O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə90/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   86   87   88   89   90   91   92   93   ...   126
jinoyat huquqi

14.4. Asosiy jazolar


Jarimaning jinoiy jazo sifatida jazo tizimiga kiritilganligi, avvalo, uning hozirgi davrda muhim jazo choralaridan biri ekanligidan dalolat beradi. Shu bilan birga jarimani qo‘llash sud organlariga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan qilmishlarga jazo tayinlashda imkon qadar jazo va javobarlikning differensiyasi hamda individualizatsiya qilishga yordam beradi.
Jinoyat kodeksida jarima, aybdordan davlat daromadiga pul undirilishi, deb tushuntirilgan. Jinoyat kodeksining 44-moddasida jarimaning miqdori eng kam oylik ish haqining besh barobaridan olti yuz barobarigacha miqdorda belgilanadi.
Jarima davlatning majburlov chorasi sifatida aybdorga iqtisodiy ta’sir ko‘rsatish orqali jinoyat sodir etgan shaxsning mulkiy huquqlarini cheklashdan iboratdir. Shuning uchun ham jarima jazo tizimida ko‘rsatilgan jazo choralarining eng yengili hisoblanadi.
1959-yilgi Jinoyat kodeksida jazoning miqdorini belgilash vakolati sudga berilgan edi. Yangi Jinoyat kodeksida jarimaning maksimal va minimal chegaralari belgilab qo‘yildi. Jarima jazosi asosiy jazo sifatida tayinlanadi. 1959-yilgi Jinoyat kodeksida jarima asosiy va qo‘shimcha jazo sifatida tayinlanishi mumkinligi belgilangan edi.
Olib borilgan tadqiqot natijalari ushbu jazo turining ta’sirchan ekanligini ko‘rsatadi. Respublikamizda iqtisodiyotning bozor munosabatlariga o‘tganligi va mulkchilikning turli shakllari teng, deb e’lon qilingan sharoitda jarimaning jinoiy jazo sifatidagi roli juda kattadir.
Agar jarima tegishli modda muqobil jazo chorasi sifatida sank­siya­sida ko‘rsatilgan bo‘lsa, uni tayinlash orqali aybdorning mulkiy manfaatlariga ta’sir ko‘rsatilib, jazoning maqsadiga (tarbiyalash va mahkum tomonidan yangi jinoyat sodir etilishining oldini olish) erishish mumkin bo‘lgan taqdirdagina jarima qo‘llaniladi.
Jinoyat qonuniga ko‘ra, jarima faqat pul miqdorida belgilanadi. Davlatning ushbu majburlov chorasini qo‘llash haqidagi sud hukmida jarimaning aniq miqdori ko‘rsatilishi lozim. Bunda jarimaning miqdori hukm chiqarilayotgan vaqtdagisiga qarab emas, balki jinoyat sodir etilgan vaqtdagi eng kam oylik ish haqi miqdoriga qarab belgilanadi.
Jinoyat kodeksida jarima jazosining minimal va maksimal miqdorlari belgilangan bo‘lib, sud ushbu doiradagina jazo tayinlashi mumkin. Agar Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi muayyan moddasi sanksiyasida jarima jazosining minimal miqdori ko‘rsa­tilmagan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 44-moddasida belgilan­gan minimal miqdordan kam miqdorda jarima belgilanishi mumkin emas.
Jarima jazosi miqdorini belgilashda jinoyatning og‘irlik darajasi va sudlanuvchining moddiy ahvoli hisobga olinadi. Sudlanuvchining moddiy ahvolini baholashda quyidagilar e’tiborga olinishi lozim:

1) qonun bilan taqiqlanmagan har qanday manbadan oladigan daromadlari. Bunday daromadlarga ish haqi, mulkiy daromadlar, tadbirkorlik faoliyatidan oladigan daromadlar kiradi;


2) sudlanuvchiga mulk huquqi asosida, xo‘jalik yurituv asosida, tezkor boshqaruv asosida, shuningdek, ijaraga olish asosida tegishli bo‘lgan mol-mulk;
3) uning qaramog‘idagi shaxslar, masalan, voyaga yetmagan farzandlarining mavjudligi;
4) sudlanuvchining mulki bo‘yicha uchinchi shaxslar oldidagi majburiyati. Sudlanuvchining aliment to‘lashi, zararni qoplashi, soliq to‘lashi va boshqa holatlar.

Yuqorida ko‘rsatilgan holatlar qat’iy bo‘lmay, sud jarima jazosini tayinlashda boshqa holatlarni ham hisobga olishi mumkin.


Jarima uch oy ichida to‘lanishi lozim. Aks holda, sud aybdorning jazoni ijro etishdan bosh tortganligi masalasini ko‘rib chiqishi kerak. Sud quyidagilarni jarimani ijro etishdan bosh tortish, deb topishi mumkin:

1) jarimani to‘lash mumkin bo‘lmagan holatlar sud tomonidan uzrli, deb topilmagan bo‘lsa;


2) O‘zbekiston Respublikasining «Sud va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra qo‘llanilgan majburiy ijro etish jinoyat sodir etgan shaxsning daromadlari va boshqa mulklarini yashirishi sababli mumkin bo‘lmasa.

Jazoni ijro etishdan bo‘yin tovlash fakti aniqlangan holatda, hukm chiqargan sud jarima jazosini axloq tuzatish ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash yoki qamoqdagi jazolarning biri bilan almash­tirishi mumkin. Jarima jazosining biron-bir qismini boshqa turdagi jazo bilan almashtiriladi. Jarima jazosini ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.


Muayyan huquqdan mahrum etish jazosining mazmuni aybdorga muayyan mansabni egallash, u yoki bu faoliyat turi bilan shug‘ullanishni taqiqlashdan iborat. Bu jazo turi ushbu jinoyatni sodir etishda aybdor, deb topilgan shaxsning bevosita muayyan huquqi bilan bog‘liq bo‘lsagina qo‘llaniladi. Jinoyat qonunining ushbu moddasida jazolash xususiyatiga ko‘ra, bir turdagi ikki jazo birlashtirilgan: muayyan mansabni egallash va muayyan faoliyat bilan shug‘ullanishdan mahrum etish.
Muayyan mansabni egallash huquqidan mahrum qilish deganda, Jinoyat kodeksida korxona, muassasa va tashkilotlarda u yoki bu mansabni egallash yoxud muayyan mansab bilan bog‘liq biron-bir funksiyani amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan mansabni (masalan, moddiy javobgarlik xususiyatiga ega bo‘lgan mansablar) egallashini taqiqlash tushuniladi.
Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksida davlat yoki mahalliy hokimiyat organlarida shaxsning muayyan mansabni egallashini yoki kasbiy yoxud boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlash muayyan huquqdan mahrum qilish, deb tushuntirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida muayyan faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlash deganda, aybdorning doimiy tarzda shug‘ullanadigan kasbiy faoliyatini, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdan mahrum etish tushuniladi (masa­lan, savdo faoliyati, tarjimonlik faoliyatlari bilan shug‘ullanishni taqiqlash).
Rossiya jinoyat qonunida professional va boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanishni taqiqlash tushunchalari mavjud. Professional faoliyat deganda, muayyan bilim, malaka yoki tayyorgarlikni talab etadigan faoliyat bilan doimiy shug‘ullanish tushuniladi. Masalan, o‘qituvchilik har qanday muassasada tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullanish, buxgalterlik, advokatlik, yurist-maslahatchi kabi faoliyat turlari.
Boshqa faoliyat deganda, doimiy ravishda amalga oshiriladigan (masalan, ovchilik) faoliyati tushuniladi. Muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi davlat yoki jamoat mulkini talon-taroj qilgan, poraxo‘rlik jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilganida ko‘proq samarali hisoblanadi.
Sudning ayblov hukmida mahkum uchun taqiqlangan faoliyat turi va egallashi mumkin bo‘lmagan mansab ko‘rsatiladi. Qonunda mahkumning muayyan mansabni egallashi yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanishini taqiqlash muddatlari belgilangan. Muayyan huquqdan mahrum qilish aybdorning mansabi yoki ish faoliyati bilan bevosita bog‘liq jinoyatni sodir etganligi uchun asosiy jazo sifatida tayinlanganda bir yildan besh yilgacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi. Masalan, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish jinoyati uchun (189-modda) besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.
Qo‘shimcha jazo tariqasida tayinlanganida bir yildan uch yilgacha bo‘lgan muddat belgilanadi. Bunday holda sud tomonidan ushbu jazo «Maxsus» qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan har qanday jazoga qo‘shimcha jazo tariqasida tayinlanishi mumkin. Muayyan huquqdan mahrum qilishning qo‘llanishi jazoning ogohlantirish funksiyasini amalga oshiradi, mahkum boshqa mansab yoki faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat sodir etish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Agar muayyan huquqdan mahrum qilish Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi moddasi sanksiyasida asosiy jazo sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, qo‘shimcha jazo sifatida qo‘llanishi mumkin emas.
Muayyan huquqdan mahrum etish faqat aybdor jinoyat sodir etish vaqtida ushbu huquqqa ega bo‘lgan holdagina qo‘llaniladi. Agar u ushbu huquqqa jinoyat sodir etgandan so‘ng ega bo‘lgan bo‘lsa, sud bu jazo turini qo‘llashi mumkin emas.
Muayyan huquqdan mahrum etish jazosi qo‘llanilganida, bu jazoga mahkum qilingan shaxsni o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan tizimda ishlashi mumkinligini istisno etilmaydi. Qonunda faqat aniq bir mansabni egallashni (masalan, mulkiy boyliklarni tasarruf qilish) yoki aniq bir faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanishi nazarda tutiladi.
Qonunga ko‘ra, aybdor bir vaqtning o‘zida u yoki bu mansabni egallashi yoki biron-bir faoliyat turi bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilishi mumkin emas. Bu jazo turini qo‘llashda faoliyat turi aybdorning asosiy moddiy ta’minot manbayi ekanligiga e’tibor berish lozim. Agar bu faoliyat aybdorning asosiy moddiy ta’minot manbayi bo‘lsa (masalan, ovchilik faoliyati), unga nisbatan bu jazoni qo‘llash kerak emas. Bu jazo turini qo‘llashda mahrum qilinayotgan faoliyat turi aybdorning yagona kasbi bo‘lgan hollarda muayyan huquqdan mahrum qilishning maqsadga muvofiq ekanligini hisobga olish lozim.
Bunday jazoni tayinlash vaqtida hukmning qaror qismida mansabning nomi yoki faoliyat turi aniq ko‘rsatilishi kerak. Hukm chiqarilayotgan vaqtga kelib sudlanuvchining jinoyat sodir etish bilan bog‘liq bo‘lgan mansabni egallamayotganligi yoki faoliyat bilan shug‘ullanmayotganligi ushbu qo‘shimcha jazoni qo‘llash uchun to‘sqinlik qilmaydi. Bu jazo turi qo‘llanilayotgan moddaning sanksiyasida asosiy jazolardan biri sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa ham, asosiy jazo tariqasida qo‘llanishi mumkin.
Muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo‘natish yoki qamoq jazosiga qo‘shimcha jazo tariqasida tayinlangan bo‘lsa, asosiy jazoning butun muddatiga va undan so‘ng hukmda belgilangan muddatgacha davom etadi. Boshqa asosiy jazolarga qo‘shimcha jazo tariqasida tayinlanganda, uning muddati hukm qonuniy kuchga kirgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
Shaxs shartli hukm qilinganda, muddatning o‘tishi hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar sinov muddati davomida yangi jinoyat sodir etsa, bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlanadi. Agar asosiy jazo tariqasida ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo‘natish qamoq, axloq tuzatish ishlari kabi jazolardan biri tayinlangan bo‘lsa, hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab hukmda ko‘rsatilgan muddatdan boshlab hisoblanadi.
Muayyan mansabni egallash yoxud u yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlanishi sud tomonidan belgilangan muddat­ning o‘tishi bilan bekor bo‘ladi. Jinoyat kodeksining 78-mod­dasi, 1-qismi, «v» bandiga ko‘ra, muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi uchun sudlanganlik holati jazo muddati tugagandan so‘ng bir yil o‘tgach tugallanadi.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   86   87   88   89   90   91   92   93   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin