Atmosfera havosining ekologik-xuquqiy talablarini umumiy qoidalari. Atmosfera havosining o’ziga xos xususiyati-doimo harakatda bo’lishi va uni biron-bir sub‘ekt tomonidan mulk sifatida o’zlashtira olish imkoniyatining yo’qligi Shuning uchun ham
«Atmosfera havosini muhofaza qilish to’g’risida»gi qonunning 1-moddasida u davlat mulki deb e‘tirof qilinmagan. Atmosfera havosi- umuminsoniyat boyligi, desak aslo mubolag’a bo’lmaydi. Ekologik xuquqning boshqa manbalaridan farqli, unda ko’proq xalqaro xuquq me‘yorlarini aks ettirish maqsadga muvofiqligi ham aynan ushandadir.
Konstitutsiyamizning 50-moddasi va mazkur Qonunning 4-moddasiga ko’ra, fuqarolar o’z hayoti davomida qulay atmosfera havosiga ega bo’lish xuquqi va uni saqlash sohasida imperativ majburiyatlarga egadirlar. Davlat o’zining vakolatlangan organlari (Vazirlar Mahkamasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qumitasi, mahalliy davlat hokimiyati) orqali atmosfera havosini muhofaza qilish soxasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiradi.
Atmosfera havosini muhofaza qilish standartlari va me‘yorlari Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Agarda kishilarga salbiy ta‘sir ko’rsatuvchi atmosfera havosi standarti Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan o’rnatilgan, iqlim, ozon qatlami va boshqa havo standartlari Tabiatni muhofaza qilish davlat qumitasi tomonidan o’rnatiladi. Atmosfera havosi sifatining me‘yorlari Davlat standartlari boshqarmasi, Sog’liqni saqlash vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qumitasi tomonidan quyidagi ko’rsatkichlar bo’yicha belgilanadi:
atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlarning inson va atrof tabiiy muhit ob‘ektlari (tirik organizmlar) uchun yo’l qo’yiladigan darajada to’planishi;
fizik omillar atmosfera havosiga akustik, elektromagnit, ionlashtiruvchi hamda boshqa xil zararli ta‘sir ko’rsatishining inson va atrof tabiiy muhit ob‘ektlari uchun yo’l qo’yiladigan darajalari;
ayrim mintaqalar yoki ekologik inqirozli hududlar uchun alohida me‘yorlarning belgilanishi ham mumkinligini Qonun alohida e‘tirof etadi. CHunki Orol va Orol bo’yi, Surxondaryoning shimoliy hududlarida atmosfera havosida tuz, fenol, ftor va uglerod oksidining ko’payishi tegishli moddalar bo’yicha atmosfera havosini ifloslantirish me‘yorlarini juda qattiq me‘yorlanishiga sabab bo’ladi.
Doimiy manbalardan atmosfera havosiga zararli ta‘sir ko’rsatish me‘yorlari alohida o’rnatiladi. Ularni Sog’liqni saqlash vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qumitasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. O’zbekistonda atmosferaga 150 turdagi ifloslantiruvchi moddalar chiqariladi. Xavflilik darajasiga qarab ular sinflarga ajratiladi. 1-sinf moddalariga: og’ir metallar, vanadiy, benzapiren, ozon, mishyak va shu kabilar kiradi. 2000
yilga kelib doimiy zararli ta‘sir ko’rsatish manbalari 1971 tonnaga yetgan. Tozalagichlarning 85% me‘yor holda faoliyat yuritmoqda. Qolganlarida ularning o’rnatilishi yoki yangisi bilan almashtirilishi talab etiladi.
Yangi qonunning o’ziga xos tomonlaridan yana biri atmosfera havosidan foydalanishga doir me‘yorlarning o’rnatilishidadir. Ushbu foydalanish me‘yorlari ko’chma manbalar, doimiy ifloslantiruvchi manbalar, fizik omillar bo’yicha alohida o’rnatilgan. Me‘yorlarning eng yuqori ko’rsatkichlari atmosfera havosining tabiiy tarkibining o’zgarishiga olib kelmaydigan darajada belgilanadi. Atmosfera havosidan foydalanish me‘yorlari, korxona muassasa, tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi va Tabiatni muhofaza qilish davlat qumitasida tasdiqlanadi.
Ko’chma manbalardan atmosfera havosiga zararli ta‘sir ko’rsatish me‘yorlari Tabiatni muhofaza qilish davlat qumitasi va Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilab qo’yiladi. Ayniqsa, bu o’rinda Yangi qonun avtomobil, traktor, tramvay, trolleybus, samolyot, poezdlar tomonidan chiqariladigan tovushlarga birinchi bor alohida e‘tiborni qaratgan. Rivojlangan G’arb mamlakatlarida harakatdagi texnika manbalarining tovushi uni milliy hududda yurishi, uchishi va suzishiga ruxsat berilishini belgilovchi bosh me‘yordir. Ushbu talablarga davob berish uchun ham O’zbekiston shovqinsiz UzDEU avtomashinalarini ishlab chiqmoqda, A- 300, Boing-474 kabi samolyotlarni sotib olmoqda. Ular barcha ekologik me‘yorlarga javob beradi va dunyoning barcha chekkalarida ushbu texnikalardan foydalanish imkonini yaratadi.
Doimiy ifloslaniruvchi manbalardan atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar hamda biologik organizmlarni chiqarish va foydalanishni tartibga solish Tabiatni muhofaza qilish davlat qumitasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalarga binoan yo’l qo’yiladi.
Qonunning 14-moddasida barcha turdagi yoqilg’i va yonilg’i-moylash materiallarini standartlashtirish talabi o’rnatilgan. Bu degan so’z Energetika vazirligiga qarashli issiqlik stantsiyalari isitish va sanoat qozonlarida yoqilg’ini ishlatishni «Uzneftgaz» korporatsiyasi bilan kelishgan tarzda, muayyan standartlarga muvofiq ravishda olib boradi. Yoqilg’i va yonilg’i-moylash materiallarining talabi Farg’ona va Shurtangaz zavodlarida jaxon standartlariga moslashtirilishi shart. Standartlarni o’rnatish va nazorat qilish juda serchiqim tadbir bo’lib, u mazkur korxonalar tomonidan Tabiatni muhofaza qilish qumitasi bilan kelishilgan tarzda olib boriladi. Tabiatni muhofaza qilish davlat qumitasining ma‘lumotlariga ko’ra, shahar va aholi qo’rg’onlarida atrof-muhitning ifloslanishi, avvalombor, yoqilg’i materiallari sifatining yomonligi va motor yoqilg’isining tarkibida oltingugurtning ko’pligida, deb xulosalangan. Yaqin kelajakda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi etilsiz yoqilg’ilarni ishlab chiqarish niyatida. Ana ushanda Yevropa, Yaponiya, Amerikada bo’lgani kabi O’zbekistonda ham atmosfera havosi nisbatan musaffolashadi, degan niyatdamiz.
Sobiq Ittifoq hududida mustaqil respublikalarning paydo bo’lishi, ularda yaxshi amallarning ko’payishi bilan bir qatorda, noekologik oqibatlarni ham keltirib chiqardi. Bunga misol qilib rivojlangan mamlakatlardan keltirilgan eski avtomobil parkining to’planishi va ularni nosoz ekspluatatsiya qilinishi. 1997 yildan boshlab, Ushbu holat O’zbekiston uchun qo’llanilmadi. Birinchi navbatda, «Atmosfera havosini muhofaza qilish to’g’risida»gi qonunda chetdan olib kiriladigan mashinalarga katta talablarning qo’yilishi (15-modda) va bojxona to’lovlarining ko’paytirilishi. IIV, DYXXBB va Tabiatni muhofaza qilish davlat qumitasi respublika hududida xalqaro standartlarga mos ravishda avtomobillarga oid ekologik me‘yorlarni tatbiq qilishga kirishgan.
Suveren O’zbekiston Respublikasining ekologik qonunchiligida katta o’zgarishlar sodir bo’ldi. Chunki Asaka, Samarqand, Urganch shaharlarida yengil va yuk avtomashinalari, Toshkentda esa samolyot, traktor va boshqa qishloq xo’jalik mashinalari ishlab chiqarila boshlandi. Qonunning 16-moddasi aynan transport va boshqa qatnov vositalari hamda qurilmalarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanishning ekologik talablarini o’rnatdi.
Ushbu talablarga javob bermaydigan texnik vositalarni ishlab chiqarish taqiqlanadi. Xuddi ana shunday ekologik talab bundan buyon avtoservis xizmatlari uchun ham qo’llaniladigan bo’ldi (17-modda). Avtoservislarda, albatta, atmosferaga chiqariluvchi gazlarni va ovozni tekshirish bo’yicha diagnostika va tuzatish asboblari hamda mutaxassislarning bo’lishi talab etiladi. Qonunning 22-moddasida transport magistrallarida avtomobillarni nazorat qilish uchun yuridik asos yaratildi. Bu me‘yor ham atmosfera havosini muhofaza qilishning xalqaro standartlariga mos tushadi.
Atmosfera havosining ekologik-xuquqiy me‘yorlari. Ma‘lumki, O’zbekiston Respublikasining Navoiy, Qo’qon, Chirchiq, Namangan, Buxoro kabi o’nlab shaharlarida yirik kimyoviy, neft-kimyoviy, gaz-kimyoviy korxonalar mavjud. «Atmosfera havosini muhofaza qilish to’g’risida»gi qonunning 18-moddasida kimyoviy moddalarni ishlab chiqaruvchi va ulardan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar uchun yo’l qo’yiladigan me‘yorlar belgilangan, ularni nazorat qilish usullari va ekologik –toksikologik pasportlarini Tabiatni muhofaza qilish davlat qumitasi va Sog’liqni saqlash vazirligi belgilangan tartibda ishlab chiqilishi ko’rsatilgan. Ishlatish taqiqlangan yoki ishlatishga yaroqsiz bo’lib qolgan har qanday kimyoviy moddalarning zararsizlantirilishi, borlarini esa xalq xo’jaligida va ayniqsa, qishloq xo’jaligida foydalanishning qattik me‘yorlari o’rnatilishi talab etiladi. Yangi Qonun atmosfera havosini muhofaza qilish maqsadida osmondan turib (samolyot yoki vertolyot kabi uchuvchi vositalar yordamida) defolyatsiya yoki dezintikatsiya qilishni taqiqlaydi.
Ozon qatlamini muhofaza qilishga doir Vena konventsiyasi va ozon qatlamini buzuvchi moddalarga doir Monreal protokoliga qo’shilgan O’zbekistonda, ozon qatlami Atmosfera havosini ekologik-xuquqiy muhofaza qilishning maxsus ob‘ekti sifatida qaraladi. Qonunning 19-moddasiga muvofiq, ozonni buzuvchi moddalar bo’lgan buyumlardan foydalanuvchi va ularni ta‘mirlovchi korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar bunday moddalarni hisobga olishi va ozon uchun xavfsiz moddalar bilan almashtirilishini ta‘minlashlari lozim. Bu o’rinda freon moddasi ishlatiladigan muzlatgich va konditsionerlarni ta‘mirlovchi maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalarining ishini tartibga solish alohida ahamiyat kasb etadi.
Ilgarilari yer qa‘ridan foydali qazilmalarni qazib olish, texnogen tashlandiqlarni saqlash ishlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablari o’rnatilmagan edi. Yangi taxrirdagi «Yer osti boyliklari to’g’risida»gi qonunning IV bobi 35,40-moddalariga binoan, yer qa‘ridan va uning xosilalaridan foydalanishda, atmosfera havosining ifloslanishiga olib keluvchi ishlarning taqiqlanishi, mas‘uliyatli shaxslarning esa majburiyatlari qonun bilan tartibga solinishi belgilab qo’yilgan. «Atmosfera havosini muhofaza qilish to’g’risida»gi qonunning 21-moddasiga muvofiq, shahar va aholi punktlari hamda ularning atrofida texnogen hosilalarni tashkil etish va tashlandiq chiqitlarni joylashtirish man etiladi. Aholi soni va iqlim sharoitlariga ko’ra, aholi punktlarida tegishli maydonlarda muhofaza zonalari o’rnatiladi.
Atmosfera havosini muhofaza qilish Yangi Qonun barcha xo’jalik faoliyati, agarda u atmosfera havosiga ta‘sir etishi mumkin bo’lsa, ekologik sertifikatsiyalanadi. Ekologik sertifikatsiyalash kashfiyotlar, ixtirolar, sanoat namunalari, texnika va texnologiyalarni joriy etish paytida ham qo’llaniladi. Bu talab O’zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldidagi burchi hisoblanadi.
Korxona, tashkilot va muassasalar atmosfera havosini ekologik-xuquqiy muhofaza qilish soxasida 4-rasmda bayon etilgan talablarni bajarishga majburdirlar. Aks holda ularning faoliyatlari to’xtatilishi, bekor qilinishi va xuquqbuzar shaxslar tegishli yuridik javobgarlikka tortilishlari mumkin.