O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Jinoyatlarning boshqa huquqbuzarliklardan farqi



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə24/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   126
jinoyat huquqi

3.3. Jinoyatlarning boshqa huquqbuzarliklardan farqi

Huquqbuzarliklar turli-tuman bo‘lib, asosan, qaysi huquq sohasi bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning buzilganligi bilan bog‘liqdir. Huquqbuzarlikning jinoiy, ma’muriy, intizomiy, fuqaroviy, mehnat, oila, xo‘jalik, yer, suv, ekologiya, havo va boshqa turlari mavjud. Ushbu huquqbuzarliklarning bir-biridan farqlovchi belgilari qanday, degan savol tug‘iladi.


Huquqbuzarlik keng doiradagi qilmishlar uchun bir turkum­dagiga tegishli bo‘lgan tushuncha hisoblanadi.
Jinoyat – bu o‘zining maxsus belgilariga ega bo‘lgan huquqbuzarlik. Lekin ko‘pchilik huquqshunos olimlar jinoyat o‘zining muhim jihatlari, xususiyatlari va belgilariga ega, boshqa huquqbuzarliklar bunday tarkibiy elementlarga ega bo‘lsa ham jinoyat ulardan farq qiladi, chunki jinoyat boshqa huquq­buzar­liklarga nisbatan shaxs, jamiyat va davlat (manfaatlari)ga ko‘proq xavf tug‘diradi1. Jinoyat ijtimoiy xavflilik darajasining yuqori ekanligi bilan boshqa huquqbuzarliklardan farq qiladi.
Jinoyat kodeksining 2-moddasiga ko‘ra, umuminsoniy qadriyatlar jinoyat huquqiy muhofaza obyektlari bo‘lib hisoblanadi. Fuqarolik, ma’muriy, mehnat, moliya, soliqqa oid huquq­buzarliklarning obyekti esa, jinoyat obyektidan keng hisoblanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2 va 10-mod­dalariga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlikning obyekti, fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat va jamoat tartibi, boshqaruvning belgilangan tartibi va hokazolar hisoblanadi. Bu huquq sohasining umumiy obyekti – jamiyat hayotining ma’lum bir sohasidagi fuqarolarning yurish-turish qoidalari hisoblanadi.
Fuqarolik huquqining obyekti esa, Fuqarolik kodeksining 2-mod­­dasida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unga fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holati, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquq, shartnoma majburiyatlari va o‘zga majburiyatlar hamda shaxsiy nomulkiy huquqlar kiradi.
Oila huquqining muhofaza qilish obyekti oila-nikohga oid munosabatlar hisoblanadi.
Intizomiy huquqbuzarlik xatti-harakatlari davlat va xizmat intizomiga tajovuz qiladi. Ular qonun, qonunosti aktlari va vakolatli mansabdor shaxs tomonidan qabul qilinadigan hujjatlar bilan qo‘riqlanadi. Intizomiy xatti-harakatlar uchun javobgarlik ko‘proq mehnat qonunchiligi va harbiy ustavlarda nazarda tutilgan bo‘ladi.
Demak, jinoyat boshqa huquqbuzarliklardan birinchi navbatda obyekti bilan farq qilib, jinoyatning obyekti umuminsoniy qadriyatlar hisoblansa, boshqa huquqbuzarliklarning obyektlari esa ancha kengroq bo‘ladi.
Ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatiga ko‘ra, jinoyat ma’lum bir darajada ijtimoiy xavfli bo‘lgan boshqa huquqbuzarliklardan ko‘ra jamiyatga ko‘proq zarar yetkazishi bilan ajralib turadi.
Ijtimoiy xavflilik darajasi – jinoyat va huquqbuzarlik bir xil bo‘lib qolganida (ularni ajratish imkoni bo‘lmaganida) jinoyatlarni boshqa huquqbuzarliklardan farqlovchi asosiy mezon hisoblanadi. Aynan ijtimoiy xavflilik barcha huquqbuzarliklarning moddiy-ijtimoiy tarkibi va belgisi hisoblanadi. Masalan, yo‘l harakati qoidalarini buzish ham jinoyat (Jinoyat kodeksining 266-moddasi), ham ma’muriy huquqbuzarlik (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125, 128-moddalari) hisoblanadi.
Demak, jinoyatlar boshqa huquqbuzarliklardan ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyati bilan farq qilib, jinoyat tufayli boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan ko‘proq zarar yetkaziladi (ayb g‘ayriijtimoiy, motivizatsiya o‘zgarmas, sodir etish usuli esa o‘ta shavqatsizlik bilan amalga oshiriladi). Jinoyatlarni boshqa huquqbuzarlikdan farqlashda ijtimoiy xavflilikning asosiy elementi shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning miqdori hisoblanadi. Masalan, harbiy sohadagi huquqbuzarliklarni jinoyatlardan ajratish qiyin bo‘lib, bunda Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi muayyan moddasi dispozitsiyasida jinoyatlar sodir etilgan vaqt, joy va vaziyat asosiy mezon sifatida ko‘rsatiladi. Masalan, harbiy qism yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan bir kecha-kunduzdan o‘n kecha-kunduzgacha tashlab ketilgan bo‘lsa, qilmish Jinoyat kodeksining 287-moddasi, 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi, agar bunday muddat bir kecha-kunduzgacha bo‘lsa, u intizomiy huquqbuzarlik hisoblanadi.
Qonunda jinoyatlarni huquqbuzarliklardan farqlovchi subyekiv belgilar: aybning shakli, maqsad va motivinin­g o‘zgarmasligi kabi holatlar belgilab qo‘yilgan. Masalan, qasddan badanga yengil shikast yetkazish jinoyat bo‘lsa (Jinoyat kodeksining 109-moddasi), ehtiyotsizlik orqasida badanga yengil shikast yetkazish fuqaroviy huquqbuzarlik hisoblanadi (Fuqarolik kodeksining 1003, 1004-mod­dalari).
Jinoyatlarni boshqa huquqbuzarliklardan farqlovchi yana bir belgi – ularning huquqqa xiloflilik xususiyati hisoblanadi.
Jinoyatlar uchun javobgarlik ham jinoyat qonuni bilan tartibga solinadi. Bu uni boshqa huquqbuzarliklardan farqlaydi. Boshqa huquqbuzarliklar sodir etilganida, o‘sha huquq sohasiga tegishli normalar, ya’ni qonunlar emas, balki qonunosti normativ huj­jatlardagi qoidalar ham buziladi.
Faqat jinoyat sodir etilganida sudlanganlikni vujudga keltiruvchi jinoiy jazoni qo‘llash mumkin, boshqa huquqbuzarliklarning huquqiy sanksiyalari esa hech qachon «sudlanganlik»ni keltirib chiqarmaydi. Bundan tashqari, jinoiy jazo davlatning majburlov choralarini qo‘llash orqali amalga oshiriladi.
Barcha qilmishlar ham huquqbuzarlik, deb tan olinmaydi. Qonun chiqaruvchi bu borada shaxs, jamiyat va davlat uchun ko‘proq xavfli bo‘lgan xatti-harakatlarni huquqbuzarlik sifatida baholaydi. Shaxs tomonidan sodir qilingan qilmish uchun javobgarlik Jinoyat kodeksida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bunday qilmish jinoyat, deb hisoblanmaydi.
Qilmish jinoyat qonunida huquqqa xilof, deb e’lon qilinganidan boshlab jinoyatga aylanadi, davlat esa o‘z navbatida bunday qilmishlarga qarshi jinoyat huquqiy vositalar bilan kurashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Jinoyatlarni boshqa huquqbuzarliklardan farqlashning moddiy mezoni huquqbuzarlik oqibatida yuzaga kelgan zarar hajmi hisoblanadi.
Jinoyatlar hamma vaqt ham boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan jamiyatga ko‘proq zarar yetkazadi, jinoyatchilarning aybi xavfliroq, motivi o‘zgarmas, qilmish (harakat yoki harakatsizlik)ni sodir etish usuli esa qo‘polroq, ya’ni xavfliroq hisoblanadi.
Obyekti bir xil bo‘lgan jinoyat va ma’muriy huquqbuzar­liklarning, har ikkisida ham – shaxs, ularning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari, mulk obyekti hisoblanadi, ularni bir-biridan farqini ko‘rsatuvchi asosiy belgi «yetkazilgan zarar» miqdori hisoblanadi.
Fuqaroviy huquqbuzarlik – jarima va zararni qoplash ko‘ri­nishidagi jazo qo‘llash tahdidi bilan taqiqlangan, shaxsiy va shaxsiy nomulkiy huquqlar bilan bog‘liq mulkiy munosabatlarning buzilishi. Jinoyatlarni fuqaroviy huquqbuzarliklardan turli shakldagi mulkka yetkazilgan zarar bilan bog‘liq mulkka qarshi va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar ajratib turadi.
Jinoyatlarni huquqbuzarliklardan farqlashga misol sifatida oila-nikoh munosabatlari sohasida ota-onalar va bolalarning majbu­riyatlarini keltirish mumkin. Oila kodeksiga ko‘ra ota-onalar o‘zlarining voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz voyaga yetgan, ammo yordamga muhtoj farzandlarini boqishga majbur. Mehnatga layoqatli voyaga yetgan farzandlar ham o‘zlarining mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilishlari shart. Bunday majburiyatlarning buzilishi Jinoyat kodeksining 122, 123-mod­dalarida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Mansabdor shaxs tomonidan o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda sodir etilgan g‘ayriqonuniy qilmish shaxsning huquq va manfaatlari, jamiyat va davlat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, bunday qilmish jinoyat deb, agar bunday oqibat mavjud bo‘lmasa, unda bunday qilmish intizomiy huquqbuzarlik, deb hisoblanadi.
O‘zboshimchalik shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, (Jinoyat kodeksining 229-moddasi) jinoyat deb, bunday oqibat mavjud bo‘lmasa, ma’muriy huquqbuzarlik (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-moddasi), deb topiladi.
Soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash ancha miqdorda sodir etilsa, jinoyat (Jinoyat kodeksining 184-moddasi), ancha miqdordan kam bo‘lgan miqdorda sodir etilsa, soliqqa oid huquqbuzarlik hisoblanadi.
Demak, jinoyat boshqa huquqbuzarliklardan quyidagi belgilar bilan farq qiladi:

1) umumiy obyektiga ko‘ra (jinoyatning obyekti faqat umum­insoniy qadriyatlar bo‘lsa, boshqa huquqbuzarliklarning obyekti ancha kengroqdir);


2) ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatiga ko‘ra (jinoyat tufayli boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan jamiyatga ko‘proq, og‘irroq zarar yetkaziladi);
3) g‘ayrihuquqiyligiga ko‘ra (jinoyatlar faqat Jinoyat kodeksi bilan taqiqlansa, boshqa huquqbuzarliklar qonunosti me’yoriy hujjatlari bilan ham tartibga solinadi, g‘ayriaxloqiy qilmishlar esa axloq normalarida belgilangan bo‘ladi);
4) yetkazilgan zararning miqdoriga ko‘ra (jinoyatlar tufayli boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan jamiyatga ko‘proq zarar yetkaziladi).



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin