Infeksiya manbai bo’lib bemor odam hisoblanadi. Bemor prodromal davrning
boshida (toshmalar toshishidan 3-4 kun ilgari) va toshma toshishining birinchi 4
kunlarida yuqumli hisoblanadi. Shunday qilib bemor 7-8 kun davomida yuqumli
bo’ladi. Qo’zg’atuvchini tashuvchilik bu kasallikda bo’lmaydi. Inkubatsion davr 8
kundan 17 kungacha cho’ziladi, ko’pincha esa 9-10 kunni tashkil qiladi.
Qo’zg’atuvchi bemor odam yo’talganda va aksa urganda shilliq tomchilari
orqali havoga ajratiladi va shu tariqa sog’lom odamga yuqishi mumkin. Kasallik
kamdan-kam hollarda chang orqali, shuningdek ifloslangan buyumlar (so’rg’ichlar,
idish-tovoq va hokazo) orqali ham yuqishi mumkin. Kasallikning yuqishi asosan
yopiq joylarda bemorlar bilan uchrashish natijasida sodir bo’ladi (xonada,
xonadonda, bolalar shifoxonasi, palatalar, qabul ambulatoriyalari, vagon yoki
jamoat transportida va h.k.). Bemor bo’lgan xonaning yuqumlilik xavfliligi yarim
soatgacha saqlanib qolishi mumkin. Qizamiq bilan kasallanishning 85 % 7
yoshgacha bo’lgan bolalar ulushiga to’g’ri keladi, bu kasallikka barcha yoshdagilar
moyil, faqat 5-6 oylik chaqaloqlar deyarli qizamiq bilan kasallanmaydilar.
Kasallikdan keyin umrining oxirigacha turg’un immunitet qoladi. Qizamiqning
epidemik jarayoni aholining immunologik tarkibi bilan boshqariladi. O’tkazilgan
tekshiruvlar natijalariga ko’ra (B.I.Niyazmatov, 1995) 40 % moyil aholi
bo’lgandagina epidemiyaning yuzaga kelishiga sharoit yaratilar ekan. Bu
ko’rsatkich 20 %ga tushsagina epidemiya to’xtashi mumkin ekan. Qizamiq bilan
kasallanishning mavsumiyligi yilning qish-bahor oylariga to’g’ri keladi. Eng
yuqori ko’rsatkichlar dekabr-may oylariga to’g’ri kelgan. Iyun-sentyabr oylarida
ham kasallanish kuzatilgan.