3. Prezident davlat boshlig‘i sifatida xalqaro munosabatlar sohasida muhim vakolatlarga ega. Bunda u muhim vakillik funksiyasini bajaradi. Bu funksiyani u yakka o‘zi shaxsan amalga oshiradi.
Prezident mamlakat ichida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish yuritadi.
Prezident xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining vakilidir. Bu yerda Prezident O‘zbekiston Respublikasini xalqaro munosabatlari subyekti, suveren va mustaqil mamlakat sifatida namoyon qiladi. Bu shuni anglatadiki, faqat Prezidentgina shartnoma va bitimlarga imzo chekishi, muzokaralarda O‘zbekiston nomidan qatnashishi, Respublikaning xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma va bitimlari qonun qabul qilish orqali O‘zbekiston Oliy Majlis palatalari tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak. Xalqaro shartnoma va bitimning ratifikatsiya qilinganligi ratifikatsiya yorlig‘i bilan tasdiqlanadi. Ratifikatsiya yorlig‘iga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzo chekadi. Ikki tomonlama shartnoma va bitimlar tuzilganda uning ishtirokchilari ratifikatsiya yorliqlarini almashadilar. Ko‘p tomonlama shartnomalarda ratifikatsiya yorlig‘i depozitariy davlatga yoki xalqaro shartnoma matnini saqlovchi xalqaro tashkilotga berib qo‘yiladi.
Prezidentning tashqi siyosat sohasidagi muhim vakolatlari jumlasiga qo‘yidagilar kiradi: Akkreditatsiyadan o‘tgan elchilar va boshqa diplomatik vakillarga ishonch va chaqirib olish yorliqlarini topshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatiga O‘zbekiston Respublikasining chet el davlatlari va xalqaro tashkilotlardagi elchilari va boshqa diplomatik vakillari nomzodlarini tayinlash va vazifasidan ozod qilish to‘g‘risida taqdim kiritadi.
Yorliqlar topshirilayotganda, odatda tashqi ishlar vaziri qatnashadi. Diplomatik vakil o‘zining nomini, davlatning nomini, davlat boshlig‘ining nomini aytadi, yorliqni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga topshiradi. Ko‘pincha yorliqlar topshirish uchun bir nechta yangi elchilar yig‘ilishadi. Yorliqlar topshirilgach, O‘zbekiston Prezidenti yangi elchi bilan qisqacha suhbatlashadi. Prezidentning ishonch yorlig‘ini qabul qilishi shuni anglatadiki, tayinlangan va O‘zbekiston Respublikasiga kelgan xorijiy davlat elchisi yoki diplomatik vakil yoxud xalqaro tashkilot vakili akkreditatsiyadan o‘tgan, ya’ni rasmiy ravishda mamlakatimizda o‘z majburiyatlarini bajarishga kirishgan deb hisoblanadi.
Xorijiy davlat elchisi yoki xalqaro tashkilot hamda xorijiy davlatning diplomatik vakili funksiyasini bajarishining to‘xtatilishi Prezidentga chaqiruv yorlig‘ini topshirish orqali rasmiylashtiriladi.
Chet el davlatlarida O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatlarining boshliqlarini tayinlash va chaqirib olishning tartibi "Xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalarining boshliqlarini tayinlash va ularni chaqirib olish to‘g‘risida" gi 1992 yil 3 - iyuldagi qonun bilan belgilanadi. Bu qonun " Diplomatik aloqalar to‘g‘risida" gi 1961 yilgi Vena konvensiyasi hamda boshqa umume’tirof etgan xalqaro - huquqiy normalar va qoidalarga to‘la mos keladi.
Xorijiy davlatdagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasining boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimi bilan Senat tomonidan tayinlanadi. Diplomatik vakolatxona boshlig‘i lavozimiga nomzodni Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor organlarning kelishuvini olgan holda tavsiya etadi. Favqulodda va muxtor elchi yoki favqulodda va muxtor vakilning belgilangan mamlakatga jo‘nab ketishidan oldin Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzo chekkan va tashqi ishlar vazirining imzosi qo‘yilgan, belgilangan davlat boshlig‘iga berish uchun mo‘ljallangan ishonch yorlig‘ini tayyorlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonasining boshlig‘ini chaqirib olish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
birinchidan, diplomatik vakolatxona boshlig‘i almashtirilganda;
ikkinchidan, diplomatik vakolatxona boshlig‘i nomaqbul shaxs (person non grata) deb e’lon qilinganda;
uchinchidan, davlatlar o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar uzilganda;
to‘rtinchidan, davlatlar o‘rtasida urush holati e’lon qilinganda;
beshinchidan, davlat xalqaro huquq subyekti sifatida mavjudligini tugatganda.