O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


«Jinoyatda ishtirokchilik» tushunchasi



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə66/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   ...   126
jinoyat huquqi

11.1. «Jinoyatda ishtirokchilik» tushunchasi

Sud-tergov harakatlarini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, aksariyat jinoyatlar bir guruh shaxslar tomonidan sodir etiladi. Shu o‘rinda, ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lgan jinoyatlar ko‘p hollarda bir necha kishilarning birlashishi orqali sodir etilishini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.


Shubhasiz, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqoridir, chunki bir kishi tomonidan sodir etilgan qilmishdan ko‘ra, bir guruh shaxslar tomonidan amalga oshirilgan jinoyat tufayli ijtimoiy munosabatlarga ko‘proq zarar yetkaziladi. Jinoyatchilar guruh bo‘lib harakat qilishganda, ancha ishonch bilan qo‘pol va bemalol harakat qilishadi. Bunday holat ularning hayot tarziga aylanib qolishi mumkin.
Jinoyatning uyushgan guruh yoki jinoiy guruh tomonidan amalga oshirilishi yengil kechadi, iz qoldirmaslik va guvohlarni yo‘qotish osonlashadi. Guruh bo‘lib jinoyat sodir qilinganida guruh rahbarlarini fosh etish qiyinlashadi va ularning yashirinishi oson kechadi. Bu jihatlardan olganda, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlarning maxsus o‘rganilishi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda muayyan yutuqlarga erishishga yordam beradi. Тurli jinoyatlarda uyushgan jinoyatchilik darajasi bir xil bo‘lmay, ularning maxsus o‘rganilishi talab etiladi. Guruh bo‘lib jinoyatlarning sodir etilgan xavflilik darajasiga bir necha shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarga nisbatan ancha yuqoridir.
Jinoyat kodeksining 27-moddasiga ko‘ra: «Ikki yoki undan ortiq shaxsning qasddan jinoyat sodir etishda birgalashib qatnashishi ishtirokchilik, deb topiladi».
Ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlarning bir qator o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. U yoki bu jinoyatni kvalifikatsiya qilishda, nafaqat, qilmishning ishtirokchilikda sodir etilishi, balki qonuniylik va adolatlilik prinsiрlariga asoslangan holda ishtirokchilikning aniq belgilari va shakllariga e’tibor berish lozim.
Ishtirokchilik belgilarini obyektiv va subyektivga ajratish mumkin.
Ishtirokchilikning obyektiv belgilariga:

1) jinoyat sodir qilishda ikki yoki undan ortiq shaxsning ishti­roki;


2) guruh a’zolarining jinoyatni sodir qilish uchun birgalikda harakat qilishi kiradi.

Jinoyat sodir qilishda ikki yoki undan ortiq shaxsning qatna­shishi ishtirokchilikning son belgisidir. Bu belgining asosiy sharti shundan iboratki, jinoyat ishtirokchilikda sodir etilganda, ishtirok­chilarning barchasi aqli raso va shu jinoyat uchun qonunda belgilangan yoshga yetgan bo‘lishi talab qilinadi.


Qonunda belgilangan yoshga yetmagan va aqli noraso, deb topilgan shaxs jinoyatning subyekti, deb topilishi mumkin emas va o‘z-o‘zidan ishtirokchi ham bo‘la olmaydi. Agar jinoyat sodir etgan shaxs subyektning barcha belgilariga ega bo‘lsa va jinoyatning bajaruvchisi sifatida aqli noraso shaxsdan yoki qonunda belgilangan yoshga yetmagan shaxsdan foydalangan bo‘lsa, bu holda aybdor faqat sodir etgan jinoyat uchun emas, balki voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga yoki g‘ayriijtimoiy xatti-harakatga jalb qilganlik uchun ham javobgarlikka tortiladi.
Ishtirokchilik institutini tahlil qilishda, birgalashib jinoyat sodir etgan barcha shaxslarning harakatini o‘rganish lozim. Bunda har bir ishtirokchi tomonidan sodir etiladigan harakatning xususiyati, jinoiy kuchlarning muvofiqlashganligi, ular o‘rtasidagi aloqador­likning qat’iyligi asosiy element hisoblanadi. Aynan shu element majmuyi ishtirokchilikda sodir etilgan qilmish darajasini belgilashga asos bo‘lib, shu orqali jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyat-huquqiy kurash chorasini belgilashga imkon beradi.
Birgalikdagi harakat shundan iboratki, bunda ishtirokchilarning jinoiy harakati birgalikda bo‘ladi. Jinoyatni birgalikda sodir qilish shundan iboratki, bunda bir ishtirokchining harakati ikkinchisiniki bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi va jinoyat natijasi umumiy harakatga bog‘liqdir. Ishtirokchilarning birgalikdagi harakati jinoyatning natijasi uchun muhim shartdir. Ishtirokchilik jinoyati murakkab jarayon bo‘lib, bunda har bir ishtirokchi o‘zining «tegishli» hissasini qo‘shmog‘i lozim: biri uyushtiradi, biri guruh tuzadi, boshqasi ma’lumot yig‘adi, to‘rtinchisi jinoyat qurolini tayyorlaydi, beshinchisi uni amalga oshiradi (ya’ni, to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoyatning obyektiv tomonini amalga oshiradi). Ushbu murakkab jarayonda har bir ishtirokchining harakati bir-biriga mos kelishi va sababiy bog‘langan bo‘lishi kerak, uning natijasi jinoyat ishtirokchilarining umumiy xohishi va qoniqishi bo‘lishi kerak.
Demak, ishtirokchilikda jinoyat sodir etishdagi birgalikdagi harakat o‘zaro bog‘liq va shartli harakatlar bilan jinoyat sodir etilishi bilan belgilanadi. Jinoyat harakatning birgalikdaligi barcha ishtirokchilar uchun jinoiy oqibatning bir xilligi, umumiy jinoiy oqibat va har bir ishtirokchi o‘rtasidagi harakatning o‘zaro bog‘liqligida ifodalanadi. Harakat, jinoiy oqibat va har bir ishtirokchining o‘zaro aloqadorligi yig‘indisi ishtirokchilikni ifodalaydi.
Bir qancha shaxslarning kuchlarini birlashtirish natijasida jinoyat sodir etilganida, ularning har biri mustaqil tarzdagi jinoiy oqibatga erishishga harakat qilgan bo‘lsa yoki ular harakati jinoiy oqibat bilan bevosita bog‘liq bo‘lmasa, bunday jinoyatni ishtirokchilikda jinoyat sodir etish deb baholab bo‘lmaydi. Chunki ularning harakati birgalikda bo‘lmay, umumlashgan bo‘ladi, xolos. Masalan, A. ismli shaxs B. ismli shaxsni o‘ldirishga qasd qiladi va unga og‘ir tan jarohati yetkazadi, shifokor S. uni davolashi jarayonida infeksiya yuqtirishi natijasida B.vafot etadi. Bu ikki harakat o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘lmaganligi uchun ishtirokchilik, deb baholanmaydi.
Jinoyat kodeksining 27-moddasiga ko‘ra, ishtirokchilikning subyektiv belgilari ikki yoki undan ortiq shaxsning qasddan jinoyat sodir etishida namoyon bo‘ladi. Ya’ni, 27-moddaning mazmuniga ko‘ra, ishtirokchilik faqat qasddan sodir qilinadigan jinoyatlardagina bo‘ladi. Ishtirokchilar o‘rtasida jinoyat sodir etish uchun oldindan kelishuvning mavjud bo‘lishi birgalikdagi harakatni belgilashda qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ular o‘rtasida oldindan kelishuvning mavjud bo‘lmasligi ishtirokchilikni aniqlashni qiyinlashtiradi.
Birgalikdagi harakat qilish mezoni bo‘lib:

birinchidan, umumiy kuch asosida yagona maqsadga erishish uchun harakat qilish;


ikkinchidan, boshqa ishtirokchilarning yagona umumiy natijaga erishishga qaratilgan harakatini bilish va hisobga olish xizmat qiladi.

Jinoyat sodir etishda bir qancha shaxslarning ishtiroki obyektiv vaziyatlarni birgalikda kuch ishlatish asosida natijaga erishish, shuningdek, subyektiv vaziyat – ishtirokchilarning harakatini birlashganligi va kuchlarni birlashtirish asosida yagona maqsadga erishishga qaratilganligini bilishni o‘z ichiga oladi. Birgalikdagi ishtirokchilar uchun umumiy bo‘lgan muayyan natijaga erishish uchun harakat qilish ishtirokchilar kuchining birlashganligini bildiradi. Shaxslarning birlashishi jinoiy natijaga oson erishish zaruriyatidan kelib chiqadi.


Subyektiv mezonning ikkinchi belgisi ishtirokchilar bir-biri­ning harakatini oldindan bilganligini anglatadi. Ishtirokchilikning subyektiv mezoni ishtirokchilarning o‘zaro xabardorligi va kelish­gan holda harakat qilishi bilan xususiyatlanadi.
O‘zaro xabardorlik shu bilan xususiyatlanadiki, jinoyat sodir etishdagi barcha ishtirokchilarni, birinchidan, jinoyatni birgalikda sodir etganligi, ikkinchidan, har qanday emas, balki aniq jinoyatni sodir etish, uchinchidan, nafaqat, bir shaxs qilmishining ijtimoiy xavfliligi, balki boshqa shaxslar harakatining ijtimoiy xavfliligi hisobga olinadi.
Ishtirokchilikda qilingan jinoyatlarda ikki yoki undan ko‘p shaxslar o‘z intilishlarini birlashtiradi. O‘z xohishlaridagi natijaga erishishga harakat qiladilar, ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir qilganda esa, oqibat kelib chiqishini xohlamaydigina emas, balki uning kelib chiqishini oldindan ko‘ra bilmaydi ham.
Subyektiv bog‘liqlikning yana bir belgisi shundan iboratki, bunda bir jinoyatchining harakati boshqa ishtirokchi harakati bilan chambarchas bog‘liqdir. Ya’ni jinoyat sodir qilishda bir nechta jinoyatchi birga harakat qiladi va shulardan hech bo‘lmaganda ikkitasi jinoiy natija uchun o‘z harakatlarini birlashtiradi va ijtimoiy xavfli oqibat kelib chiqishini bilgan holda u harakat qiladi va oqibatni xohlaydi. Agar jinoyat sodir qilishda jinoyatchilar bir-birlari bilan o‘zaro xabardor bo‘lmasalar, ularning har biri sodir etgan harakatlari uchun alohida-alohida javob beradi.
Jinoyatda ishtirokchilik instituti o‘z xizmati nuqtayi nazaridan jinoyat ishtirokchilarini va ijtimoiy munosabatlarni jinoiy tajovuz­lardan himoya qilish vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Jinoyatda ishtirokchilikning ushbu vazifasi bir qator holatlarda jinoyatning bir qancha shaxslar tomonidan sodir etilishi bilan bog‘liq. Ishtirokchilikda jinoyat sodir etish qoidalari va holatlari, birin­chidan, ishtirokchilikda jinoyat sodir etishning obyektiv va subyektiv belgilarini, ikkinchidan, bunday ijtimoiy xavfli qilmish uchun jinoiy javobgarlikka tortiluvchi shaxslar doirasini chegaralab qo‘yadi, uchinchidan, ishtirokchilardan har birining Jinoyat kodeksi bilan qo‘riqlanadigan obyektga ta’sirini, shuningdek, ishtirokchilikda jinoyat sodir etishning farq qiluvchi xususiyatlarini bir kishi tomonidan sodir etilgan qilmishdan farqlarini belgilaydi, to‘rtinchidan, javobgarlikka tortish asoslarini va uni har bir ishtirokchiga nisbatan tatbiq etilishini belgilaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib shunday xulosa qilish mumkinki, ishtirokchilikda jinoyat ishtirokchilari ijtimoiy xavfli harakat sodir qilayotganliklarini, qilmishlari jinoyat ekanligi va o‘z harakatlari natijasida qanday ijtimoiy xavfli oqibat kelib chiqishini oldindan ko‘ra biladilar.



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin