-lik//liq affiksi yasama so‘zlar bilan birikib, asl o‘zbekcha terminlarni voqelantiradi. Bunday holatlarda u tubandagi qo‘shimchalar ishtirokida turfa termin – derivatlar yasaydi:
-siz + lik: vaznsizlik, uyqusizlik (tib.agripniya), shuursizlik, daxlsizlik, madorsizlik, ishsizlik, nikohsizlik, malakasizlik, moliyasizlik,
daxlsizlik, xavfsizlik va h.k.;
-dosh + lik: o‘rindoshlik, quroldoshlik, qarindoshlik, polkdoshlik va
h.k.;
-mas+lik: chanqamaslik (tib.adipsiya), suvo‘tmaslik, yurolmaslik
(med.abaziya), bitmaslik (tib.nezarasheniye) va h.k.;
-chan+lik: eruvchanlik, zirhteshuvchanlik, sezuvchanlik, cho‘ziluvchanlik, oquvchanlik, yashovchanlik, o‘zgaruvchanlik va h.k.;
-li+lik: chidamlilik, kalloriyalilik, daromadlilik va h.k.;
-qoq+lik: botqoqlik, yopishqoqlik, chanqoqlik, qayishqoqlik va h.k.;
-(i)sh+lik: yanglishlik, cheklanishlik, yemishlik, botishlik va h.k.;
-roq+lik: yaltiroqlik, chinqiroqlik, o‘troqlik, baqiroqlik va h.k.
-lik// -liq affiksi chet tillardan kirgan so‘z yasovchi morfemalar yordamida yuzaga chiqqan yasama so‘zlardan ot-terminlar hosil qiladi:
boz+lik: miltiqbozlik, fohishabozlik, guruhbozlik, qimorbozlik, ichkilikbozlik, xotinbozlik, qilichbozlik va h.k.
-bon+lik: posbonlik, bog‘bonlik, qo‘ychibonlik, darvozabonlik va
h.k.;
-vor+lik: ulug‘vorlik, tantanavorlik va h.k.;
-gar+lik: javobgarlik, isyongarlik, fitnagarlik, da’vogarlik,
savdogarlik, zargarlik, ig‘vogarlik va h.k.
-dor+lik: chorvadorlik, aybdorlik, unumdorlik, quldorlik, hosildorlik, gumondorlik, homiladorlik, hissadorlik, mulkdorlik va h.k.;
-do‘z+lik: yelkando‘zlik, etikdo‘zlik, telpakdo‘zlik va h.k.;
-kash+lik: chizmakashlik, pillakashlik, suratkashlik va h.k.;
-kor(-gor, -kar)+lik: sholikorlik, g‘allakorlik, gunohkorlik, hamkorlik, tadbirkorlik va h.k.;
-paz+lik : somsapazlik, oshpazlik, choypazlik va h.k.;
-parvar+lik: millatparvarlik, kambag‘alparvarlik, insonparvarlik, vatanparvarlik, xalqparvarlik, yetimparvarlik, yurtparvarlik va h.k.;
-parast+lik: butparastlik, otashparastlik, mansabparastlik, shaxsiyatparastlik, aqidaparastlik, millatparastlik, huquqparastlik va h.k.;
-soz+lik: mashinasozlik, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, kemasozlik, traktorsozlik, shaharsozlik, robotsozlik, motorsozlik, vagonsozlik, qurolsozlik, ko‘priksozlik va h.k.;
-furush +lik: odamfurushlik, bangifurushlik, terifurushlik, og‘ufurushlik, valyutafurushlik va h.k.;
-xon+lik: dostonxonlik, gazetaxonlik, navoiyxonlik, kitobxonlik va
h.k.;
-xo‘r+ lik: qonxo‘rlik, odamxo‘rlik (kannibalizm), tekinxo‘rlik, poraxo‘rlik, qasamxo‘rlik.;
-chi+lik: gegelchilik, neokantchilik, trampchilik va h.k.;
-shunos+lik: o‘lkashunoslik, tuproqshunoslik, metallshunoslik, tilshunoslik, huquqshunoslik, qonunshunoslik, matnshunoslik, odamshunoslik va h.k.
Yuqoridagi ashyoviy materiallarga asoslanib, bildirilgan mulohazalardan kelib chiqqan holda ta’kidlash joizki, ot (sifat) + lik//liq modeli mavhum ma’nosi bilan hozirgi o‘zbek adabiy tili, xususan, termin yasashda juda sermahsul va faol qolip sifatida e’tirof etiladi.
Shu bilan bir qatorda, qilingan tahlil -lik//-liq affiksining: a) qurol, asbob, moslamalar nomlari; b) hosil qiluvchi so‘z asosida shakllangan joy, yer nomlari; v) pul birliklari nomlarini yasashda nisbatan kammahsulligini ko‘rsatdi.
Murakkab tarkibga ega –chilik (-chi+lik) qo‘shimchali model termin yasalish jarayonida nisbatan faol. Ushbu qolip quyidagi terminlarni hosil qiladi:
kasb, hunar, mashg‘ulot va soha nomlari: uzumchilik, qorako‘lchilik, me’morchilik, tutchilik, o‘qituvchilik, dehqonchilik va h.k.;
umumlashtiruvchi nomlar: mo‘lchilik, mahaliychilik, partizanchilik
va h.k.;
narsa, buyum yoxud hodisa, voqea oti: kambag‘alchilik, ozchilik, tomorqachilik, qurg‘oqchilik va h.k.
-lash affiksli so‘z yasovchi model
Jarayon, xatti-harakat nomini ifodalovchi terminlar yasaydi: akkreditlash, kurtaklash, payvandlash, standartlash, liofillash, parmalash, xromlash, frezerlash, alyuminlash, geperinlash, toblash, presslash, mexanizatsiyalash, ionlash, paypaslash (tib.palpatsiya), skanerlash (tib.skanirovaniye), betonlash, dezaktivatsiyalash, kodlash, trallash va h.k.
-lashtirish affiksli so‘z yasovchi model
-lash affiksli so‘z yasovchi model singari asosan ruscha-baynalmilal o‘zlashmalardan “hosil qiluvchi asosning nomi bilan atalgan ta’minot, asbob-uskuna, jihoz” (Danilenko 1977; 155) umumiy ma’nosini ifodalovchi terminlarni vujudga chiqaradi: avtomatlashtirish, kompyuterlashtirish, telefonlashtirish, elektrlashtirish, pasportlashtirish, gazlashtirish, robotlashtirish, formallashtirish, liberallashtirish, atomlashtirish, kodlashtirish, niqoblashtirish, mexanizatsiyalashtirish va h.k.
-cha affiksli so‘z yasovchi model
O‘zbek tili grammatikasiga doir asarlarda –cha ot turkumli so‘zlarning kichraytirish – erkalash shaklini yasovchi mahsuldor, urg‘uli affiks tarzida baholanadi ( Kononov 1960;162; Mirzayev, 1978;112).
Ba’zi bir ishlarda mazkur affiksning so‘z yasovchi qo‘shimcha ekanligi faktik materiallar ko‘magida isbotlangan. Kuzatilayotgan affiks (o‘ziyurar) aravacha, shponka ariqchasi, havo yostiqchasi, ko‘chma vagoncha (Doniyorov, 1977; 96), sichqoncha, (saf) maydoncha(si), zarracha kabi bir qator fan-texnika sohasi terminlarini hosil qilishda qatnashadi.
Biologiya terminlari sistemasida –cha ishtirok etgan ayrim terminlar faol qo‘llanadi: miyacha, qalpoqcha, katakcha, tangacha, tayoqcha, pufakcha, teshikcha, qiltiqcha, kokilcha va h.k. (Olimxo‘jayeva, 1990; Rahimova, 2007).
-boz affiksli so‘z yasovchi model
Ushbu model ilmiy terminologiya tizimida asl o‘zbekcha (turkiy), arabcha, forscha-tojikcha hamda ruscha-baynalmilal leksik birliklardan oz holatlarda biror narsa bilan qiziquvchi shaxs nomini anglatuvchi terminlarni yuzaga chiqaradi: buyruqboz, mushakboz, safsataboz, miltiqboz, ishqiboz, xotinboz, guruhboz va h.k.
- goh affiksli so‘z yasovchi model
O‘zbek adabiy tili tarkibiga fors-tojik tilidan juda barvaqt o‘zlashgan –goh affiksi ishtirokida yuzaga kelgan bu model asosdan anglashilgan voqea-hodisa sodir bo‘luvchi o‘rin, joy nomini ifodalaydi: janggoh, askargoh, lashkargoh, qo‘nimgoh, o‘rdugoh, qarorgoh va h.k.
-don affiksli so‘z yasovchi model
Fors-tojik tilidan o‘zlashgan suffiksli ushbu model:
asosdan ifodalangan tarzda biror narsa saqlanadigan idish, narsani ifodalaydi: tuxumdon, olovdon, o‘qdon, kuldon, siyohdon, bachadon va h.k;
shaxsga xos sifat, xususiyat, fazilatni tavsiflovchi sifat-terminlarni hosil qiladi: hisobdon, bilimdon va h.k. Ba’zi bir ilmiy asarlarda o‘zbek tilida ikkita –don affiks-omonimining mavjudligi haqida fikr bildirilgan (Tursunov, 1965).
-dor affiksli so‘z yasovchi model
Fors – tojik tilining elementi bo‘lmish –dor suffiksli nisbatan sermahsul model:1) shaxs nomi: bayroqdor, nishondor; 2) mavjudlik, egalik sifatlarini yasashda qatnashadi: zarbdor; mahsuldor, chiqimdor (Usmonov, O.1975; 51-56), hissador, aybdor, qarzdor, mansabdor,
puldor, mulkdor va h.k.
-dosh affiksli so‘z yasovchi model
Mazkur qolip terminlar hosil qilishda mahsuldor bo‘lib:
ijtimoiy sharoit, umumiy turmush, hamkorlik, hamdo‘stlik ma’noli shaxslar nomini ifodalovchi ot-terminlar yasaydi: yurtdosh, maslakdosh, quroldosh, kursdosh, polkdosh, frontdosh, sinfdosh, vatandosh va h.k.;
boshlang‘ich, dastlabki asosdan kelib chiqqan sifat, xususiyatni anglatuvchi terminlarni shakllantiradi: jinsdosh, ohangdosh, yo‘ldosh (tib. platsenta) va h.k.;
ba’zi bir tilshunoslik terminlarini voqelantiradi: sifatdosh, ravishdosh, undosh, shakldosh, o‘zakdosh, uyadosh, ma’nodosh, turdosh va h.k.
Mazkur model o‘zbek tili texnika terminlarini yasashda qatnashmaydi. Ammo botanika terminlari tizimida o‘ta sermahsulligi bilan ajralib turadi: chinniguldosh, ayiqtovondoshlar, boshoqdosh, chuchmomadoshlar, ziradosh, ra’nodosh, tokdosh, gulnavshodadosh va h.k.
-do‘z affiksli so‘z yasovchi model
Forscha-tojikcha –do‘z suffiksli mazkur kammahsul model biror-bir narsa, buyumni tikuvchi shaxs nomini bildiradi: mo‘ynado‘z, etikdo‘z, kavushdo‘z, yelkando‘z va h.k.
-kar, -kor //-gar/ -gor affiksli so‘z yasovchi model
Fors-tojik tilidan kirib kelgan ushbu suffiksli model yordamida muayyan kasb-hunar egasini anglatuvchi terminlar yasaladi: chilangar, zargar, da’vogar, sholikor, javobgar, tadbirkor, tajovuzkor (Usmonov 1975; 51-56), bastakor, qasoskor, hamkor va h.k.
-kash affiksli so‘z yasovchi model
Kelib chiqishi forscha-tojikcha hisoblanuvchi –kash affiksi ishtirokida yasalgan terminlar ma’lum kasb-hunar bilan mashg‘ul shaxsni ifodalaydi: chizmakash, arrakash, ko‘chirmakash, tarafkash va
h.k. O‘zbek tili texnika terminlarini hosil qilishda o‘ta kammahsuldir.
– noma affiksli so‘z yasovchi model
Forscha-tojikcha so‘z-affiksli ushbu model asosan hujjat, yozuv, xat, hujjat nomi namunasi ma’nosini anglatadigan terminlarni yasaydi(URSl 1988;723): bayonnoma, vasiyatnoma, guvohnoma, ahdnoma, shartnoma, ma’lumotnoma, axborotnoma, shahodatnoma, sulhnoma, pandnoma, aybnoma, dalolatnoma va h.k.
-parast affiksli so‘z yasovchi model
Fors-tojik tiliga tegishli suffiks yordamida voqelangan ushbu model shaxsni nomlovchi terminlarni hosil qiladi: amalparast, butparast, insonparast, shaxsiyatparast, xudoparast, aqidaparast, shahvatparast, qonunparast, hokimiyatparast va h.k.
-parvar affiksli so‘z yasovchi model
Fors-tojik tilidan o‘zlashgan –parvar suffiksi ishtirokida reallashgan bu kammahsul model shaxs otini anglatuvchi oz sonli terminlarni yasaydi: yetimparvar, vatanparvar, insonparvar, xalqparvar, sulhparvar, yurtparvar va h.k.
-soz affiksli so‘z yasovchi model
Forscha-tojikcha –soz suffiksli mazkur so‘z yasovchi model shaxs nomini ifodalovchi ot-terminlar yasashda nisbatan faolligi bilan ajralib turadi. –soz suffiksi qatnashuvi bilan hosil qilingan qator derivatlarning o‘zbek tili texnika terminlari tizimida nisbatan faol qo‘llanishi kuzatiladi:: samolyotsoz, kemasoz, ko‘piriksoz, soatsoz, traktorsoz, raketasoz, vertolyotsoz, metallsoz, asbobsoz, vagonsoz, stanoksoz, qurolsoz, robotsoz va h.k.
– furush affiksli so‘z yasovchi model
Fors-tojik tiliga xos –furush suffiksi ko‘magida voqelangan mazkur kammahsul model o‘rni bilan shaxs otini anglatuvchi terminlar yasashda ko‘zga tashlanadi: vatanfurush, og‘ufurush, tamakifurush, odamfurush, nashafurush, nosfurush, xotinfurush, valyutafurush va h.k.
-xo‘r affiksli so‘z yasovchi model
Bu kammahsul model ba’zan: 1) shaxsni: odamxo‘r, araqxo‘r, tekinxo‘r; 2) hayvonlarni ifodalovchi termin(zoonim)larni yasashda qatnashadi: arixo‘r(lar), asalxo‘r, morxo‘r, chumolixo‘rlar, go‘shtxo‘r, o‘txo‘r va h.k.
-shunos affiksli so‘z yasovchi model
Kelib chiqishi nuqtayi nazaridan forscha-tojikcha hisoblanuvchi – shunos suffiksli bu qolip o‘zbek tili terminologiyasi tarkibida aksariyat rus tilidagi ikkinchi komponenti –ved suffiksli yasamalarga mos tushuvchi, mazmunan shaxs nomini ifodalovchi terminlarni shakllantiradi (Kononov1960;110): qonunshunos (pravoved), sharqshunos (vostokoved), mashinashunos (spetsialist po mashinam), ruhshunos (psixolog), xitoyshunos (kitayeved), tilshunos (yazikoved), eronshunos (iranist), matnshunos (tekstolog), siyosatshunos (politolog), huquqshunos (yurist), hayvonshunos, tabiatshunos va h.k.
Dostları ilə paylaş: |