[
OKOZ:
1.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.07.00 Keksa yoshdagi shaxslar va nogironlarga tibbiy yordam ko‘rsatish / 14.01.07.01 Tibbiy hujjatlar]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sog‘liqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SOG‘LIQNI
SAQLASh VAZIRINING
buyrug‘i
Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 17-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2667]
O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi hamda “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 20-mart,
25-son
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2015-yil 20-martdagi 25-son buyrug‘iga
ILOVA
Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi
YO‘RIQNOMA
Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-iyuldagi 195-son “Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga, nogironlikni va kasbiy mehnatga layoqat yo‘qotilishi darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi shaxsni ishdan ozod qilish, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi yoki homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lash uchun asos bo‘ladigan hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bilan kechadigan kasallanishning hisobi yuritiladigan hujjat hisoblanadi.
Fuqarolarning kasalligi, shikastlanganligi, homiladorligi, tuqqanligi, oilaning betob a’zosini parvarishlaganligi, protez qo‘ydirganligi, sanatoriy-kurortda davolanganligi, shuningdek sog‘lig‘i holatiga ko‘ra boshqa ishga o‘tkazish uchun va karantin tufayli mehnatga vaqtincha layoqatsizligini ekspertiza qilish natijalariga ko‘ra aniqlangan mehnatga vaqtincha layoqatsizligi mehnatga layoqatsizlik varaqasi bilan tasdiqlanadi.
2. Mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi shaxsni ishdan (o‘qishdan) ozod qilish uchun asos bo‘ladigan hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bilan kechadigan kasallanishning hisobi yuritiladigan hujjat hisoblanadi.
3. Quyidagilar mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi bilan tasdiqlanadi:
o‘quvchi, talaba, magistrant, klinik ordinator va katta ilmiy xodim-izlanuvchilarning o‘qishga vaqtincha layoqatsizligi;
alkogolga qaramlik natijasidagi
kasalliklar va jarohatlar, shuningdek mastlik natijasida olingan jarohatlar;
xodimlarni davriy profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi;
harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni ambulatoriya yoki statsionar sharoitda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi;
kasallikning kelib chiqishi kasb bilan bog‘liqligini aniqlash yuzasidan tekshiruv o‘tkazilganligi;
ayblanuvchi yoki sudlanuvchining sud ajrimi bilan tibbiy muassasaga joylashtirilganligi;
ambulatoriya sharoitida o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning parvarishga muhtojlik davri o‘n to‘rt kalendar kundan oshganligi.
4. Mehnatga layoqatsizlik varaqalari va mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomalari, qoida tariqasida, davlat sog‘liqni saqlash tizimi, shu jumladan, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlariga qarashli davolash-profilaktika muassasalarining davolovchi shifokorlari tomonidan beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlariga tegishli davolash-profilaktika muassasalari mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertiza qilish yoki tibbiy-ijtimoiy ekspertiza bo‘yicha yetarli malakali xodimga ega bo‘lgan taqdirda, mehnatga layoqatsizlik varaqalari va mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomalari berishga haqli. Bunda sog‘liqni saqlashning xususiy tizimidagi davolash-profilaktika muassasasi statsionar sharoitda faoliyat yuritayotgan bo‘lishi zarur.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 9-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 2667-3, 15.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 10/21/2667-3/0675-son)
6. Quyidagi muassasalarning shifokorlari mehnatga layoqatsizlik varaqasi berishga haqli emas:
tez tibbiy yordam va qon bilan ishlash xizmati;
shifoxonalarning qabul bo‘limlari;
sud-tibbiy ekspertiza muassasalari;
pansionat va sanatoriy-kurortlar, sil kasalliklari sanatoriyalari bundan mustasno;
fizioterapiya, davolash fizkulturasi va sport tibbiyoti ixtisosliklari bo‘yicha tibbiy muassasalar.
7. Olis hududlardagi davolash profilaktika muassasalarida bitta davolovchi shifokor faoliyat ko‘rsatgan taqdirda, ushbu shifokor Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari (bundan buyon matnda sog‘liqni saqlash boshqarmalari deb yuritiladi) boshliqlarining buyrug‘iga asosan bir oygacha bo‘lgan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi berishi mumkin.
8. Mehnatga layoqatsizlik varaqalari
ishlamaydigan shaxslarga, ish haqi saqlanmagan holda mehnat ta’tilida bo‘lgan shaxslarga (mazkur Yo‘riqnomaning 29-bandi uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollardan tashqari) va harbiy xizmatchilarga berilmaydi.
Mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 67-moddasida nazarda tutilgan hollarda bekor qilingandan, harbiy xizmatchi muddatli harbiy xizmat safidan bo‘shatilgandan keyin bir oy ichida mehnatga vaqtincha layoqatsizlik vujudga kelgan bo‘lsa, mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
2-bob. Kasallik va shikastlanganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqalari yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomalari berish
9. Kasallik va shikastlanganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi mehnatga layoqatsiz shaxs murojaat qilgan yoxud davolangan davolash-profilaktika muassasasi tomonidan mehnatga layoqatsizlik aniqlangan kundan boshlab beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi o‘tkazib yuborilgan kunlarga berilmaydi. Mazkur Yo‘riqnomaning 14-bandi, 15-bandining birinchi xatboshisi, 25-bandi, 37-bandi hamda 46-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2020-yil 11-maydagi 117-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2667-2, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/2667-2/0765-son)
Ish kuni yoki o‘qish tugaganidan so‘ng murojaat qilinganda mehnatga layoqatsizlik aniqlansa, mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi murojaat qilingan kuni, lekin ish yoki o‘qishdan keyingi kalendar kunidan ozod etilgan holda rasmiylashtiriladi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi bemor shifokor tomonidan shaxsan ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng mehnatga layoqatsizlik aniqlanganda beriladi. Tashxis klinik va obyektiv ma’lumotlar (shikoyatlar, obyektiv holat) hamda laborator-instrumental tekshiruvlar natijalari bilan tasdiqlanadi va tibbiy hujjatlarda qayd qilinadi.
10. Ambulatoriya sharoitida davolanishda davolovchi shifokor yakka o‘zi besh kalendar kunigacha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi berish huquqiga ega.
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik besh kalendar kunidan oshganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasining muddati davolovchi shifokor va bo‘lim mudiri tomonidan har safar o‘n kalendar kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.
11. Mehnatga layoqatli shaxslarga tekshiruv va davo muolajalari ishdan (o‘qishdan) bo‘sh vaqtlarda amalga oshiriladi. Ushbu holatda mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi berilmaydi.
Ish (o‘qish) vaqtida ayrim tekshiruvni kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda yoki murakkab tekshiruvlar (endoskopiya, kolonoskopiya va boshqalar) o‘tkazilganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi tekshiruv o‘tkazilgan kunga (kunlarga) beriladi.
12. Xizmat safari, mehnat ta’tili va boshqa sabablarga ko‘ra yashash joyida bo‘lmagan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi bemor vaqtincha bo‘lgan joydagi davolash-profilaktika muassasasi tomonidan bosh shifokor ruxsati bilan beriladi. Bemorning ahvoli yaxshilangach, davolanganligi to‘g‘risida ambulator kartasidan ko‘chirma berilgan holda doimiy yashash joyiga yuboriladi.
13. Travmatologik va shoshilinch tibbiy yordam punktlari, shuningdek vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardagi tibbiy vrachlik punktlari shifokorlari uch kalendar kunigacha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi berish huquqiga ega. Ushbu shifokorlar tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi hududiy yoki mazkur tashkilotga xizmat ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasasi tomonidan uzaytirilishi mumkin.
14. Bemor tungi vaqtda tibbiy punktdagi feldsherga murojaat qilganda, unga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilganligi to‘g‘risida erkin shaklda ma’lumotnoma beriladi va tegishli davolash-profilaktika muassasasiga yuboriladi. Ushbu holatda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik holati aniqlanganda, tegishli davolash-profilaktika muassasasi tomonidan bemor tibbiy punktga murojaat qilgan kundan boshlab mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi beriladi.
15. Statsionar yoki uning qoshidagi kunduzgi statsionarda davolangan bemorlarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi davolovchi shifokor hamda bo‘lim mudiri tomonidan davolanishning barcha davri uchun bemorning shifoxonadan chiqish paytida bir yo‘la beriladi.
Statsionar yoki uning qoshidagi kunduzgi statsionarda davolangan bemorning mehnat qobiliyati tiklanmagan taqdirda davolovchi shifokor hamda bo‘lim mudiri tomonidan bemorga hududiy yoki boshqa davolash-profilaktika muassasalariga murojaat qilishi uchun uch kalendar kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilgan va yopilmagan holda mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi beriladi.
Poliklinika qoshidagi kunduzgi hamda uydagi statsionarda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi umumiy asosda rasmiylashtiriladi.
16. Tez-tez va uzoq kasallanuvchi bemorlarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi davolash-profilaktika muassasasi bosh shifokorining buyrug‘i asosida biriktirilgan shifokor tomonidan beriladi va bu haqda yozma ravishda bemorga va uning ish (o‘qish) joyiga ma’lum qilinadi. Biriktirilgan shifokorning sohasiga tegishli bo‘lmagan kasallik aniqlanganda, mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi tegishli mutaxassis bilan birgalikda beriladi (uzaytiriladi).
Biriktirilgan shifokor ishda bo‘lmaganda bemorga mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi boshqa shifokor tomonidan bo‘lim mudiri yoki bosh shifokor bilan birgalikda beriladi.
17. OITSga qarshi kurashish markazlari va sil,
ruhiy-asab, narkologiya, teri-tanosil kasalliklari dispanserlari shifokorlari tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqalari vaqtincha mehnatga layoqatsizlikning barcha davriga beriladi.
OIV infeksiyasi, sil, ruhiy-asab, narkologiya, teri-tanosil kasalliklariga chalingan bemorlar umumiy yo‘nalishdagi davolash-profilaktika muassasalariga murojaat qilganda, mehnatga layoqatsizlik varaqasi uch kalendar kunigacha rasmiylashtiriladi va ixtisosligi bo‘yicha tegishli davolash-profilaktika muassasasiga yuboriladi.
18. Yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillar, o‘qish bilan bog‘liq ta’tillar va ijodiy ta’tillar vaqtida, shuningdek ishlaydigan pensionerlarning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi umumiy asoslarda beriladi.
Ishdan ajralmagan holda o‘qiyotgan yoki o‘qishdan bo‘sh vaqtda ishlayotgan shaxslarga bir vaqtning o‘zida mehnatga layoqatsizlik varaqasi va ta’lim olayotgan shaxslar uchun mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (095\x shakl) beriladi.
19. O‘rindoshlik asosida ishlovchi xodimga o‘rindoshlik bo‘yicha ishlaydigan ish joyiga taqdim qilishi uchun asosiy ish joyiga taqdim qilinadigan mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasining davolash-profilaktika muassasasi bo‘lim mudiri tomonidan tasdiqlangan nusxasi beriladi.
20. Alkogolga qaramlik natijasida kelib chiqadigan kasalliklar va jarohatlarda, shuningdek bemorning mastligi natijasida olingan jarohatlarda mastlik holati bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (094\x shakl) rasmiylashtiriladi.
Jarohat bemorning mastligiga bog‘liq bo‘lmagan holda olinganligi (yetkazilganligi) sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan tasdiqlanganda mastlik holati bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (094\x shakl) mehnatga layoqatsizlik varaqasiga almashtiriladi.
Mastlik holati bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasining (094\x shakl) amal qilish davrida o‘z xususiyatiga ko‘ra og‘irroq boshqa kasallik (miokard infarkti, xavfli o‘sma kasalligi, sil va boshqalar) vujudga kelganda, yangi kasallik aniqlangan kundan boshlab mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtiriladi.
21. Alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish mehnatga vaqtincha layoqatsizlikning davom etishiga sabab bo‘layotganligi aniqlanganda, mehnatga layoqatsizlik varaqasining “Tartibning buzilishi” satriga tegishli yozuv kiritilgan holda uning muddati shu kundan boshlab to‘xtatiladi va bemorga mastlik holati bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (094\x shakl) rasmiylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Quyidagi hollarda bemor tegishli tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga (keyinchalik matnda TIEK deb yuritiladi) yuboriladi:
(22-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 9-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 2667-3, 15.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 10/21/2667-3/0675-son)
aynan bir kasallik bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri uzluksiz to‘rt oyni tashkil qilsa,
sil kasalligi bundan mustasno;
aynan bir kasallik bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri tanaffus bilan o‘n ikki oy mobaynida jami olti oyni tashkil qilsa, sil kasalligi bundan mustasno;
sil kasalligi birinchi marta aniqlanganda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri kasallik aniqlangan kundan boshlab kamida o‘n oyni tashkil qilsa;
silga qarshi kurashish muassasasida hisobda turgan bemorda asosiy kasallik kuchaygan — vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boshlangandan keyin mehnatga layoqatsizlik davri kamida olti oyni tashkil qilsa.
Oldingi tahrirga qarang.
Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslar, shuningdek noxush klinik prognozli bemorlar yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muddatlar o‘tmasdan turib ham tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga yuborilishi mumkin. Ushbu shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga qabul qilish to‘g‘risidagi qaror TIEK raisi tomonidan qabul qilinadi.
(22-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 9-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 2667-3, 15.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 10/21/2667-3/0675-son)
Oldingi tahrirga qarang.
23. Ishlaydigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi kasallik uzluksiz kechganda ikki oygacha, tanaffus bilan kechganda o‘n ikki oy mobaynida jami uch oygacha bo‘lgan muddatga beriladi.
(23-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2019-yil 6-dekabrdagi 104-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2667-1, 25.12.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 10/19/2667-1/4230-son)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati va Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 6-apreldagi 170-son “Chernobil halokatidan ziyon ko‘rgan O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarni ijtimoiy himoyalash haqida”gi qaroriga asosan, ishlovchi Chernobil AESdagi halokat oqibatini bartaraf etish bilan bog‘liq holda nogiron bo‘lganlarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi uzluksiz to‘rt oygacha, tanaffus bilan o‘n ikki oy mobaynida jami besh oygacha beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Bemor TIEKga yuborilganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasining muddati bemor TIEKga yuborilgan kundan boshlab to‘xtatiladi. Mazkur bemorlar hujjatlari TIEKda qabul qilingan kundan boshlab ikki hafta muddatda tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi.
TIEK tomonidan nogironlik belgilanmagan, lekin vaqtincha mehnatga layoqatsiz deb topilgan shaxslarning mehnatga layoqatsizlik varaqasi davolash-profilaktika muassasasi tomonidan bemorning hujjatlari TIEKda qabul qilingan kundan boshlab uning mehnat qobiliyati tiklangunga qadar, ammo ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 9-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 2667-3, 15.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 10/21/2667-3/0675-son)
25. Chet elda vaqtincha bo‘lgan vaqtda kasallanganlik yoki chet elda davolanganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning davlat yoki rus tilidagi notarial tasdiqlangan tarjimasi taqdim qilinganda, mehnatga layoqatsizlikni tasdiqlovchi asoslarni inobatga olib, bemorning yashash yoki ish joyidagi davolash-profilaktika muassasasining vrachlik maslahat komissiyasi tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtiriladi.
26. O‘zbekiston Respublikasida ishlaydigan yoki o‘qiydigan chet el fuqarolariga mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi umumiy asosda beriladi. Ishlamaydigan yoki o‘qimaydigan chet el fuqarolariga tibbiy xizmat ko‘rsatilganda, ularga davolash-profilaktika muassasasi rahbari tomonidan imzolangan va muhrlangan kasallik tarixi yoki ambulator kartadan batafsil ko‘chirma beriladi.
3-bob. Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqalari berish
27. Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning o‘ttizinchi haftasidan boshlab hududiy ambulator-poliklinikalarning, akusher-ginekolog (umumiy amaliyot shifokori) tomonidan bosh shifokor o‘rinbosari bilan birgalikda bir yo‘la bir yuz yigirma olti kalendar kuniga beriladi.
Tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda homiladorlik va tug‘ish ta’tilini uzaytirish uchun tug‘ruq muassasasi tomonidan yana o‘n to‘rt kalendar kuniga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
28. Homiladorlikning o‘ttizinchi haftasidan ilgari tug‘ish holatlarida mehnatga layoqatsizlik varaqasi tug‘ruq muassasasi tomonidan bola tug‘ilgan kundan boshlab quyidagi muddatlarga beriladi:
bola tirik tug‘ilganda — bir yuz yigirma olti kalendar kunga;
bola o‘lik tug‘ilgan yoki tug‘ruq muassasasidan chiqqunga qadar nobud bo‘lganda — yetmish kalendar kunga.
Homiladorlikning o‘ttizinchi haftasidan keyin murojaat qilinganda tug‘ishga qadar necha kun qolganidan qat’i nazar, mehnatga layoqatsizlik varaqasi murojaat qilgan kundan to‘liq bir yuz yigirma olti kalendar kuniga beriladi.
29. Tug‘ish vaqtida yoki tug‘ishdan keyingi davrda
ona vafot etgan kundan boshlab, tug‘ilgan bolani (bolalarni) parvarish qiluvchi shaxsga, bola tug‘ilgan kunidan e’tiboran ellik olti kalendar kuni, ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilganda yetmish kalendar kunigacha hududiy ambulator poliklinikasi tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Bevosita tug‘ruq muassasasi yoki boshqa muassasadan yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki bolaga vasiy qilib belgilangan shaxsga bola farzandlikka olingan (vasiylik belgilangan) kundan boshlab bola tug‘ilgan kundan e’tiboran ellik olti kalendar kungacha, ikki yoki undan ortiq bola asrab olingan taqdirda esa, yetmish kalendar kungacha hududiy ambulator poliklinika tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Bola ikki va uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’til yoki ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’tilda bo‘lgan ayollarning takroriy homiladorligi uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi umumiy asosda beriladi.
30. Davolash-profilaktika muassasasida homila sun’iy tushirilganda, shuningdek homila tushganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi mehnatga layoqatsizlikning butun davriga beriladi.
4-bob. Oilaning betob a’zosini parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomalari berish
31. Ambulatoriya sharoitida parvarishga muhtoj bo‘lgan o‘n to‘rt yoshdan katta bemorni parvarishlash uchun yetti kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Ushbu holatda mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemor bilan birga yashash yoki yashamasligi hamda mehnat ta’tilida ekanligidan qat’i nazar, bemorning oila a’zolari yoki qarindoshlaridan biriga beriladi.
32. Ambulatoriya sharoitida parvarishga muhtoj bo‘lgan o‘n to‘rt yoshga yetmagan bemor bolani parvarishlash uchun uning onasiga o‘n to‘rt kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Ona bo‘lmagan yoki betob bo‘lganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemor bilan birga yashash yoki yashamasligidan qat’i nazar, boshqa oila a’zolariga beriladi.
33. Ambulatoriya sharoitida o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning parvarishga muhtojlik davri o‘n to‘rt kalendar kunidan oshganda bola sog‘aygan yoki surunkali kasallikning remissiya davriga o‘tganga qadar bemor bolani parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (138\x shakl) beriladi.
Ushbu holatda bolaning oldingi kasalligiga bog‘liq bo‘lmagan yangi kasallik yuzaga kelsa yoki oilaning boshqa farzandi kasal bo‘lib qolsa, umumiy asoslarda mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtiriladi.
34. Bola statsionarga yuborilganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki bemor bolani parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (138\x shakl) bola statsionarga qabul qilingan kundan yopiladi. Agarda bola statsionardan chiqqandan keyin uning parvarishga muhtojligi davom etsa, statsionarga qabul qilingan kunga qadar berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasining kunlari chegirilgan holda mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki bemor bolani parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (138\x shakl) beriladi.
35. Oilada bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bola kasallikka chalinsa, ularni ambulatoriya sharoitida parvarish qilish bo‘yicha bitta mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki bemor bolani parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (138\x shakl) beriladi.
Oilada ikki va undan ortiq o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bola navbatma-navbat kasallikka chalinsa, mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki bemor bolani parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (138\x shakl) ularning har biri bo‘yicha alohida beriladi.
Agar birinchi bolaning kasalligi davrida boshqa bola kasallikka chalinsa, keyingi bolani parvarish qilish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi birinchi bola uchun berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi yopilganidan keyin, ushbu varaqa bo‘yicha mos tushgan kunlar chiqarib tashlangan holda beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
36. Ona yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs kasal bo‘lganda yoki boshqa farzandi bilan statsionarda bo‘lganda uch yoshga to‘lmagan sog‘lom bolani yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlash uchun qarindoshlariga hududiy poliklinikasi vrachlik maslahat komissiyasi tomonidan ona bo‘lmagan muddat uchun bir yo‘la o‘n to‘rt kungacha mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2019-yil 6-dekabrdagi 104-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2667-1, 25.12.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 10/19/2667-1/4230-son)
Oldingi tahrirga qarang.
37. Maktabgacha ta’lim tashkilotida yoki olti yoshga to‘lmagan bolaga o‘rnatilgan karantin davrida bolaga qarash uchun ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a’zosiga karantin belgilangan muddatga O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy bo‘linmalari tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
(37-band O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 9-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 2667-3, 15.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 10/21/2667-3/0675-son)
38. Statsionar sharoitda uch yoshga to‘lmagan bolani parvarishlash uchun qarovni ta’minlaydigan shaxsga davolashning barcha davriga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Statsionarda davolanish vaqtida bolaning kasalligi og‘ir kechgan hollarda davolovchi shifokor hamda bo‘lim mudirining bemor bola qo‘shimcha parvarishga muhtojligi to‘g‘risidagi xulosasiga asosan, ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a’zosiga qarovni ta’minlash uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
OIV infeksiyasini yuqtirgan bolaning ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a’zosiga bola shifoxonada yotgan barcha davr uchun bir yo‘la mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
39. Oilaning betob a’zosini parvarishlash bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi xodim mehnat ta’tilida bo‘lgan davrda ham umumiy asosda beriladi.
5-bob. Protez qo‘ydirganlik uchun mehnatga layoqatsizlik
varaqalari berish
Oldingi tahrirga qarang.
40. O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilititsiya qilish va protezlash hududiy markazlarida protez qo‘ydirgan shaxslarga bemorning markazda bo‘lgan barcha davri uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
(40-band O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 9-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 2667-3, 15.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 10/21/2667-3/0675-son)
6-bob. Sanatoriy-kurortda davolanganlik uchun mehnatga layoqatsizlik varaqalari berish
Oldingi tahrirga qarang.
41. 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilari va urushdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, sobiq baynalminalchi jangchilariga, Chernobil AES halokati oqibatlarini tugatishda qatnashgan shaxslarga, sil kasalligi bilan og‘rigan bemorlarga, shuningdek davolanish va yakka parvarishga muhtojligi to‘g‘risida tibbiy xulosa mavjud bo‘lganda o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaga hamroh bo‘lib boradigan ishlovchi ota-onalaridan biriga (vasiyga) vrachlik maslahat komissiyasi tomonidan sanatoriy-kurortda davolanishning barcha davriga (borish-kelish vaqtini hisobga olgan holda) mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
(41-band O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 9-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 2667-3, 15.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 10/21/2667-3/0675-son)
42. Sanatoriy-kurortda davolanish davrida kasallik (jarohat) tufayli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik yuzaga kelsa, ushbu muassasa shifokorining tavsiyasi asosida sanatoriy joylashgan hududdagi davolash-profilaktika muassasasi tomonidan vaqtincha layoqatsizlikning barcha davriga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
7-bob. Sog‘lig‘i holatiga ko‘ra boshqa ishga o‘tkazish uchun mehnatga layoqatsizlik varaqalari berish
43. Sil kasalligi yoki kasb kasalligiga chalinganligi sababli mehnat qobiliyatini vaqtincha yo‘qotgan shaxs davolanish tartibini buzmagan holda boshqa ishni bajarish imkoniga ega bo‘lsa, unga vrachlik maslahat komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 218-moddasiga asosan ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
44. Chernobil AES halokatidan ziyon ko‘rgan mehnat qobiliyatini vaqtincha yo‘qotgan shaxs davolanish tartibini buzmagan holda boshqa ishni bajarish imkoniga ega bo‘lsa, vrachlik maslahat komissiyasi tomonidan bemorning ish qobiliyati tiklangan yoki nogironlik belgilangan kungacha bo‘lgan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
8-bob. Karantinda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari berish
45. Bajarayotgan ishining xususiyatiga ko‘ra yuqumli, parazitar kasalliklarni tarqatish xavfini tug‘diradigan shaxslar ishdan chetlashtirilib, ish beruvchi tomonidan mumkin bo‘lgan ish bilan ta’minlanmaganda, davolanish davriga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
46. Bajarayotgan ishining xususiyatiga ko‘ra yuqumli, parazitar kasalliklarni tarqatish xavfini tug‘diradigan shaxslar ishdan chetlashtirilganda yoki atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan yuqumli va parazitar kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga, parazitar kasalliklar bilan zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan tibbiyot muassasasida karantinga olingan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda bo‘lgan to‘liq kunlariga tegishli davolash-profilaktika muassasasi tomonidan beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuqumli, parazitar kasalliklar bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuada karantinga olingan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda bo‘lgan to‘liq kunlariga O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy bo‘linmalari epidemiologi yoki sanitar vrachi tomonidan beriladi.
(46-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 9-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 2667-3, 15.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 10/21/2667-3/0675-son)
Uy sharoitida karantinga olingan shaxslarga hamda karantinga olingan shaxslarning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda bo‘lgan to‘liq kunlariga ularning yashash joyidagi poliklinika tomonidan beriladi.
(46-band O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2020-yil 11-maydagi 117-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2667-2, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/2667-2/0765-son)
Oldingi tahrirga qarang.
47. Karantin davrida mazkur Yo‘riknomaning 46-bandida nazarda tutilgan shaxslar tomonidan mehnatga layokatsizlik varaqasi ish beruvchiga elektron shaklda yuborilishi mumkin.
(47-band O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2020-yil 11-maydagi 117-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2667-2, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/2667-2/0765-son)
9-bob. Mehnatga layoqatsizlik varaqalari hamda mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomalarini rasmiylashtirish
48. Mehnatga layoqatsizlik varaqalari mazkur Yo‘riqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi.
Mastlik holati bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (094\x shakl) mazkur Yo‘riqnomaning 2-ilovasiga, ta’lim olayotgan shaxslar uchun mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (095\x shakl) 3-ilovasiga, bemor bolani parvarishlash uchun mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (138\x shakl) 4-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi. Ushbu Yo‘riqnomaning 2-bandida nazarda tutilgan boshqa holatlar bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomalari tibbiy hujjatlar asosida erkin shaklda beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
49. Mehnatga layoqatsizlik varaqalari va mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomalari pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi asosida, tuzatish va qisqartirishlarsiz, ko‘k yoki qora rangli ruchkada rasmiylashtiriladi.
(49-band O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 9-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 2667-3, 15.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 10/21/2667-3/0675-son)
50. “Yakuniy tashxis” satrida mehnatga vaqtincha layoqatsizlikka sabab bo‘luvchi kasallik sindrom va simptomlarsiz ko‘rsatilishi lozim.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi blankasining yuqori o‘ng qismida “Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha hisobot” shaklining satr raqamiga mos keladigan shifr qo‘yiladi.
“Tartib” satrida bemor davolanayotgan tegishli tartib (ambulator, statsionar, sanator va boshqa) ko‘rsatiladi.
“Tartibning buzilishi” satrida belgilangan tartib buzilganligi (qabulga belgilangan vaqtda kelmaslik, mastlik, man etilgan ishni bajarish, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida ruxsatsiz boshqa joyga jo‘nab ketish yoki ishga chiqish va boshqalar) haqidagi ma’lumotlar, tartibning buzilishining sababi va sanasi qayd qilinadi.
Mehnatga vaqtincha layoqatsizligi davom etayotgan bemor shifokor tomonidan belgilangan muddatda uning qabuliga kelmasa, mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi o‘tkazib yuborilgan kunlar hisobga olinmagan holda murojaat qilgan kundan uzaytiriladi.
Bemor shifokor qabuliga kelmagan kunlarda uning mehnat qobiliyati tiklangan bo‘lsa, mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi u qabulga kelgan sana bilan yopiladi.
51. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi davolash-profilaktika muassasasi bosh shifokorining ruxsati bilan berilgan hollarda mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgan birinchi kundan “Bosh shifokor imzosi” satri bosh shifokor tomonidan imzolanadi va muhrlanadi. Mehnatga vaqtincha layoqatsizlik davri davom etganda “Davomi berildi” satrida yangi mehnatga layoqatsizlik varaqasining raqami va seriyasi ko‘rsatiladi, yangi mehnatga layoqatsizlik varaqasida esa “Davomi” degan so‘zning tagi chizib qo‘yiladi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasida davolash-profilaktika muassasasining muhri ikki marta: mehnatga layoqatsizlik varaqasi ochilganda yuqori o‘ng burchagiga, yopilganda esa, pastki o‘ng burchagiga qo‘yiladi.
52. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi yo‘qolganda ular taqdim etiladigan tashkilotning so‘roviga asosan bosh shifokor yoki bosh shifokor o‘rinbosari ruxsati bilan uning dublikati beriladi. Dublikatda u berilgan sana, yuqori o‘ng burchagida “dublikat” yozuvi ko‘rsatiladi hamda shifokor, bo‘lim mudiri tomonidan imzolanib, davolash-profilaktika muassasasining muhri bilan tasdiqlanadi.
Dublikatning “Ishdan ozod qilish” satrida mehnatga layoqatsizlikning barcha davri bir satrda to‘ldiriladi.
53. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasining rekvizitlari
bolaning rivojlanish tarixida, bemorning kasallik tarixida hamda mehnatga layoqatsizlik varaqalarini ro‘yxatga olish va vrachlik maslahat komissiyasi xulosalarini qayd qilish kitobida qayd etiladi.
10-bob. Mehnatga layoqatsizlik varaqalari va mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomalari blankalarini tayyorlash, taqsimlash, hisobga olish va saqlash
Oldingi tahrirga qarang.
54. Mehnatga layoqatsizlik varaqalari, mastlik holati bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (094\x shakl), ta’lim olayotgan shaxslar uchun mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (095\x shakl) va bemor bolani parvarishlash uchun mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (138\x shakl) blankalari (bundan buyon matnda blankalar deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining (bundan buyon matnda Sog‘liqni saqlash vazirligi deb yuritiladi) buyurtmasi bo‘yicha tayyorlanadi.
(54-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2020-yil 11-maydagi 117-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2667-2, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/2667-2/0765-son)
Blankalarni tayyorlashga sarflanadigan xarajatlar (shu jumladan, sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari, boshqa vazirlik va idoralar tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari uchun) Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun ajratiladigan budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Blankalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari, vazirlik va idoralar tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan taqdim qilingan davolash-profilaktika muassasalarining ehtiyoji inobatga olingan talabnomasi (kirim-chiqim hamda kasalliklar bo‘yicha ishlatilgan blanka hisoboti) asosida bir yilda ikki marotaba tarqatiladi.
Boshqa vazirlik va idoralar o‘z tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari ehtiyojlari uchun blankalarni markazlashgan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri Sog‘liqni saqlash vazirligidan oladi.
Sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlaridagi davolash-profilaktika muassasalari uchun blankalar Sog‘liqni saqlash vazirligining zaxirasi hisobidan ajratiladi.
Blankalar qimmatbaho pochta jo‘natmalari bilan tarqatiladi. Jo‘natilgan blankalarning yuk xatlari alohida buyurtma xat — topshirganlik to‘g‘risidagi xabarnoma bilan yuboriladi.
55. Blankalarni tayyorlash, taqsimlash, hisobga olish, saqlash va hisobini yuritish ishlarini tashkil qilishga O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari, davolash-profilaktika muassasalari hamda tibbiy xizmatga ega bo‘lgan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsan mas’uldirlar.
56. Davolash-profilaktika muassasalari tomonidan blankalarning kirim va chiqim hisobotlari olib boriladi va blankalarni hisobga olish daftarida qayd qilinadi.
Blankalarni hisobga olish daftari ip o‘tkazilib tikilgan, betlari raqamlangan, oxirgi betida davolash-profilaktika muassasasining nomi, varaqlar soni ko‘rsatilgan va javobgar
shaxs tomonidan imzolanib, muhrlangan bo‘lishi lozim.
57. Davolash-profilaktika muassasalari shifokorlari (feldsherlari) blankalarning ishlatilganligi to‘g‘risidagi hisobotni ularning koreshoklarini javobgar shaxsga topshirish yo‘li bilan amalga oshiradi.
Rasmiylashtirilgan blankalarning rekvizitlari blankalarni hisobga olish daftarida qayd qilinadi.
Bemor tomonidan olinmagan yoki rasmiylashtirishda xatoga yo‘l qo‘yilgan blankalarga “X” shaklida chizilib, katta harflar bilan “yaroqsiz” yoki “buzilgan” deb bekor qilinadi va javobgar shaxsga topshiriladi.
Rasmiylashtirilgan blankalarning koreshoklari, bemor tomonidan olinmagan yoki rasmiylashtirishda xatoga yo‘l qo‘yilgan blankalar davolash-profilaktika muassasalarida 2 yil davomida saqlanadi va davolash-profilaktika muassasasi rahbarining buyrug‘i asosida yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘qotiladi. Yo‘qotilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma 10 yil davomida saqlanadi.
Davolash-profilaktika muassasalari blankalar yo‘qolgan barcha hollar bo‘yicha ularni bevosita yetkazib bergan tashkilotga xabar berishlari lozim.
58. Erkin shakldagi ma’lumotnomalarning berilishi tibbiy hujjatlarga asoslanadi va uning raqami, berilgan sanasi maxsus jurnalda qayd qilinadi.
11-bob. Shifokorlarning javobgarligi va ularning faoliyati ustidan shikoyat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
59. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasini noto‘g‘ri rasmiylashtirgan, asossiz bergan xodimlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
60. Mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertiza qilishda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi uchun javobgarlik davolash-profilaktika muassasalari rahbarlariga yuklatiladi.
61. Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha davolash profilaktika muassasalari tomonidan mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertiza qilishda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
62. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasini berish masalalari bo‘yicha shikoyat qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilot yoki sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
(59, 60, 61 va 62-bandlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
12-bob. Yakuniy qoida
63. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2015-yil 20-mart
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. ABDUHAKIMOV
2015-yil 20-mart
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga
1-ILOVA
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 9-sonli buyrug‘i
(ro‘yxat raqami 2667-3, 15.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 10/21/2667-3/0675-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga
2-ILOVA
(Muassasa shtampi)
| | | |
094\x shakl
|
| | | | | |
|