismlari), agressiya (151-modda), urushning qonun va udumlarini buzish (152-modda), genotsid (153-modda), terrorizm (155-moddaning 2,3-qismlari), davlatga xoinlik qilish (157-modda), josuslik (160-modda), qo‘poruvchilik (161-modda) kabi jinoyatlar kiradi.
Jinoyatlarni ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatiga ko‘ra tasniflash nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham egadir. Masalan, shaxs tomonidan u yoki bu toifadagi jinoyatlarning sodir etilishi ozodlikdan mahrum qilish (Jinoyat kodeksining 50-mod­dasi), shartli hukm qilish (72-modda), jinoiy javobgarlikdan ozod qilish (64–68-moddalar), jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish (74-mod­da) kabi holatlarning qo‘llanishi singari jinoyat huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Jinoyatlarni obyektiga ko‘ra tasniflash masalasi Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismidagi jinoyatlarni maxsus (turdosh) obyektiga qarab guruhlarga ajratish va maxsus obyektning ahamiyatiga qarab joylashtirilishini belgilaydi. Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi jinoyatning maxsus (turdosh) obyektiga ko‘ra, bo‘lim va boblarga ajratilgan. Ya’ni, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi, birinchi bo‘limida «Shaxsga qarshi jinoyatlar», ikkinchi bo‘limida «Тinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlar», uchinchi bo‘limida «Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar», to‘rtinchi bo‘limida «Ekologiya sohasidagi jinoyatlar» va shu kabi jinoyatlar bo‘limlarga ajratib joylashtirilgan. Bunda bevosita obyekti bir-biriga o‘xshash jinoyatlar bitta bo‘limga kiritilib, ana shu bo‘lim yoki bobdagi jinoyatlarning barchasi uchun umumiy bo‘lgan obyekt maxsus (turdosh) obyekt, deb yuritiladi.
Jinoyatlarni tasniflash Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismidagi jinoyatlar uchun nazarda tutilgan sanksiyalar turlari va hajmi (og‘irlik darajasi) bilan bog‘liq bo‘ladi.
Jinoyatlarni tasniflash, avvalambor, jinoyat qonunini qo‘llashda ahamiyatga ega. Ayniqsa, jinoyat-huquqiy institutlar va normalarni joy-joyiga qo‘yish, shuningdek, jinoyat sodir etish bosqichlari, ishtirokchilik, xavfli va o‘ta xavfli retsidiv jinoyat kabilarni e’tiborga olishda jinoyatlarni tasniflash muhim ahamiyat kasb etadi. Sud amaliyotida jinoyatlarning tasnifi jinoyatlarni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish, ular uchun odilona jazo tayinlash, jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilish kabi masalalarni hal qilishda bosh mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Demak, jinoyatlarni tasniflashning ahamiyati quyidagilarda ko‘rinadi:

birinchidan, jinoyatlarni tasniflash jinoyat huquqiy institut va normalarni joy-joyiga qo‘yish, shuningdek, jinoyat sodir etish bosqichlari, ishtirokchilik, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, o‘ta xavfli retsidiv jinoyatlar, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish kabi jinoyat huquqiy institutlarni to‘g‘ri qo‘llashga ta’sir etadi;


ikkinchidan, u yoki bu toifadagi jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan ma’lum bir jinoyat huquqiy oqibat vujudga keladi (masalan, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish va shu kabi boshqa oqibatlar).



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin